661-modda. Guvohning advokati Guvohning advokati belgilangan tartibda guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda unga zarur yuridik yordam ko‘rsatish vakolatiga ega bo‘lgan shaxsdir.
Jinoyat ishida taraflar manfaatini himoya qilayotgan shaxs mazkur ish bo‘yicha guvohning advokati bo‘lishi mumkin emas.
Guvohning advokati ishda ishtirok etishga u advokatlik guvohnomasini ko‘rsatganidan va orderni taqdim etganidan so‘ng, guvoh chaqirilgan paytdan e’tiboran qo‘yiladi.
Guvohning advokati: huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilayotgan shaxsning qaysi jinoyat ishi bo‘yicha chaqirilganligini bilish; guvohning so‘roq qilinishida, shuningdek u ishtiroki bilan o‘tkazilayotgan boshqa tergov harakatlarida ishtirok etish, unga qisqa maslahatlar berish; so‘roq qilayotgan shaxsning ruxsati bilan guvohga savollar berish; guvohni so‘roq qilishda ishtirok etayotgan tarjimonni rad qilish haqida qonunda belgilangan tartibda arz qilish; so‘roq tugaganidan so‘ng guvohning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi, so‘roq bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan arzlarini bayon etish huquqiga ega.
Guvohning advokati: guvohga zarur yuridik yordam ko‘rsatishi; dalillarni yo‘q qilish, soxtalashtirish, guvohlarni ko‘ndirishga urinish va boshqa qonunga xilof harakatlar orqali haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilmasligi; ishni tergov qilishda va sud majlisi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
67-modda. Ekspert Xulosa berish uchun zarur fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs ekspert sifatida chaqirilishi mumkin.
Ekspert chaqirish, ekspertiza tayinlash va o‘tkazish ushbu Kodeksning 172 — 187-moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
68-modda. Ekspertning huquq va majburiyatlari Ekspert: ekspertiza predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur ma’lumotlarni yozib olish yoki ko‘chirma nusxalar olish; ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha materiallar va tekshirish obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish; tergov harakatlari o‘tkazilayotganda surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsati bilan hozir bo‘lish hamda shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga ekspertiza predmetiga oid savollar berish; sud muhokamasida ekspertiza predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va so‘roq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish; ashyoviy dalillar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish; o‘z xulosasida nafaqat o‘zining oldiga qo‘yilgan savollar bo‘yicha, balki ekspertiza predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar bo‘yicha ham fikrlarini bayon etish; uning xulosasi yoki ko‘rsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim bo‘lgan bayonotlar berish; agar u ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, o‘z ona tilida xulosa taqdim etish va ko‘rsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish; agar ishni yuritayotgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudning qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ekspertning huquq va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan shikoyatlar qilish huquqiga egadir.
Ekspert: ushbu Kodeksning 76 va 78-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘zini o‘zi rad etishi haqida darhol arz qilishi; o‘ziga taqdim etilgan tekshirish obyektlarini har tomonlama va to‘liq tekshirishdan o‘tkazishi, o‘z oldiga qo‘yilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona yozma xulosa berishi; surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi; o‘zi o‘tkazgan ekspertiza xususida ko‘rsatuvlar berishi va o‘zi bergan xulosani tushuntirish uchun qo‘shimcha savollarga javob berishi; ekspertizani o‘tkazishi munosabati bilan o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi; taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarining saqlanishini ta’minlashi; ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya qilishi shart.
Ekspert uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan taqdirda qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortilishi mumkin.
Ekspert bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgar bo‘ladi.