83-modda. Reabilitatsiya uchun asoslar Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi quyidagi hollarda aybsiz deb topiladi va reabilitatsiya etilishi lozim:
1) ish qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari yoki sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan bo‘lsa;
2) uning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lmasa;
3) uning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmasa.
84-modda. Ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishini tugatish uchun asoslar Quyidagi hollarda shaxsning jinoyat sodir etilishida aybliligi to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilishi lozim, basharti:
1) shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tgan bo‘lsa;
2) e’lon qilingan amnistiya akti sodir etilgan jinoyat yoki shaxsga daxldor bo‘lsa;
3) ayblanuvchi, sudlanuvchi vafot etgan bo‘lsa;
4) shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘lsa;
5) shaxsga nisbatan aynan shu ayblov bo‘yicha ishni tugatish haqida sudning qonuniy kuchga kirgan ajrimi (qarori) yoki vakolatli mansabdor shaxsning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish yoxud ishni tugatish haqida bekor qilinmagan qarori bo‘lsa;
6) ish faqat jabrlanuvchining shikoyati bilan qo‘zg‘atiladigan hollarda uning shikoyati bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 325-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
7) shaxs ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan paytda jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan bo‘lsa;
8) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida shaxsning o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli yoxud belgilangan muddat ichida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi va (yoki) jinoyat oqibatlari bartaraf etilganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan bo‘lsa.
Ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 3 va 8-bandlarida nazarda tutilgan hollarda, agar ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki vafot etgan ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari talab qilsa, ishni yuritish umumiy tartibda davom ettirilishi mumkin. Bunday hollarda hukm qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa, ayblov hukmi jazo tayinlanmasdan chiqariladi.
Jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining o‘z harakatlari ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan darajada buzilishi yuzaga kelgan shaxs to‘g‘risidagi jinoyat ishi ushbu Kodeksning 61-bobida belgilangan tartibda aybdorlik haqidagi masala hal qilinmasdan tugatiladi.
Jabrlanuvchi Jinoyat kodeksining 661-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi bilan yarashgan taqdirda jinoyat ishi ushbu Kodeksning 62-bobida belgilangan tartibda sud tomonidan ayblilik haqidagi masala hal qilinmasdan tugatilishi mumkin.
Jinoyat ishi quyidagi hollarda shaxsning roziligi bilan uning aybliligi haqidagi masalani hal qilmay turib tugatilishi mumkin, basharti:
1) ishni tergov qilish yoki sudda ko‘rib chiqish paytiga kelib, qilmish ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotgan yoxud vaziyat o‘zgarishi oqibatida bu shaxs ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lmay qolgan deb e’tirof etilsa;
2) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa;
3) sodir etilgan qilmishning xususiyatini, birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat sodir etganning shaxsini hisobga olib, materiallarni bolalar masalalari bo‘yicha komissiyaga qarab chiqish uchun berish maqsadga muvofiq bo‘lsa.