74-modda. Xolislarning huquq va majburiyatlari Xolis: tergov harakatida ishtirok etish; tergov harakati bo‘yicha bayonnomaga kiritilishi lozim bo‘lgan arz va mulohazalar berish; o‘zi ishtirok etgan tergov harakatining bayonnomasi bilan tanishish; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqiga egadir.
Xolis: surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning chaqiruviga binoan hozir bo‘lishi; tergov harakatini yuritishda ishtirok etishi; tergov harakati o‘tkazilgani, uni o‘tkazish jarayoni va natijalarini tergov harakati bayonnomasida imzo chekib tasdiqlashi; surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning ruxsatisiz surishtiruv va dastlabki tergov materiallarini oshkor qilmasligi shart.
Xolis uzrsiz sababga ko‘ra o‘z vazifasini bajarishdan bosh tortganlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.
Xolis o‘zi ishtirok etgan tergov harakatini yuritish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha guvoh tariqasida so‘roq qilinishi mumkin. U bunday hollarda ushbu Kodeksning 66-moddasida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadi va majburiyatlarni bajaradi.
75-modda. Jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, ekspertlarga, mutaxassislarga, tarjimonlarga va xolislarga ularning sarf-xarajatlarini to‘lash Jabrlanuvchi yoki uning vakili, guvoh, ekspert, mutaxassis, tarjimon yoki xolis sifatida chaqirilgan shaxsning ish joyidagi o‘rtacha oylik maoshi uning surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud huzuriga chaqirilishi munosabati bilan ketgan hamma vaqt uchun saqlanadi. Ishlamaydigan shaxslarga ular kundalik mashg‘ulotlari bilan shug‘ullana olmaganliklari uchun haq to‘lanadi. Bundan tashqari ko‘rsatilgan hamma shaxslar chaqirilish munosabati bilan qilgan sarf-xarajatlarini undirish huquqiga egadirlar.
Ekspert, mutaxassis va tarjimon o‘z majburiyatlarini bajarganliklari uchun haq olish huquqiga ega. Ushbu majburiyatlar xizmat topshirig‘i tarzida bajarilgan hollar bundan mustasno.
Sarf-xarajatlar qonunda belgilangan tartibda va miqdorda to‘lanadi.