128-modda. Ko‘char narsalarni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi Tergov olib borilayotgan joyga, sudga yoki boshqa joyga olib borilishi mumkin bo‘lgan narsalar, narsalarning bo‘lagi va hayvonlar ushbu ishga aloqasi bo‘lmagan boshqa turdosh narsalar orasida tanib olish uchun ko‘rsatiladi.
Tanib oluvchi so‘roq qilinganda tasvirlaganidan tashqi belgilari, alomatlari, xususiyatlari bo‘yicha jiddiy farq qilmaydigan narsalar turdosh deb hisoblanadi. Tanib olish uchun ko‘rsatilayotgan narsalarni joylashtirish tartibi surishtiruvchi, tergovchi tomonidan xolislar huzurida belgilanadi.
Turdosh obyektlar orasidan tanib olish to‘g‘risidagi qoida murdani tanib olishda qo‘llanilmaydi.
129-modda. Ko‘chmas obyektni tanib olish uchun ko‘rsatish tartibi Jabrlanuvchi, guvoh, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi joy, bino, binodagi alohida xona yoki boshqa ko‘chmas obyekt nomini aytib va tasvirlab bersa-da, biroq uning joylashgan o‘rnini aniq aytib bera olmasa, biror aniq joydan obyektga borish yo‘lini ko‘rsatishga istak bildirsa, unga shu obyektni ko‘rsatishiga imkon beriladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi va xolislar yoxud sud tarkibi va taraflar tanib oluvchi bilan birgalikda u aytgan joyga keladilar. Tanib olish uchun ko‘rsatish ishtirokchilari shu joydan boshlab tanib oluvchining ko‘rsatuvi bo‘yicha yura boshlaydilar. Bunda tanib oluvchiga tanib olish uchun ko‘rsatishning boshqa ishtirokchilari yoki yot shaxslar tarafidan yo‘nalish aytib qo‘yilishining oldini olish choralari ko‘rilishi lozim.
130-modda. Tanib olish uchun ko‘rsatish chog‘ida tanib oluvchining ko‘rsatuvi Tanib olish uchun bir guruh shaxslar yoki bir nechta narsani ko‘rsatilganidan keyin tanib oluvchiga u ilgari tasvirlagan shaxs yoki narsani ko‘rsatish taklif etiladi.
Tanib oluvchi ko‘rsatilgan shaxslardan yoki narsalardan birini ko‘rsatsa, unga ko‘rsatilgan boshqa shaxslar yoki narsalar orasidan bu shaxsni yoki narsani qaysi belgilari yoki xususiyatlariga ko‘ra taniganligini tushuntirib berish taklif qilinadi.
Tanib oluvchi tanib olish uchun unga ko‘rsatilgan shaxslar yoki narsalarni ilgari ko‘rmaganligini aytsa, unga qidirilayotgan shaxs yoki qidirilayotgan narsa ulardan nimasi bilan farq qilishini tushuntirib berish taklif qilinadi.