1482-modda. Sud ajrimi Sudya murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqib, murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risida yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilishni rad etish to‘g‘risidagi ajrimi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi ajrimi o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Sudyaning ajrimi prokurorga ijro uchun, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, himoyachiga esa ma’lumot uchun yuboriladi.
Sudyaning murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etish haqidagi ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Apellatsiya shikoyati, protesti ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud yigirma to‘rt soat ichida ularni materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.
Apellatsiya shikoyati yoki protesti berilishi sudning murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib turadi.
Apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini, protestini ko‘rib chiqib, o‘z ajrimi bilan:
sudyaning ajrimini o‘zgarishsiz, shikoyatni yoki protestni esa qanoatlantirmay qoldirishga;
sudyaning ajrimini bekor qilishga va murdani eksgumatsiya qilishga ruxsat berishga yoki murdani eksgumatsiya qilishni rad etishga haqli.
Murdani eksgumatsiya qilish rad etilgan taqdirda, aynan o‘sha murdaga nisbatan mazkur masala bo‘yicha takroran sudga murojaat qilishga murdani eksgumatsiya qilishni taqozo etadigan yangi holatlar yuzaga kelganda yo‘l qo‘yiladi.
149-modda. Murdani eksgumatsiya qilish tartibi Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud murdani eksgumatsiya qilishni sog‘liqni saqlash organlari bilan kelishgan holda va murda ko‘milgan joy vakilining ishtirokida amalga oshiradi. Eksgumatsiya surishtiruv yoki dastlabki tergov vaqtida amalga oshirilayotgan bo‘lsa, xolislarning ishtirok etishi shart. Sud eksgumatsiyani taraflar ishtirokida amalga oshiradi.
Murdani eksgumatsiya qilishda sud tibbiyoti sohasidagi mutaxassis shifokor, zarur bo‘lsa, boshqa mutaxassislar ham qatnashadilar. Agar ekspertiza tayinlangan bo‘lsa, eksgumatsiya o‘tkazishda sud tibbiyoti ekspertining ishtirok etishi shart.
Zarur hollarda, eksgumatsiyani o‘tkazishga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, shuningdek murdani tanib olishi mumkin bo‘lgan shaxslar jalb qilinishi mumkin.