156-modda. Eksperiment bayonnomasi Eksperiment o‘tkazilganligi haqida ushbu Kodeksning 90 — 92-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq surishtiruvchi, tergovchi bayonnoma tuzadi, sud esa eksperimentning borishi va natijalarini sud majlisi bayonnomasida aks ettiradi. Bundan tashqari, bayonnomada: eksperiment qanday maqsadda, qachon, qayerda va qanday sharoitda o‘tkazilganligi; hodisaning sharoitini va holatini tiklash aynan nimalarda o‘z aksini topganligi; qanday tajriba harakatlari qay tartibda, kim tomonidan va necha marta o‘tkazilganligi; qanday natijalar olinganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
20-bob. OLIB QO‘YISh VA TINTUV 157-modda. Olib qo‘yish uchun asoslar Jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik narsa va hujjatlarning aynan kimda va qayerda ekanligi ma’lum bo‘lib, ularni qidirishning hojati bo‘lmasa, surishtiruvchi, tergovchi va sud ularni olib qo‘yishga haqlidir.
158-modda. Tintuv o‘tkazish uchun asoslar Surishtiruvchi va tergovchi biror turar joy, xizmat, ishlab chiqarish binosida yoki o‘zga joyda yoxud biror shaxsda ish uchun ahamiyatli bo‘lgan narsa yoki hujjatlar bor deb o‘ylash uchun yetarli ma’lumotga ega bo‘lgan taqdirda tintuv o‘tkazishga haqlidir.
Tintuv qidirilayotgan shaxsni, shuningdek murdani topish uchun ham o‘tkazilishi mumkin.
159-modda. Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish to‘g‘risida qaror yoki ajrim Olib qo‘yish yoki tintuv surishtiruvchi yoki tergovchining qarori yoxud sudning ajrimiga ko‘ra o‘tkaziladi, bunda ular olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazishni surishtiruv organiga yoki tergovchiga topshirishga haqlidirlar.
Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda bu harakatlar qayerda va kimnikida o‘tkazilishi zarurligi, qaysi narsa yoki hujjatlarning qidirib topilishi va olib qo‘yilishi lozimligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
160-modda. Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish vaqtida hozir bo‘ladigan shaxslar Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazishda xolislar, zarurat bo‘lgan taqdirda mutaxassis va tarjimon ham ishtirok etadilar.
Olib qo‘yish yoki tintuv o‘tkazish jarayonida bu harakatlar uyida o‘tkazilayotgan shaxsning o‘zi yoki hech bo‘lmaganda uning voyaga yetgan oila a’zolaridan birining ishtirok etishi ta’minlanishi lozim. Basharti ularning ishtirok etishini ta’minlashga imkon bo‘lmasa, tegishli hokimlik yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining vakili taklif qilinadi.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, harbiy qismlar joylashgan binolarda olib qo‘yish yoki tintuv ularning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
Tintuv qilinayotganlarga, xolislarga, mutaxassislarga, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, harbiy qismlarning vakillariga tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazilishidan avval ularning surishtiruvchi yoki tergovchining barcha harakatlari chog‘ida hozir bo‘lish hamda ana shu harakatlar xususida arz qilish huquqlari tushuntirilishi kerak. Bunday arz bayonnomaga kiritilishi shart.