241-modda. Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat berish va protest bildirish Ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror ustidan tergovni nazorat qilayotgan, uni bekor qilishga yoki o‘zgartirishga haqli bo‘lgan prokurorga shikoyat berilishi mumkin. Prokuror shikoyatni olgan paytdan e’tiboran uch sutka ichida uni ko‘rib chiqishi hamda shikoyat bergan shaxsni o‘z qaroridan xabardor etishi shart.
Surishtiruv yoki dastlabki tergov bosqichida qamoqqa olish, uy qamog‘i, garov tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash haqidagi yoki qamoqda saqlash, uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi yoxud uy qamog‘i bo‘yicha qo‘shimcha taqiq (cheklov) belgilash haqidagi masala yuzasidan sudning ajrimi ustidan mazkur ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida apellatsiya tartibida shikoyat berilishi, protest bildirilishi mumkin. Shikoyat, protest ajrim chiqargan sud orqali beriladi, ushbu sud ularni yigirma to‘rt soat ichida materiallar bilan birga apellatsiya instansiyasi sudiga yuborishi shart. Apellatsiya instansiyasi sudi mazkur materiallarni ular shikoyat yoki protest bilan birga kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqishi kerak.
Shikoyat yoki protest berilishi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi masala bo‘yicha qaror ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.
Sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxs mazkur ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ajrim ustidan u tegishli vakolatli organga keltirilgan paytdan e’tiboran yetmish ikki soat ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
242-modda. Qamoqqa olish Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish Jinoyat kodeksida uch yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir hamda ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun Jinoyat kodeksida besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha qo‘llaniladi.
Alohida hollarda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga doir, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, buning uchun besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha quyidagi holatlardan biri mavjud bo‘lgan taqdirda:
ayblanuvchi, sudlanuvchi tergov va suddan yashiringanida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchining shaxsi aniqlanmaganida;
ilgari qo‘llanilgan ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi tomonidan buzilganida;
ushlab turilgan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi, sudlanuvchi O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmaganida;
jinoyat ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tash davrida sodir etilganida, qo‘llanilishi mumkin.