234-modda. Shikoyatni koʻrmasdan qoldirish (1-q.)
Yuqori turuvchi soliq organi, agar quyidagilarni aniqlagan boʻlsa, shikoyatni toʻliq
yoki qisman koʻrmasdan qoldiradi:
shikoyat shikoyatni bergan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanmagan boʻlsa yoxud
vakilning shikoyatni imzolash uchun vakolatlarini tasdiqlovchi belgilangan tartibda
rasmiylashtirilgan hujjatlar taqdim etilmagan boʻlsa;
shikoyat ushbu Kodeksda belgilangan shikoyat berish muddati tugaganidan keyin berilgan
va uni tiklash toʻgʻrisidagi iltimosnomani oʻz ichiga olmagan boʻlsa yoki shikoyat berish uchun
oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilgan boʻlsa;
shikoyat boʻyicha qaror qabul qilinishiga qadar shikoyatni bergan shaxs nomidan shikoyatni
toʻliq yoki qisman chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza kelib tushgan boʻlsa;
ilgari aynan oʻsha asoslar boʻyicha shikoyat berilgan boʻlsa;
shikoyat soliq organining ushbu Kodeksga muvofiq belgilangan tartibda ilgari shikoyat
qilingan qarori ustidan berilgan boʻlsa;
shikoyat ushbu Kodeksning 232-moddasida belgilangan tartib buzilgan holda berilgan
boʻlsa;
shikoyat ushbu Kodeksning 233-moddasi talablariga muvofiq rasmiylashtirilmagan boʻlsa;
shikoyat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida yoki soliq toʻlovchi sudga shikoyat masalasi
boʻyicha murojaat qilganda berilgan boʻlsa.
(2-q.)
Shikoyatni koʻrib chiqayotgan soliq organi shikoyat olingan yoxud shikoyatni toʻliq
yoki qisman chaqirib olish toʻgʻrisidagi ariza olingan kundan eʼtiboran besh kun ichida shikoyatni
toʻliq yoki qisman koʻrmasdan qoldirish haqida qaror qabul qiladi.
(3-q.)
Qabul qilingan qaror toʻgʻrisida shikoyatni bergan shaxsga qaror qabul qilingan
kundan eʼtiboran uch kun ichida yozma shaklda xabar beriladi.
(4-q.)
Shikoyatni koʻrmasdan qoldirish shaxsning shikoyat berish uchun ushbu Kodeksda
belgilangan muddatlarda shikoyat bilan takroran murojaat qilishiga monelik qilmaydi, bundan
ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar
boʻyicha shikoyatni koʻrmasdan qoldirish hollari mustasno.