320-modda. Kursdagi farqlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari (OʻzR 29.12.2021-y. OʻRQ-741-son Qonuni tahriridagi modda matni)
(Oldingi tahririga qarang)
(1-q.)
Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkni (bundan chet el valyutasida ifodalangan
qimmatli qogʻozlar mustasno) va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish tarzidagi mol-
mulkni qoʻshimcha baholashda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan majburiyatlarning
qiymatini pasaytirishda yuzaga keladigan kursdagi farq ushbu bob maqsadlarida kursdagi ijobiy
farq deb eʼtirof etiladi.
(2-q.)
Valyuta qimmatliklari tarzidagi mol-mulkning (bundan chet el valyutasida
ifodalangan qimmatli qogʻozlar mustasno) va qiymati chet valyutasida ifodalangan talab qilish
tarzidagi mol-mulkning qiymatini pasaytirishda yoki qiymati chet el valyutasida ifodalangan
majburiyatlarni qoʻshimcha baholashda yuzaga keladigan kursdagi farq ushbu bob maqsadlarida
kursdagi salbiy farq deb eʼtirof etiladi.
(3-q.)
Koʻrsatilgan qiymatni qoʻshimcha baholash yoki pasaytirish chet el valyutasi rasmiy
kursining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan Oʻzbekiston
Respublikasi milliy valyutasiga nisbatan oʻzgarishi yoxud chet el valyutasi (shartli pul birliklari)
kursining qonunchilikda yoki taraflarning bitimida belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi milliy
valyutasiga nisbatan oʻzgarishi munosabati bilan amalga oshirilgan taqdirda, agar ushbu chet el
valyutasida (shartli pul birliklarida) ifodalangan Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida
toʻlanishi lozim boʻlgan talablarning (majburiyatlarning) qiymati tegishincha taraflarning
qonunchiligida yoki bitimida belgilangan kurs boʻyicha aniqlansa, ushbu modda qoidalari
qoʻllaniladi.
(4-q.)
Kursdagi ijobiy farq jami daromad tarkibiga, kursdagi salbiy farq - xarajatlar tarkibiga
kiritiladi.
(5-q.)
Berilgan (olingan) boʻnaklarni qayta baholashdan yuzaga keladigan kursdagi ijobiy
(salbiy) farq soliq solish maqsadlarida hisobga olinmaydi.