472-modda. Toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxslar tomonidan soliq imtiyozlarini qoʻllash tartibi (1-q.)
Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari quyidagi shartlar
bajarilgan taqdirda qoʻllaniladi:
1) yuridik shaxslar qonunchilikda belgilanadigan hududlarga joylashtirilganda;
(OʻzR
21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi band)
2) chet ellik investorlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari
Oʻzbekiston Respublikasining kafolati berilmagan holda amalga oshirilganda;
3) yuridik shaxslarning ustav fondida (ustav kapitalida) chet ellik ishtirokchilarning ulushi
kamida 33 foiz, aksiyadorlik jamiyatlari uchun esa kamida 15 foiz boʻlganda;
4) chet el investitsiyalari erkin ayirboshlanadigan valyuta yoki yangi zamonaviy texnologik
asbob-uskuna tarzida kiritilganda;
5) ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari berilganligi
natijasida ularning qoʻllanilishi muddati mobaynida olingan daromadlarning kamida 50 foizi
ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish maqsadida reinvestitsiyaga yoʻnaltirilganda.
(2-q.)
Ushbu Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan
toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs imtiyozlar berilgan
muddat oʻtganidan keyin bir yil oʻtmasidan oldin faoliyatini tugatgan taqdirda, chet ellik
investorning foydasini oʻz mamlakatiga oʻtkazish va kapitalini xorijga olib chiqib ketish faqat
berilgan soliq imtiyozlari summalarining oʻrni budjetga qoplanganidan keyin amalga oshiriladi.
(3-q.)
Ushbu bobda nazarda tutilgan shartlarga nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda, ushbu
Kodeksning 471-moddasida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini olgan toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy
chet el investitsiyalari ishtirokidagi yuridik shaxs belgilangan talablarga muvofiq boʻlmagan davr
uchun soliqlar ushbu Kodeksning VIII boʻlimida nazarda tutilgan penyalar qoʻllanilgan holda,
umumbelgilangan tartibda toʻlanadi.