194-modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati (1-q.)
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida nazorat qilinadigan bitimlar
tuzilganligi munosabati bilan soliqlarning toʻliq hisoblab chiqarilishi va toʻlanishini tekshirish
(bundan buyon ushbu bobda tekshiruv deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq
qoʻmitasi tomonidan uning joylashgan yeri boʻyicha oʻtkaziladi.
(2-q.)
Tekshiruv ushbu Kodeksning 182-moddasiga muvofiq yuborilgan nazorat qilinadigan
bitimlar haqidagi bildirishnoma yoki hududiy soliq organining xabarnomasi asosida, shuningdek
soliq tekshiruvini oʻtkazish natijasida nazorat qilinadigan bitim aniqlangan taqdirda oʻtkaziladi.
(3-q.)
Tekshiruvlarni oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu
Kodeksning 150-152-moddalarida belgilangan soliq nazorati tadbirlarini oʻtkazishga haqli.
(4-q.)
Nazorat qilinadigan bitimlar narxlarining bozor narxlariga muvofiqligini nazorat
qilish Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi yoki hududiy soliq
organlari tomonidan oʻtkaziladigan soliq nazoratining predmeti boʻlishi mumkin emas.
(5-q.)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, agar ushbu moddada boshqacha
qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, nazorat qilinadigan bitta bitimga (bir xil bitimlar guruhiga)
nisbatan aynan bir kalendar yil uchun ikki va undan ortiq tekshiruv oʻtkazishga haqli emas.
(6-q.)
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan nazorat qilinadigan bitta
bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan takroriy tekshiruv oʻtkazishga quyidagi hollarda yoʻl
qoʻyiladi:
1) soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq summasi ilgari soliq
hisobotida bayon etilganidan koʻra kamroq miqdorda (zarar summasi - kattaroq miqdorda) aks
ettirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etganda;
2) soliq toʻlovchi tomonidan nazorat qilinadigan bitim haqida ilgari taqdim etilgan axborotda
nomutanosiblik aniqlanganda.
(7-q.)
Tekshiruv doirasida tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi
besh kalendar yildan oshmaydigan davrda tuzilgan nazorat qilinadigan bitimlar tekshirilishi
mumkin.
(8-q.)
Soliq toʻlovchi tomonidan tuzilgan bitimga nisbatan tekshiruv oʻtkazish ushbu soliq
toʻlovchining soliq tekshiruvlarini hamda mazkur bitim tuzilgan soliq davri uchun soliq
monitoringini oʻtkazishga toʻsqinlik qilmaydi.
(9-q.)
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati tadbirlarini amalga oshirish chogʻida
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan olingan materiallar va
maʼlumotlardan tekshirilayotgan nazorat qilinadigan bitim ishtirokchilari boʻlgan boshqa
shaxslarni tekshirishda foydalanilishi mumkin.