379-modda. Jismoniy shaxslarni soliq solishdan ozod etish
Quyidagilarning daromadlariga soliq solinmaydi:
1) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalarining boshliqlari va xodimlari, konsullik
muassasalarining mansabdor shaxslari, ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar
ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmasa - Oʻzbekiston Respublikasidagi
manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan bogʻliq boʻlmagan
daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;
2) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining maʼmuriy-texnik
xodimlari hamda ularning oʻzlari bilan birga yashaydigan oila aʼzolari, agar ular Oʻzbekiston
Respublikasi fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa, -
Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan, diplomatlik va konsullik xizmati bilan
bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan tashqari barcha daromadlari boʻyicha;
3) chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalariga, konsullik muassasalariga xizmat
koʻrsatadigan xodimlar tarkibiga kirgan shaxslar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi
boʻlmasa yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamasa - oʻz xizmati yuzasidan oladigan
barcha daromadlari boʻyicha;
4) chet davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlarining
uylarida ishlovchilar, agar ular Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmasa yoki Oʻzbekiston
Respublikasida doimiy yashamasa - oʻz xizmati yuzasidan oladigan barcha daromadlari boʻyicha;
5) xalqaro nohukumat tashkilotlarining mansabdor shaxslari - agar ular Oʻzbekiston
Respublikasining fuqarosi boʻlmasa, ularning ushbu tashkilotlarda olgan daromadlari boʻyicha.
380-modda. Ayrim toifadagi soliq toʻlovchilarning
jami daromadini kamaytirish
(1-q.)
Quyidagi soliq toʻlovchilar soliq solishdan qisman (daromadlar qaysi oyda olingan
boʻlsa, oʻsha oyda har bir oy uchun mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravari
miqdoridagi daromadlar, ushbu qismning 3-bandida koʻrsatilgan shaxslar uchun esa mehnatga haq
toʻlashning eng kam miqdorining 3 baravari miqdoridagi daromadlar boʻyicha) ozod etiladi:
(OʻzR
05.05.2022-y. OʻRQ-767-son Qonuni tahriridagi xatboshi) (Oldingi tahririga qarang)
1) "Oʻzbekiston Qahramoni", Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga
sazovor boʻlgan shaxslar, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan shaxslar. Bu imtiyoz
tegishincha "Oʻzbekiston Qahramoni" unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi
Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha
boʻlimning maʼlumotnomasi asosida beriladi;
2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan,
ularga tenglashtirilgan shaxslar. Mazkur imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli
guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning
maʼlumotnomasi asosida, nogironligi boʻlgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi
boʻlgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi
asosida beriladi;
(OʻzR 17.05.2022-y. OʻRQ-770-son Qonuni tahriridagi band) (Oldingi tahririga
qarang)
3) bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar, shuningdek I va II guruh nogironligi boʻlgan
shaxslar. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining
maʼlumotnomasi asosida beriladi;
(OʻzR 17.05.2022-y. OʻRQ-770-son Qonuni tahriridagi band)
4) sobiq SSSRni, Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish
yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy
gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yaralanganligi, kontuziya
yoki mayib boʻlganligi oqibatida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli halok boʻlgan
harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
xodimlarining ota-onalari va beva xotinlari (beva erlari). Bu imtiyoz "Halok boʻlgan askarning
beva xotini (beva eri, onasi, otasi)" yoki "Ichki ishlar organlari halok boʻlgan xodimining beva
xotini (beva eri, onasi, otasi)", "Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi halok boʻlgan
xodimining beva xotini (beva eri, onasi, otasi)" shtampi qoʻyilgan yoxud pensiya guvohnomasini
bergan muassasa rahbarining imzosi va ushbu muassasa muhri bilan tasdiqlangan tegishli yozuvli
pensiya guvohnomasi asosida beriladi. Agar mazkur shaxslar pensioner boʻlmasa, imtiyoz ularga
sobiq SSSR Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qoʻmitasi yoki Ichki ishlar vazirligining,
shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar
vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining tegishli
organlari va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralar tomonidan berilgan harbiy
xizmatchining yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi
xodimining halok boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma asosida beriladi. Sobiq SSSRni,
Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning
yoki ichki ishlar organlaridagi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning
boshqa majburiyatlarini bajarish chogʻida yoxud frontda boʻlish bilan bogʻliq kasallik tufayli
halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning yoki ichki ishlar organlari va Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy gvardiyasi xodimlarining beva xotinlariga (beva erlariga) imtiyoz faqat ular yangi nikohdan
oʻtmagan taqdirda beriladi;
(OʻzR 29.10.2021-y. OʻRQ-726-son Qonuni tahriridagi band)
(Oldingi tahririga qarang)
5) ikki va undan ortiq oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari bor yolgʻiz onalar. Bu imtiyoz har
bir bola uchun fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan taqdim etiladigan
maʼlumotnoma asosida beriladi;
6) ikki va undan ortiq oʻn olti yoshga toʻlmagan bolalari bor hamda boquvchisini
yoʻqotganlik uchun pensiya olmaydigan beva ayol va beva erkaklar. Bu imtiyoz erning (xotinning)
vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, bolalar tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar, yangi
nikohdan oʻtmaganlik hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan
tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining boquvchisini yoʻqotganlik uchun
pensiya olinmasligi haqidagi maʼlumotnomasi taqdim etilgan taqdirda beriladi;
7) bolaligidan nogironligi boʻlgan shaxs, doimiy parvarishni talab etadigan farzandi bilan
birga yashab, uni tarbiyalayotgan ota yoki ona. Bu imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki sogʻliqni
saqlash muassasasining doimiy parvarish zarurligini tasdiqlovchi tibbiy maʼlumotnomasi asosida
beriladi.
(2-q.)
Ushbu moddada nazarda tutilgan soliq imtiyozlari tegishli hujjatlar taqdim etilgan
taqdirda qoʻllaniladi.
(3-q.)
Soliq imtiyoziga boʻlgan huquq kalendar yil davomida vujudga kelgan taqdirda, soliq
imtiyozi unga boʻlgan huquqlar vujudga kelgan paytdan eʼtiboran qoʻllaniladi.
(4-q.)
Agar soliq toʻlovchi ushbu moddada nazarda tutilgan bir nechta asos boʻyicha soliq
imtiyoziga doir huquqqa ega boʻlsa, unga xohishiga qarab faqat bitta soliq imtiyozi beriladi.
(5-q.)
Soliq imtiyozini qoʻllash soliq toʻlovchining asosiy ish (xizmat, oʻqish) joyi boʻyicha,
asosiy ish joyi mavjud boʻlmagan taqdirda esa - yashash joyidagi soliq organlari tomonidan jami
yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliqni hisoblab chiqarish chogʻida amalga
oshiriladi. Soliq imtiyoziga boʻlgan huquq yoʻqotilgan taqdirda, soliq toʻlovchi imtiyozga boʻlgan
huquqni yoʻqotgan paytidan eʼtiboran oʻn besh kun ichida bu haqda undan soliqni ushlab
qoladigan yuridik shaxsga maʼlum qilishi kerak.
(6-q.)
Ushbu moddaning birinchi qismida sanab oʻtilgan soliq imtiyozlari soliq toʻlovchining
foizlar va dividendlar tarzida olingan daromadlariga, shuningdek mol-mulkni ijaraga
topshirishdan olingan daromadlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Agar foizlar va dividendlar asosiy
ish joyi boʻyicha hisoblansa, soliq imtiyozini qoʻllash asosiy ish joyi boʻyicha amalga oshiriladi.
Agar foizlar va dividendlar asosiy boʻlmagan ish joyi boʻyicha hisoblansa, soliq imtiyozi jami
yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad
soligʻini hisoblab chiqarish chogʻida soliq toʻlovchining yashash joyidagi soliq organlari
tomonidan qoʻllaniladi. Shunga oʻxshash tartib mol-mulkni ijaraga berishdan olingan
daromadlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Dostları ilə paylaş: |