«O’zbekiston tarixi» kafedrasi o’zbekistonning eng yangi tarixi fanidan ma’ruza matni


Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə16/83
tarix28.09.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#150372
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   83
Ma\'ruza matin

2. Taraqqiyotning “O‘zbek modeli” va uning o‘ziga xos xususiyatlari.
Islom Karimov bozor munosabatlariga butunlay boshqacha munosabatni shakllantirish lozim, degan qat’iy fikrini ilgari surdi. Boisi, taklif qilinayotgan uslublar butun hayot tarzini, xalqning ruhiyatini butunlay o‘zgartirishni talab etardi. Zotan, bizning asosiy vazifamiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga hech qanday yo‘qotishlarsiz o‘tishdan iborat edi. SHu nuqtai nazardan, O‘zbekiston faqat o‘zigagina xos bo‘lgan yo‘lni tanladi. Bu yo‘l ilg‘or mamlakatlar tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, iqtisodiy islohotlarning milliy modelini yaratishni ko‘zda tutardi. O‘sha davrda “o‘zbek modeli” samarali o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun kuchli turtki bo‘ldi hamda misli ko‘rilmagan chinakam najot va -yuksak ishonch baxsh etdi.
“O‘zbek modeli”ga hamohang ravishda istiqbolli vazifalar belgilab olindi. Islom Karimov “Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz” asarida qayd etganidek, respublikada iqtisodiy islohotlar va yangilanishlar dasturini amalga oshirishning dastlabki kunlaridan boshlaboq, asosiy e’tibor iqtisodiyot tuzilmasini muayyan ravishda yaxshilash, uning bir tomonlama, xom ashyo bazasi sifatidagi yo‘nalishidan voz kechishga qaratildi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dunyodagi hamma mamlakatlar uchun maqbul bo‘lgan bir xil taraqqiyot yo‘li, bir xil andaza bo‘lishi mumkin emas. Mustaqillikka erishgan har bir mamlakat o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini izlaydi, yangi jamiyat barpo etishda o‘z andazasini ishlab chiqishga intiladi.
Islom Karimov o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari to‘qqizinchi sessiyasida (1992 yil 4 yanvarda) so‘zlagan dasturiy nutqida hamda 1992 yil avgust oyida nashr etilgan „O‘zbekistonning o‘z istiqlol va taraqqiyot yo‘li“ asarida O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘lini har tomonlama puxta asoslab berdi.
O‘z yo‘limiz qanday shart-sharoit va zaminlarga tayanadi?
O‘zbekiston yo‘li, birinchidan, bozor iqtisodiyoti asosida taraqqiy topgan davlatlarning tajribasiga tayangan holda ishlab chiqildi. Bu biron-bir taraqqiyot yo‘lini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olishni emas, balki boshqa davlatlar taraqqiyoti jarayonida to‘plangan va bizning mamlakatimiz sharoitiga tatbiq qilsa bo‘ladigan barcha ijobiy va maqbul tajribalardan foydalanish, degan ma’noni bildiradi.
Ikkinchidan, soxta inqilobiy sakrashlarsiz, ijtimoiy larzalarsiz, evolutsion yo‘l bilan madaniyatli taraqqiyotga o‘tish–tanlab olingan yo‘lning asosiy mazmuni va mohiyatidir.
Uchinchidan, O‘zbekiston yo‘li o‘zbek xalqining milliy xususiyatlari, davlatchilik tajribasi, ma’naviy qadriyatlari, SHarq madaniyatiga mansublik, ijtimoiy hamkorlik, vatanparvarlik, millatlararo totuvlik kabi fazilatlarga mos ravishda belgilandi.
To‘rtinchidan, o‘z yo‘limizni belgilashda Islom dini, uning jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni, musulmon davlatlari bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyati hisobga olindi.
Beshinchidan, yangi yo‘lni tanlashda O‘zbekistonning geostrategik mavqeyi, mustaqillikka erishgan paytdagi iqtisodiy imkoniyatlari, shart-sharoitlari, tabiiy resurslari asos qilib olindi.
Oltinchidan, respublikadagi o‘ziga xos demografik vaziyat, aholi va mehnat resurslarining tez o‘sib borishi ham inobatga olindi.
Ettinchidan, odamlarning ijtimoiy ongi, dunyoqarashi ham e’tiborga olindi. Negaki, sovetlar zamonida kishilarda shakllangan yaxshi ishlasa ham, yomon ishlasa ham davlat boqadi, degan boqimandalik, tayyorga ayyorlik, mulkka nisbatan bepisandlik ruhiyatini tezlik bilan o‘zgartirib bo‘lmas edi, buni hisobga olish zarur edi, albatta.
Milliy istiqlolning dastlabki kunidanoq chinakam Mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, har qanday „izm“ lardan xoli xalqchil, adolatli jamiyat qurish bosh maqsad qilib qo‘yildi. Davlatimiz ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlari ana shu bosh maqsaddan kelib chiqqan holda belgilandi.
Kelajagi buyuk O‘zbekiston davlatining siyosati inson va jamiyatning erkinligini, fuqarolarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilgan.
Siyosiy sohada bu quyidagilarni bildiradi:
xalq manfaatlariga mos keladigan haqiqiy demokratiya tamoyillarini qaror toptirishni, xalq ham bevosita, ham o‘z vakillari orqali davlat hokimiyatini amalga oshirishda to‘liq imkoniyatga ega bo‘lishini;
qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati vakolatlarini ajratish asosida milliy davlatchilikni barpo etishni, jamiyatning siyosiy tizimini, davlat idoralarining tuzilmasini tubdan yangilashni, respublika hokimiyati bilan mahalliy hokimiyatning vakolatlarini aniq belgilab qo‘yish va adolatli qonunchilikni vujudga keltirishni;
barcha fuqarolarning qonun oldidagi huquqiy tengligini va qonunning ustuvorligini, jamiyat manfaatlari va aholi xavfsizligini kafolatlaydigan huquqiy davlatni barpo etishni;
O‘zbekistonda tug‘ilgan, uning zaminida yashayotgan va mehnat qilayotgan har bir kishi, milliy mansubligidan va e’tiqodidan qat’i nazar respublikaning teng huquqli fuqarosi bo‘lishga munosibdir, degan insonparvarlik qoidasini ro‘yobga chiqarishni;
ozchilikdan iborat millatlarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, ularning madaniyati, tili, milliy urf-odatlari va an’analari saqlanishi hamda rivojlanishini kafolatli ta’minlashni;
bir mafkuraning, bir dunyoqarashning yakka hokimligidan voz kechish, siyosiy tashkilotlar, mafkuralar va fikrlar xilma-xilligini tan olishni;
chinakam demokratiyaning zarur va qonuniy tarkibi sifatida ko‘ppartiyaviylikni amalda shakllantirishni bildiradi.
Iqtisodiy sohada:
milliy boylikning ko‘payishini, odamlarning turmush va ish sharoitlarini munosib ta’minlaydigan qudratli, barqaror va jo‘shqin rivojlanib boruvchi iqtisodiyotni barpo etishni;
ijtimoiy jihatdan yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini bosqichma-bosqich shakllantirishni, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikni rivojlantirishni;
mulk egalari huquqlarining davlat yo‘li bilan himoya qilinishini ta’minlash va barcha mulkchilik shakllarining huquqiy tengligini qaror toptirishni;
iqtisodiyotni o‘ta markazlashtirmaslik hamda yakka hokimlikka barham berish, korxonalar va tashkilotlarning mustaqilligini kengaytirish, davlatning xo‘jalik faoliyatiga bevosita aralashuvidan voz kechishni;
mehnat qilish, dam olish, ta’tilga chiqish, ishsiz bo‘lib qolgan taqdirda ijtimoiy muhofazaga bo‘lgan Konstitutsiyaviy huquqni ro‘yobga chiqarishni;
tabiiy resurslardan ayovsiz foydalanishga, atrof-muhitga, ekologik vaziyatga ziyon etkazishga yo‘l qo‘ymaslikni bildiradi.
Ijtimoiy va ma’naviy sohada:
umuminsoniy qadriyatlarga, insonparvarlik g‘oyalariga sodiqlikni, inson, uning hayoti va shaxsiy daxlsizligi, erkinligi, qadr-qimmati, yashash joyini tanlash huquqini, inson huquqlariga doir xalqaro me’yorlarni qaror toptirishni;
ma’naviyat va axloqiylikni qayta tiklash, fuqarolarning vatanparvarlik his-tuyg‘ularini rivojlantirish, tarixiy yodgorliklarni saqlash va ta’mirlashni;
o‘zbek tilini rivojlantirishni, bu tilning davlat maqomini to‘liq ro‘yobga chiqarishni;
hurfikrlilikni, vijdon va din erkinligi qoidalarini qaror toptirishni;
ijtimoiy adolat qoidalarini ro‘yobga chiqarish, aholining eng nochor qatlamlari keksalar, nogironlar, etim-esirlar, ko‘p bolali oilalar, o‘quvchi-yoshlarning davlat tomonidan iqtisodiy muhofazaga bo‘lgan kafolatli huquqlarini ta’minlashni;– hamma uchun ma’qul sifatli tibbiy xizmatni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilishni;
yangi demokratik ta’lim konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, umumiy ta’lim olish, kasbni va tegishli maxsus tayyorgarlikni o‘tishni erkin tanlashda barchaga baravar huquq berishni;
ijodning barcha turlarini rivojlantirish, odamlarning iste’dod va qobiliyatlarini namoyon etish uchun shart-sharoit yaratish, ma’naviy mulkni himoya qilishni bildiradi. Mana shunday siyosiy, davlat va Konstitutsiyaviy tuzumga erishishning kaliti fuqarolarning tinchligi va millatlararo totuvlikni ta’minlash, qonuniylik va huquq-tartibotni qaror toptirishdir.
Huquqiy davlatning quroli ham, himoyasi ham, ko‘zi ham, so‘zi ham qonundir. Qonunni buzishga hech kimning haqqi yo‘q.( Islom Karimov. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasida 1992 yil 4 yanvarda so‘zlagan nutqidan)
O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li Islom Karimovning keyingi asarlari, ma’ruza va nutqlarida yangi ma’no-mazmun bilan to‘ldirilib, aniqlashtirilib borildi. 1993- yilda nashr etilgan „O‘zbekiston — bozor munosabatlariga o‘tishning o‘ziga xos yo‘li“ nomli asarida Islom Karimov yangi jamiyat qurishning besh tamoyilini asoslab berdi.
1. Iqtisodiyotni mafkuradan xoli etish, iqtisodning siyosatdan ustunligi, o‘ziga xos ichki qonunlarga muvofiq rivojlanishi.
2. Davlat bosh islohotchi, iqtisodiy o‘zgartirishlarning tashabbuskori.
3. Qonun ustuvorligi, qonun oldida hammaning barobarligi va hammaning qonunga bo‘ysunishi.
4. Bozor iqtisodiyotiga o‘tishning barcha bosqichlarida kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, aholining muhtoj tabaqalarini ijtimoiy himoyalashning ustuvorligi.
5. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich va izchil ravishda o‘tish, islohotlarni inqilobiy sakrashlarsiz amalga oshirish.
Bu strategiya hayotimizning barcha sohalarida keng ko‘lamli, tadrijiy va izchil, tub o‘zgarishlarni amalga oshirishni nazarda tutadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy yo‘naltirilgan, barqaror rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyotiga ega demokratik huquqiy davlat qurish, inson oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari ta’minlanib, salohiyati ro‘yobga chiqariladigan kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishdan iborat.
SHunday qilib, O‘zbekistonning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘li nazariy va amaliy jihatdan puxta belgilab olindi. Taraqqiyotning „o‘zbek modeli“ bundan oldin yaratilgan va mavjud bo‘lgan modellarning birontasini takrorlamagan holda o‘z mohiyati va mazmuni jihatidan butunlay yangi taraqqiyot modelidir. Bu yo‘l xalqimiz tomonidan ham, xalqaro maydonda ham taraqqiyotning „o‘zbek modeli“ deb qabul qilindi. Tanlangan yo‘l engil-elpi yumush emas edi, u xalqimizdan matonatni, mashaqqatli va ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishni talab qilardi. YAngi jamiyat qurish ishlarini bir yo‘la, siltov yo‘li bilan bajarib bo‘lmasligi davlat rahbarlaridan boshlab oddiy fuqarolargacha hammaga tushunarli edi. SHoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasdan, tadrijiy yo‘l bilan keng qamrovli siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy islohotlar o‘tkazish lozim edi. O‘zbekistonga xos taraqqiyot yo‘lining nazariy, ilmiy, amaliy jihatdan puxta ishlab chiqilishi bizning eng katta yutug‘imizdir. Tanlangan yo‘lning to‘g‘riligini xalqimiz, dunyodagi nufuzli davlat arboblari, siyosatchilar, iqtisodchi olimlar e’tirof etdilar.
Bu modelning barcha sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishiga sabab bo‘lgan omillari ko‘p. Ularning eng asosiysi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda turli xil sakrashlarsiz, ya’ni inqilobiy yo‘ldan emas, balki tadrijiy rivojlanish yo‘lidan borish tamoyilidir.
Islohotlarni amalga oshirishda davlat bosh mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi ana shunday tadrijiylikning muhim jihatidir. Xalqaro tashkilotlar ham bugun o‘tish davri iqtisodiyotida, chuqur islohotlarni amalga oshirishda davlatning roli haqiqatan ham katta ekani, buni O‘zbekiston tajribasi amalda isbotlaganini keng tan oldi. Hozirgi vaqtgacha davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida hatto rivojlangan mamlakatlarda ham iqtisodiyotni tartibga solishda davlatning roli oshayotgani O‘zbekistonning bu boradagi yo‘li naqadar to‘g‘ri ekanini ko‘rsatdi.
“YAngi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang” tamoyili asosida olib borilgan islohotlar tufayli turli yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasdan, barcha soha mutanosib holda isloh etildi va rivojlantirildi, yangi jamiyatning mustahkam asoslari yaratildi.
O‘zbek xalqining ko‘p asrlik orzu-umidlari ifodasi bo‘lgan mustaqillikning asosiy xususiyati milliy, umuminsoniy qadriyatlarni ta’minlaydigan huquqiy-demokratik davlat qurish edi. Mustaqillik yillari milliy davlatchilik asoslarini qurish yillari bo‘ldi. O‘tgan yillar ko‘hna tariximizni teran his qilish, hozirgi jahon jarayonida o‘z o‘rnimizni egallash davri bo‘ldi. Bu davrda biz o‘zligimizni anglab, tarixiy yo‘limizni uzil-kesil tanlab oldik.
O‘zbekistonning amalda mustaqillik sari tashlangan eng muhim qadamlardan biri O‘zKP Markaziy Komitetining 1989 yil 25 noyabrdagi XVIII plenumida O‘zbekiston hukumati avvalo respublika va o‘zbeklar boshiga yog‘ilayotgan malomat toshlariga chek qo‘yish, “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” degan uydirmalarni bas qilish, Moskva matbuotida o‘zbeklarning milliy nafsoniyatiga tegadigan chiqishlarni to‘xtatish zarurligi uqtirildi. 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Oliy Kengashning XII sessiyasi O‘zbekistonning davlat tili haqidagi Qonunni qabul qildi. Ushbu qonunning qabul qilinishi o‘zbek xalqining, respublikamizda yashovchi boshqa xalqlarning madaniy-ma’naviy va siyosiy hayotida ro‘y bergan g‘oyat muhim voqea bo‘ldi.
Voqealar jarayoni shu darajada tezlashdiki, I.A.Karimovning siyosati bevosita o‘zbek xalqi xohish-irodasi, sa’y-harakati bilan qo‘shilib ketib, ittifoq rahbariyatini xiyla talvasaga solib qo‘ydi. O‘zbekiston SSR Oliy Kengashning 1990 yil 24 martida bo‘lib o‘tgan sessiyasida boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, prezidentlik lavozimini joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va O‘zbekistonda ittifoqdosh respublikalar orasida birinchi bo‘lib prezidentlik lavozimi joriy etildi. Demokratik jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, siyosiy o‘zgarishlarni takomillashtirish va konstitutsion tizimni mustahkamlash mantiqan tom ma’nodagi mustaqillikni talab etadi va uning zamirida markazga bo‘ysunmaslik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash tamoyili yotadi. SHuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy organlarining o‘zaro aloqasini takomillashtirish-bu bevosita partiya yakkahokimligini bartaraf etish, fuqaro va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaqinlashtirish demakdir. Bu esa oxir-oqibatda respublikaning o‘z taraqqiyot yo‘lini ishlab chiqadigan va uni amalga oshiradigan Prezident lavozimini joriy qilishni taqozo etdi. Bu tabiiyki, Gorbachev boshliq ittifoq rahbariyatini qattiq tashvishga sola boshlagan edi. Aslini olganda, O‘zbekiston boshqa ittifoqchi respublikalarda kundan kunga tazyiq va zo‘ravonlik oshirayotgan, kam sonli xalqlarga zug‘um o‘tkazilayotgan bir paytda ana shunday dadil siyosat yurita boshlagan edi.
O‘zbekistonning mustaqilligi yo‘lidagi yana bir muhim qadam O‘zbekiston SSR Oliy Kengashning XII chaqiriq ikkinchi sessiyasida (1990 y. 20 iyun) qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi “Mustaqillik Deklaratsiyasi”dir. Ushbu Deklaratsiyani qabul qilishda respublika Oliy Soveti deputatlari jonbozlik ko‘rsatdilar. “Mustaqillik Deklaratsiyasi”da har bir millat o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, Deklaratsiya qoidasi bilan kafolotlanishi ta’kidlandi. Unda o‘zbek xalqining asrlar davomida qo‘lga kiritgan davlat qurilishi va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tarixiy tajribasi va an’analari hisobga olindi. Deklaratsiya 12-moddadan iborat bo‘lib, uning 1-moddasida “O‘zbekiston SSR ning demokratik davlat mustaqilligi respublikaning o‘z hududida barcha tarkibiy qismlarini belgilashda tashqi munosabatlardagi tanho hokimligidir”,-deb, yozib qo‘yilgan. Sessiya qabul qilgan bu “Mustaqillik Deklaratsiyasi” xalqimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi.
Jumhuriyat Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari sessiyasi 1991 yil 31 avgustda o‘z ishini boshladi. O‘zbekistonning mustaqil davlat deb e’lon qilinishida mazkur sessiya katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi masalalar kun tartibiga qo‘yilib, qizg‘in muhokama qilindi.
Oliy Kengash deputatlari moddama-modda muhokamadan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildilar. So‘ngra Respublika Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonot qabul qilindi. O‘zbekiston SSR ning nomi O‘zbekiston Respublikasi deb o‘zgartirildi. Mustaqillik belgilangan kun 1991 yil 1 sentyabrdan boshlab milliy bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi haqidagi bu hujjatlar o‘zbek xalqining asriy orzusi ro‘yobga chiqqanligining huquqiy ifodasi bo‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi qonun 17 moddadan iborat bo‘lib, mustaqil respublika uchun vaqtincha konstitutsiya rolini o‘ynaydigan bo‘ldi.
Ushbu qonunda O‘zbekiston mustaqil demokratik davlat deb e’lon qilindi, ma’muriy-hududiy tuzilishi, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilash qonunlashtirildi. Respublikaning davlat bo‘linishi hamda iqtisodiy asoslari ham qonunda o‘z aksini topdi. SHuningdek, ushbu hujjatda O‘zbekistonning Qoraqalpog‘iston bilan munosabatlari xususida so‘z borib, O‘zbekiston Qoraqalpog‘istonning hududiy yaxlitligini tan olishi haqida fikr yuritiladi, u O‘zbekiston tarkibida ekanligi e’tirof etiladi. Bunday qonunning qabul qilinishi o‘sha davrda erishilgan yutuqlarning yuqori cho‘qqisi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinishi bilan birga Davlat mustaqilligi bilan bog‘liq qonunlar tizimini yaratish zarur edi. O‘zbekiston erishgan istiqlolni mustahkamlash uchun mamlakatda referendum o‘tkazishga qaror qilindi. 1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengash VIII sessiyasi O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi. SHunga muvofiq 29 dekabrda; “Siz Oliy Kengash tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat deb e’lon qilinishini ma’qullaysizmi?” mavzuida referendium o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Referendum yakuniga ko‘ra unda qatnashgan aholining 98,2 foizi O‘zbekiston mustaqilligini yoqlab ovoz berdi. O‘zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilinishi jahon jamoatchiligi tomonidan ham zo‘r qoniqish bilan kutib olindi. Fikrimiz isboti sifatida Amerika Qo‘shma SHtatlarining o‘sha paytdagi Prezidenti Jorj Bushning I.Karimov nomiga yuborgan telegrammasi hamda SHvetsiya bosh vaziri K.Bilodtning telegrammalarida ko‘rish mumkin. 24 sentyabrda Toshkentda xalqaro anjuman o‘tkazildi. O‘zbeklar (Turkistonliklar) ning birinchi xalqaro uchrashuvida O‘zbekiston Prezidenti nutq so‘zladi. 1991 yil 14 sentyabrida O‘zbekiston Kompartiyasining Favqulodda XXIII s’ezdida I.A.Karimov taklifi bilan O‘zbekiston Kompartiyasi KPSS tarkibidan chiqqanligi e’lon qilindi. Partiyaning bunday buyon faoliyat ko‘rsatmasligi e’tiborga olinib, ushbu partiya o‘rnida XalqDemokratik partiyasi tuzilgani e’lon qilindi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin davlat boshqaruvining Prezidentlik shakli rivojlandi. 1991 yil 29 dekabrda o‘zbek xalqi xohish-irodasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini sayladi. Saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilib, O‘zbekiston Respublikasi saylovlari muqobillik asosida o‘tdi. Oliy lavozimga ikki nomzod – O‘zbekiston XDP va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi nomzodi I.A.Karimov va “Erk” Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov (Muhammad Solih) nomzodi qo‘yildi.
Saylovlar yakuniga ko‘ra 8 million 514 ming 136 ovoz yoki ovoz berishda qatnashganlarning 86 foizi Islom Karimov nomzodini, 1 million 220 ming 474 saylovchi (12,3 %) Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi. Markaziy saylov komissiyasi okrug komissiyalari majlis bayonlarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunning 35-moddasiga asosan Islom Karimovni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan, deb hisoblashga qaror qildi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   83




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin