O‘ZGARGAN SIYOSAT: REAL QADAMLAR O‘zbekiston taraqqiyotini mazmunan tamomila yangi bosqichda – Harakatlar Strategiyasida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida izchil amalga oshirishga kirishildi.
Barcha sohalar faoliyatini tashkil etish va boshqarishda yagona davlat siyosati yuritila boshlandi va bu jarayonning uzluksiz amal qilishi qat’iy nazoratga olindi.
Davlat tuzilmalarini jamiyatga xizmat qildirish bo‘yicha amaliy mexanizm ishga tushirildi.
Mamlakatni jadal rivojlantirishning muhim omili bo‘lgan chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali sanoatni tez taraqqiy ettirish, sanoatning yalpi ichki mahsulot hajmidagi ulushini kengaytirishdan iborat yangi iqtisodiy siyosat yuritilmoqda.
Tajribali, mustaqil fikrlash salohiyati keng, teran bilimga ega kadrlar faol siyosatga qaytarilmoqda.
YUqorida qayd etilganidek, qo‘shni davlatlarga bo‘lgan siyosatda raqobat emas, hamkorlik yo‘lidan borishning strategik yo‘li belgilandi va samarali amalga oshirilmoqda. Qo‘shnining yutug‘i – bu bizning yutug‘imiz shiori negizida jadal rivojlanish tendensiyasi amal qila boshladi.
Uyushmagan yoshlar uchun kafolatlangan bandlikni ta’minlash, ularni bunyodkorlik ishlariga faol jalb etish, ijtimoiy faollashtirish siyosati yuritilmoqda.
Aholining ijtimoiy-maishiy orzulari va real iqtisodiy –moliyaviy imkoniyatlari balansi ta’minlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, arzon farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish, sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi va arzon uy-joylar qurish dasturi joriy etilib, amaliy samara bera boshladi.
Prokuratura xodimlarining barcha ishlab chiqaruvchilar, xususan, tadbirkorlar bilan Vatan va jamiyat manfaati yo‘lidagi hamkorligi shakllantirilmoqda.
Aholining turli tabaqalari, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik ko‘nikmasini shakllantirish, bu jarayonni har taraflama rag‘batlantirish siyosati amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning kam foydalanib kelinayotgan katta imkoniyati, ya’ni sug‘orilmasdan hosil undiriladigan, 10 million gektardan ziyod lalmi erlardan samarali foydalanish masalasi birinchi bor ustuvor vazifa sifatida qo‘yildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirish dasturi qayta ishlab chiqilmoqda. Barcha bog‘cha yoshidagi bolalarni bog‘cha tizimi ma’rifatidan bahramand etishga erishish vazifalari belgilandi.
Mamlakatimizdagi elektr ishlab chiqarish quvvatlari va elektr uzatish vositalarining 65 foizi eskirgani sababli bu sohani tubdan yangilash, mavjud uskunalarni zamonaviylariga almashtirish, yangi energobloklar o‘rnatish, shuningdek, 42 ta yangi gidroelektrostansiya qurish, 37 tasini kapital remont qilish, shamol, quyosh hamda biogazdan elektr energiyasi olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Nuroniylarni ijtimoiy faollashtirish bo‘yicha davlat dasturi qabul qilindi. Ularni jamiyatdagi ma’naviy barqaror muhitni yanada mustahkamlashga yo‘naltirish chora-tadbirlari belgilandi.
Sud-huquq tizimi tubdan isloh etildi. Odil sudlovga erishish orqali inson manfaatlarini samarali himoya qilishning huquqiy mexanizmi barpo etildi.
Farmatsevtika sohasini tubdan isloh etishga, 300 dan ortiq dori-darmonni arzonlashtirishga erishildi. Sifatli farmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqarish dasturi qabul qilindi.
Ilm-fanga e’tibor kuchaydi. Fanlar akademiyasining maqomi to‘la tiklandi. Dissertatsiya himoyalari zamonaviy va an’anaviy yondashuvlar negizida optimallashtirildi.
Tadbirkorlikni keng yoyish, tadbirkorlar faoliyatiga rejasiz, muqobil tekshirishlar orqali halal berish siyosatiga chek qo‘yildi. Bu borada so‘z va ish birligi ta’minlandi.
Odamlarni eshitish boshlandi. Ularning zarur muammolari, dardu tashvishlarini o‘rganish tizimi yaratildi. Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi faoliyati jamiyatimiz turmush tarzining ajralmas qismiga aylandi.
Banklar faoliyati tubdan isloh etildi. Odamlarning kredit so‘rab banklarga borishi emas, banklarning xonadonlarga borib kredit olishlarini taklif etishdan iborat dunyoda andozasi bo‘lmagan samarali tizim ishlay boshladi.
Mamlakatimizda erkin industrial zonalar tashkil etish ishlarining geografiyasi kengaydi.
Xalqimizning tinchligi, kafolatlangan xavfsizligini ta’minlash uchun ichki ishlar vazirligi tizimi isloh etildi va profilaktika ishlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizni barqaror va jadal rivojlantirishda millati, dini va tilidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimiz, butun xalqimizning aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyatiga tayanib ish tutish siyosatiga o‘tildi.
Sug‘orish tizimini tubdan rekonstruksiya qilish, yangi sug‘orish inshootlari, kanallar qurilishi ishlariga tizimli tarzda kirishish bo‘yicha yangi dasturlar qabul qilindi. Mamlakatimizda 1986 yildan buyon birorta sug‘orish tizimini yaxshilashga mo‘ljallangan kanallar qurilmagan, eskilari esa rekonstruksiya qilinmagan.
Qishloqlarda ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturi ishlab chiqildi.
Ko‘mir tannarxi qayta ko‘rib chiqildi va uning tannarxi pasaytirilib, aholiga qulay xarid qiymati belgilandi hamda uning sifatini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
SHahar va qishloqlarda transport ta’minotini yanada yaxshilash va rivojlantirish dasturi qabul qilindi.
Bozorlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, savdo tizimini takomillashtirish dasturi ishlab chiqildi.
Qattiq maishiy chiqindilarni sanitariya yo‘li bilan tozalash va zararsizlantirish tizimini yanada takomillashtirish dasturi qabul qilindi (birgina Surxondaryoda 2 million tonna qattiq chiqindi yig‘ilib asoslangan).
Hamkorlik va do‘stlikni tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi deb bilish siyosati yurgizilmoqda.
Mamlakatimiz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmasligi, O‘zbekiston hududida boshqa davlatlarning harbiy baza va ob’ektlari joylashtirilishiga, shuningdek, harbiy xizmatchilarning yurtimiz hududidan tashqarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik siyosatiga izchil sodiq qolish belgilandi.
O‘zbekistondagi har bir fuqaro, qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar, avvalo tarbiyachi ekani, farzandlarimiz taqdiri uchun har birimiz mas’ul ekanligimizni anglash tobora kuchaytrilmoqda. Bu masala zamonning o‘tkir talabiga aylangan dolzarb muammo sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Tarbiya ishlarida integrativ yondashuv, ya’ni hamkorlikda va manzilli yondashuv qaror toptirilmoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy faoliyatda davlat va jamoat tashkilotlari, avvalo O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, tizimli ish olib borish zarurligi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Pedagoglarimiz yaxshi biladi, Prezidentimiz Qashqadaryoda saylovoldi uchrashuvda aytganidek, tarbiya, odob – axloq sohasida “amaliy namuna” hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Farzandlarimizga avvalo o‘zimiz hamma sohada – Vatanga, xalqqa sadoqatli bo‘lishda, ilmga, kasb-hunarga mehr qo‘yishda, ota-ona, jamiyat oldidagi burchimizni sidqidildan ado etishda amaliy namuna ko‘rsatishimiz kerak.
YOshlar bilan ishlashning tizimli yo‘liga asos solinmoqda. YOshlar siyosati to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrirda qabul qilingani tuman hokimlari va ichki ishlar boshliqlarining, mahalla raislarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari shtatlari joriy etilgani bu borada katta qadam bo‘ldi.
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqildi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturi ishlab chiqildi.
Mahalliy byudjetlarning subvensiyaga qaramlik darajasi o‘ta jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Ana shu holatdan qutulishning maqbul yo‘li sifatida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini jadal rivojlantirish, aholi bandligini barqaror ta’minlash dasturlari qabul qilindi va hayotga jadal joriy etilmoqda.
Turizm sohasini rivojlantirish, besh yilda xorijdan turistlar qabul qilish darajasini 1,8-2 martagacha oshirish, bu borada xizmat sohalarini jadal rivojlantirish dasturlarining qabul qilinishi belgilandi.
O‘qish-o‘rganish, doimiy izlanish, yangilikka, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashash va har bir o‘zbekistonlikning bir umrlik hamrohi bo‘lishi, ulug‘ mutafakkir YUsuf Xos Hojib aytganlaridek: “Dunyoda ikki turli inson haqiqiy inson sanaladi: biri o‘rgatuvchi, biri o‘rganuvchi ”. Har bir o‘zbekistonlikni haqiqiy inson bo‘lish baxtiga sazovor etish maqsadi birinchi o‘ringa ko‘tarilmoqda.
Aholi bilan bevosia muloqot qilish tizimi barcha sohalarda real mexanizm sifatida ishlay boshladi. Inson manfaatlarini himoya qilish davlatning ustuvor siyosatiga aylanganini keng targ‘ib etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik holati hamda ularning faoliyat mazmunini tubdan isloh etish dasturi amalga oshirilmoqda.
YOsh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tez tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiruvchi jamg‘arma va innovatsiya markazi tuzildi.
Respublikaning aksariyat oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifati xalqaro mezon va andozalarga va real iqtisodiyot talablariga javob bermasligini, bitiruvchilarni aksariyat hollarda qayta o‘qitishga to‘g‘ri kelayotganini e’tiborga olib, oliy ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish bo‘yicha Prezident qarori va maxsus dastur qabul qilindi. Xususan, 2017 yil 20 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyunda “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ 3775- sonli qarori shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “... biz O‘zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirishni maqsad qilib qo‘ygan ekanmiz, bunga faqat jadal islohotlar, ilm-ma’rifat va innovatsiya bilan erisha olamiz. Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. SHuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilishni boshladik. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’naviyat kerak. Ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. SHarq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”
SHu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Ilmiy texnik taraqqiyotimizni belgilab beradigan aniq fanlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etish va ularning moddiy-texnik bazasini har tomonlama uzluksiz mustahkamlab borish rejalari belgilandi.
O‘zbekiston milliy kutubxonasida mamlakat kutubxona fondining yagona elektron tarmog‘i tashkil etish boshlab yuborildi.
Mamlakatda ma’naviy muhitni yuksaltirish, madaniyat, san’at, adabiyot sohalarini yanada taraqqiy ettirish, ijod ahlining mehnatini rag‘batlantirishga, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga maxsus qaror va farmonlar qabul qilindi. Xususan, 2017 yil 31 may kuni . O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3022-sonli Qarori, 2018 yil 26 avgustda O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3920 sonli Qarori, 2020 yil 26 maydagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6000-son farmoni shular jumlasidandir.
Tadbirkor va fermerlar, ziyolilar, rahbarlar, o‘z mehnati bilan jamiyatda obro‘-e’tibor qozongan shaxslar, nodavlat tashkilotlar rahbarlari va faollarining O‘zbekistonni rivojlantirishdagi fidoiyligini, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lishini vatanparvarlikning amaldagi ko‘rinishi sifatida baholash boshlandi.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish ishlariga ustuvor ahamiyat berilib, bu borada 384 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Qonunlar, qarorlar va farmonlarning mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, o‘z vaqtida etkazish, ijrosini samarali tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlash siyosati amalga oshirilmoqda.
Barcha sohalarning standart va yagona davlat siyosati asosida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yish mexanizmi ishga tushirildi. Hozirga qadar dunyodagi 2,5 mingdan ortiq faoliyat standartlaridan atigi 13 foizigina mamlakatimizda amal qilayotgani, bu borada qilinadigan ishlar ko‘lami nechog‘lik katta ekanidan dalolat beradi.