O‘ZBEKISTONDA EKOLOGIK SIYOSAT REJA: 1.1.Respublikada ekologik siyosatning shakllanishi 1.2. Ekologiya tushunchasi 1.3. Ekologiyaning asosiy tushunchalari 1.4. Ekologik munosabatlarning shakllanishi 1.1. Respublikada ekologik siyosatning shakllanishi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017yil 21-apreldagi PF-5024-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi qayta tashkil etildi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasida davlat boshqaruvi; atrof-muhitning qulay ekologik holatini, ekologik tizimlar, tabiiy komplekslar va alohida obyektlar muhofaza qilinishini, ekologik sharoitning sog‘lomlashtirilishini ta’minlash; chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini amalga oshirish, mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari bilan mustahkam hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizimni tashkil etish;
yer, yer osti boyliklari, suv, o‘rmonlar, muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratni o‘rnatish; ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish, tabiatni muhofaza qilish va resurslarni tejash borasida yagona siyosatni amalga oshirishga oid amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat kadastrini yuritish, yovvoyi hayvonlarni, yovvoyi o‘simliklarni ko‘paytirish va saqlash pitomniklarini, zoologiya va botanikaga oid kolleksiyalarni davlat tomonidan ro‘yxatga olish; ekologik tarbiya, targ‘ibot va ta’limni, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish.
Butun dunyodagi insonlarni bezovta qilayotgan “ozon tuynugi” tabiatni asrashda eng global muammolardan biridir. Ozon qatlami qalinligi 3-5 mm va yerdan 17 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, odamlarni quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurlardan himoya qiladi. Quyoshdan keladigan nurlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tib kelsa, barcha tirik organizmlarni halok etadi. Ozon qatlami inson uchun nozik qalqon bo‘lib kelgan, ammo keyingi paytda aqlli inson tomonidan texnogen omillarning rivojlanib borishi natijasida nozik qalqonda teshik paydo qilindi. “Antropogen ta’sirida atmosferaga katta miqdorda ftorli, xlorli gazlar, freonlar va (NO2) azod oksidlari tashlanadi. Hozirgi kunda ozon teshigi Antarktidaning kichikroq maydonida va Arktikada hosil bo‘ldi. Shuningdek, katta shaharlar ustidagi ozon qatlami ham kun sayin yupqalashib bormoqda”1.
«Inson tomonidan biosferaga ko‘rsatilayotgan ta’sirni tartibga solish, ijtimoiy taraqqiyot bilan qulay tabiiy muhitni saqlab qolishning o‘zaro ta’sirini uyg‘unlashtirish, inson va tabiatning o‘zaro munosabatlarida muvozanatga erishish muammolari borgan sari dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Ekologik xavfsizlik kishilik jamiyatining buguni va ertasi uchun dolzarbligi, juda zarurligi bois eng muhim muammolar jumlasiga kiradi. Bu muammolar amaliy tarzda hal etilsa, ko‘p jihatdan hozirgi va kelgusi avlod turmushining ahvoli va sifatini belgilash imkoniyatini beradi»2.
Mamlakatimizdagi ekologik xavfsizlik siyosati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, atrof-muhit va barqaror rivojlanishga oid qonunchilik hamda Yoxannesburg Deklaratsiyalari va Parij konferensiyalari tamoyillari asosida olib borilib, ijtimoiy va ekologik yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti orqali huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati barpo etilmoqda.
Biroq istiqbolda respublikamiz hududida quyidagi ekologik muammolar o‘z echimini kutib qolmoqda:
Orol dengizining qurishi tufayli kelib chiqqan ekologik vaziyat;
ko‘p yillik paxta yakkahokimligi, ma’danli o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilishning kimyoviy vositalarini me’yoridan ortiq ishlatish, flora va faunaning degradatsiyasi tufayli vujudga kelgan tuproq va suv resurslari sifatining qoniqarsizligi;
tuproq, suv, biologik resurslar va atmosfera havosi sifatiga antropogen, ayniqsa, sanoat ishlab chiqarishi ta’sirining kuchayishi;
sanoat va maishiy chiqindilarni to‘plash, tashish va qayta ishlash tizimining qoniqarsizligi;
atrof-muhit holati va uni ifloslantirish manbalari axborot monitoringining texnik va metodik ta’minoti rivojlanmaganligi va shu kabilar.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzurida Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni muhofaza qilish va ularning foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining markaziy apparati tuzilmasi hamda uning hududiy inspeksiyalari faoliyat olib boradi. Ushbu qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrofmuhitni muhofaza qilish boshqarmalarida chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilib boradi.
Qarorda chiqindilarning hosil bo‘lishi, to‘planishi, saqlanishi, tashilishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishi, ko‘milishi va realizatsiyasini nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilangan:
davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, obodonlashtirish boshqarmalarining shahar va tumanlardagi ixtisoslashtirilgan sanitariya tozalash tashkilotlari, “Toza hudud” va “Maxsustrans” davlat unitar korxonalari, shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq sohadagi qonun hujjatlariga rioya etish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
chiqindi yig‘ish punktlarini belgilangan tartibda tashkil etish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketish, ruxsat etilmagan joylarda chiqindixonalar tashkil etilishiga yo‘l qo‘ymaslik, poligonlarni boshqarish, chiqindilarni utilizasiya qilish, qayta ishlash, ko‘mish va realizasiya qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish;
chiqindilar bilan bog‘liq ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish, ularni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish;