To‘rtinchi yo‘nalishda, jumladan, quyidagilar orqali vertikal boshqaruv tizimi va ijro etuvchi hokimiyat organlari hamkorligining mexanizmlarini takomillashtirish nazarda tutilgan: davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich nomarkazlashtirish;
hududiy organlarning rahbar kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kuchaytirish.
Beshinchi yo‘nalish davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari, innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Mazkur chora-tadbirlar qatorida quyidagilarni ta'kidlash lozim:
davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirishni ta'minlaydigan davlat boshqaruvining innovatsion shakllarini joriy etish;
innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqishga investitsiyalarni faol jalb etish;
zamonaviy ilmiy-tadqiqot va innovatsion yutuqlarni muvaffaqiyatli joriy qilish uchun zarur bo‘lgan rivojlangan infratuzilmani yaratish;
tabiatni muhofaza qilish, resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish.
Va nihoyat, so‘nggi oltinchi yo‘nalishda professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning ta'sirchan mexanizmlarini o‘rnatish belgilangan. Ularga erishish uchun quyidagilar rejalashtirilgan: davlat xizmatining shaffofligi va ochiqligini ta'minlash, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi mexanizmlarini joriy etish;
davlat xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta'minotining zamonaviy tizimini kiritish orqali ularning mehnat unumdorligini oshirish.