So‘nggi yillarda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va iqtisodiyotga yanada ko‘proq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Xususan, qonunchilikda investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida yangi “Soliq kodeksi”, “Investitsiya va investitsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Investorlar uchun yanada qulya sharoit yaratish uchun Xalqaro Toshkent arbitraj markazi tashkil etildi hamda “investitsiya krediti”, “investitsiya subsidiyasi” va “investitsion viza” kabi yangi mexanizmlar joriy qilindi.
Mamlakatda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar soni 2017-yil boshida 3 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib, 22 taga yetdi. Ulardan 12 tasi sanoat, 6 tasi farmatsevtika, 2 tasi turizm, 2 tasi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar va yaratilgan imkoniyatlar mamlakatdagi investitsiya muhitiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Masalan, O‘zbekiston 2019-yilda ilk bora Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) ning “To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni tartibga solish cheklovlari indeksi”ga kiritildi va ushbu indeksga ko‘ra, 2020-yilda jahonda 43-o‘rinni, Osiyo mintaqasida 7-o‘rinni qayd etdi.
2017—2022-yillarda O‘zbekiston xalqaro Iqtisodiy erkinlik indeksi umumiy reytingida o‘z o‘rnini 31 pog‘onaga yaxshilab, 148-o‘rindan 117-o‘ringa ko‘tarildi.
Mamlakatga kiritilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yilda 2,2 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil yakunida ushbu ko‘rsatkich 1,5 barobar ortib, 3,3 milliard dollarga yetdi.
Xulosa So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston jadal iqtisodiy o‘zgarishlarni boshdan kechirdi va xalqaro hamjamiyatda biznes va investitsiyalar uchun turli xil to‘siqlarini bartaraf etishda ochiqlik, yangilanish va qatʼiyatlilik ramzlaridan biri sifatida tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining "Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunini samarali ijro etilishi uchun investorlar bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, hokimliklar, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va tijorat banklari rahbarlari o‘rinbosarlaridan iborat bo‘lgan davlat hokimiyat organlari hamkorligining 4 bosqichli mexanizmi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mexanizm investorlarning barcha so‘rovlariga tezkor javob qaytarish va qonunda nazarda tutilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishining samaradorligini kerakli tarzda nazorat qilish imkonini beradi.
Shu nuqtai nazardan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ko‘magi bilan tuzilgan, Respublikada faoliyat yuritayotgan investorlar bilan bevosita muloqotni taʼminlaydigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining rolini taʼkidlash muhim ahamiyatga ega.
Xalqaro hakamlik sudlari institutining rivojlanishi ham faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. O‘z navbatida, bu mamlakat investitsiya muhitining muhim va tizim tashkil etuvchi tarkibiy qismi bo‘lgan qonun ustuvorligini hamda davlat va mahalliy investorlar zimmasidagi majburiyatlarning to‘g‘ri bajarilishini taʼminlaydi.
Shu bilan birga, jahon amaliyoti va tajribasi shuni ko‘rsatadiki, biznesning investitsiya va innovatsion faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni endi oddiy vositalar bilan, yaʼni imtiyozlar berish yoki yangi deklarativ meʼyorlarni nashr etish bilan hal qilishning imkoni yo‘q.
Xususiy investitsiyalarni faollashtirish uchun tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish talab etiladi. Biznes bilan doimiy muloqot, muayyan sektorlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladigan to‘siqlarni aniqlash va yengib o‘tish bo‘yicha astoydil ish olib borish kerak. Shu munosabat bilan quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha faol ish olib borilmoqda. Tadqiqotimiz so’ngida mamlakatda investitsion jozibadorlikni oshirish, mamlakatga kiritilayotgan investitsiyalar sonini oshirish uchun bir qancha yechimlarimizni taklif qilamiz:
1)iqtisodiy o‘sishning bir maromdagi yuqori va barqaror surʼatlarini saqlab qolish uchun mamlakat iqtisodiyotining barqaror va raqobatbardosh, bank tizimi aktivlarining katta qismi xususiy investorlar qo‘lida bo‘lgan modelini shakllantirish zarur.
2)mamlakat tadbirkorlari va oliy ta’lim muassasalari o’rtasida hamkorlikni yo’lga qo’yish, bunda mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirishda talabalar ilmiy-tadqiqot ishlari va ularni investitsion jozibadorlikni oshirishda qo’llash (Ispaniya tajribasi)
3)investitsion jozibadorlikni oshirishda mamlakat uchun asosiy muammo bu - izchil loyihalash hisoblanadi. Mamlakat sharoitini inobatga olgan holda to’g’ri siyosat vositasida strategiya ishlab chiqish, lekin bunda davlat idoralari va biznes egalarini bu loyihaga qamrab olish qiyin, chunki tashkilotning samaradorligini aniqlash qiyin.
4)ish kuchi va kapitalni iqtisodiyotning qonuniy sektorlaridan yashirin iqtisodiyotga oqib ketishiga olib keladigan tranzaksiya xarajatlarining kamayishi kuzatilmoqda.
5) investitsiya infratuzilmasini rivojlantirish - banklar, investitsiya fondlari, sug‘urta va lizing kompaniyalari faoliyatini rag‘batlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ularning ishtirokini samarali yo‘lga qo‘yish zarur.
6)tadbirkorlarning biznes-ko‘nikmalari, shu jumladan, investitsiya loyihalari bilan ishlash tajribasi va huquqiy bilimlarini yanada oshirish - hududlarda konsalting, marketing va yuridik xizmat ko‘rsatuvchi markazlar tashkil etish va foliyatini rivojlantirish lozim.
7)investitsiya takliflari va loyiha texnik-iqtisodiy asoslarining belgilangan talablarga javob bermasligi sabab tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda tijorat banklari, hududlardagi savdo-sanoat palatasi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilishini mahalliy hokimliklar tomonidan tashkil etish va doimiy nazoratga olish kerak.
8)amaliyotda ayrim loyiha tashabbuskorlari moliyaviy-iqtisodiy holatining nochorligi kuzatilishi sabab investitsiya dasturlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga kiritish taklif etilayotgan loyihalar tashabbuskorlarining moliyaviy-iqtisodiy holatining mahalliy hokimliklar va tijorat
banklari tomonidan chuqur tahlil qilinishini ta’minlash.