Badminton (Angliyaning Badminton shahri nomidan) — patli koptok (volan)ni raketka bilan urib o‘ynaladigan tennisga o‘xshash sport o‘yini. O‘yin to‘rtburchakli maydonchada (yakkama-yakka uchrashuvlarda maydoncha o‘lchovi 13,4x5,2 m va juftli o‘yinlarda 13,4x6,1 m) 1,55 m balandlikda tortilgan to‘rda o‘tkaziladi. O‘yinda raqib urgan koptokchani yerga tushirmay unga qaytarish muhimdir. 15 xol (ayollar va bolalar 11 xol) gacha sanaladi. 3 yoki 5 qur o‘ynaladi. Xol 0 va juft bo‘lganda koptokcha o‘ngdan, toq bo‘lganda chapdan uriladi.
Juftli o‘yinlarda o‘ng tomondan boshlanib, har xoldan keyin o‘yinchilar sherigi bilan o‘rin almashtiradi. Badminton qadimgi Malayyada vujudga kelgan, keyinchalik Osiyodagi boshqa mamlakatlarga tarqalgan. 19-asr 70- yillarida Angliyada rasm bo‘lib, o‘yin qoidalari ishlab chiqilgach Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham yoyildi.
Xalqaro badminton federatsiyasi (IBF) 1934 yil tashkil topdi, unga 80 dan ortiq mamlakat a’zo (1991). 1977 yildan jahon birinchiligi o‘tkazib kelinadi. 1992 yildan Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy oldi. Erkaklar uchun Tomas kubogi (1947 yildan), ayollar uchun Uber kubogi (1955 yildan) eng yirik xalqaro musobaqalar, Angliyaning ochiq birinchiligi (Uimbldon turniri) esa norasmiy jahon chempionata hisoblanadi. Badminton O‘zbekistonda 50- yillardan rivojlana boshladi.
Basketbol
Basketbol (ing. basket — savat, ball — to‘p) — sport turi, 3,05 m balanddagi savatli halqaga to‘pni qo‘lda tashlab o‘ynaladigan jamoa o‘yini. Basketbol mashg‘uloti va musobaqalari uchun to‘rtburchak maydoncha (o‘lchami 26x14 m) yoki zal (balandligi 7 m) talab qilinadi. Har bir jamoada 12 nafardan o‘yinchi bo‘lib, maydonga bir yo‘la har jamoadan 5 tadan o‘yinchi tushiriladi (bu o‘yinchilar almashtirilishi mumkin). Qaysi jamoa raqibining savatiga ko‘p to‘p tushirsa, o‘sha yutgan hisoblanadi. Uyinda savatga tushirilgan to‘p uchun 2 ochko, jarima belgilanganda tushirilgan to‘p uchun 1 ochko, jarimadan tashqaridagisi uchun 3 ochko beriladi. Erkaklar 40 minut, ayollar 36 minut, 15 — 16 yashar o‘smirlar va qizlar 30 minut, 13 — 14 yashar o‘g‘il va qiz bolalar 24 minut o‘ynashadi. O‘yin 2 qismdan iborat, orada 10 minut dam olinadi. Belgilangan vaqtda jamoalar baravar ochko olsa, biror jamoa g‘olib chiqquncha 5 minutdan qo‘shimcha vaqt beriladi.
Basketbol vatani AQShdir (1891). Xalqaro basketbol federatsiyasi (FIBA; 1932 yil tuzilgan)ga 177 mamlakat a’zo (1991). Basketbol 1936 yildan Olimpiya uyinlari dasturiga kiritilgan. 1950 yildan Basketbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazib kelinadi. Basketbol O‘zbekistonda 1921 yildan o‘ynala boshlagan. O‘zbekistonlik R.Salimova 2 marta jahon hamda olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lgan. Basketbol bo‘yicha O‘zbekiston respublika federaiiyasi oliy liga jamoalari o‘rtasida musobaqalar tashkil etib kelmoqda. Oliy ligada Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyati, Chirchiq shahar hamda Sirdaryo va Navoiy viloyati basketbolchilari musobaqalashadi. O‘zbekiston terma jamoasi 1997 yil II Markaziy Osiyo o‘yinlari — «Sprayt chellenje» xalqaro turnirining g‘olibi bo‘ldi (terma jamoa bosh ustozi A. Adisman, jamoa a’zolari 3. Xabibulin, M. Shafenkov, R. Karimov, S. Demurin, B. Mirodilov, T. Abbosov, V. Petrishchev).