O’zbekistonda zamonaviy sport turlari rivojlanish Akademik eshkak eshish Akademik eshkak eshish - eshkak eshish sporti turi, akademik qayiqlardagi poygalar. 19-asr birinchi yarmida Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan. Eshkak eshish jamiyatlari xalqaro federatsiyasi (FISA, 1892 yil asos solingan) ga 71 mamlakat a’zo (1991 yil). Akademik eshkak eshish 1900 yildan olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan, 1962 yildan jahon chempionatlari o‘tkazib kelinadi.
Alpinizm
Alpinizm (Alp tog‘i nomidan) — sport turi, turli murakkab to‘siqlardan o‘tib tog‘ cho‘qqilariga ko‘tarilish. Alpinizm uch sinfdan — traverslar (dovon oshish, tog‘ tizmalari va etaklaridan o‘tish), murakkab chiqish (tik tog‘larga chiqish) va baland tog‘larga ko‘tarilishdan iborat. Alpinizm sport turi bo‘libgina qolmay, kam o‘rganilgan tog‘larni ilmiy tadqiq etishga ham xizmat qiladi.
Alpinizm tarixi 1786 yildan boshlanadi: o‘shanda shveytsariyalik J. Balma va M. Pakkar Alp tog‘ining Monblan cho‘qqisiga ko‘tarilgan edilar. Alpinizm Markaziy Yevropadan boshqa o‘lkalarga, shu jumladan Rossiya va Osiyoga tarqaldi. Alpinistlar birin-ketin Kavkaz, Tyaninan, Pomir, Oltoy tog‘larini zabt etdilar. 19-asr ning oxirida Turkiston harbiy topograflari Chimyon tog‘iga — 3309 m balandlikka ko‘tarildilar. 20-yillarda O‘rta Osiyo davlat universitetida, Toshkent telegrafi, aloqa texnikumi va boshqa joylarda Alpinizm sektsiyalari tashkil qilindi. 1938 yil O‘zbekistonda alpiniada o‘tkazildi, uning 60 qatnashchisi Pskom tog‘ining 8 ta cho‘qqisini zabt etdi. 1970—80 yillarda O‘zbekistonda 1500 ga yaqin kishi Alpinizm bilan shug‘ullandi.
Alpinizmning ommalashuvi va sportchilarning shuhrat qozonishida V. Abalakov, V. Ratsek, V. Elchibekovlarning xizmati katta. Keyingi paytda Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Navoiy viloyatlarida Alpinizmga e’tibor kuchaydi. Birgina Chimyonda o‘tkazilgan alpiniadada 1000 dan ortiq sportchi qatnashdi. Dunyodagi eng baland Everest (Jomolungma) cho‘qqisi (Himolay tog‘ida balandligi 8848 m)ni zabt etish alpinistlarning ezgu orzusi xisoblanadi. Yangi zelandiyalik Edmund Xillari va sherp Norgey Tentsing 1953 yil unga birinchi marta ko‘tarilganlar. O‘zbekistonda Everestni zabt etuvchi alpinistlar guruhi tuzildi. Bu guruh 1998 yil mayda cho‘qqiga chiqdi. 22 may kuni Rustam Rajabov birinchi bo‘lib Everestni zabt etdi va u yerga O‘zbekiston davlat bayrog‘ini qadadi. Uning ketidan Oleg Grigorev, Sergey Sokolov, Xanif Balmagambetov, Svetlana Baskakova, Ilyos Tuxvatullin, Andrey Fyodorov, Marat Usayev, Roman Mats, Andrey Zaikin, Aleksey Dokukin cho‘qqiga ko‘tarildilar (ekspeditsiya rahbari Anatoliy Shabanov). 1977 yil alpinistlarimiz Markaziy Tyanshanning «Xontangri» (7010 m) va «G‘alaba» (7439 m) cho‘qkisini zabt etgandilar.