Avtomobil sporti, avtomobil poygasi — sport avtomobillari va seriyali avtomobillarda o‘tkaziladigan poyga, sport turi. Birinchi avtomobil poygasi 1894 yil 18 noyabrda Frantsiyada Parij-Ruan-Parij yo‘nalishi bo‘yicha 1200 km masofada o‘tkazilgan. Qoidaga muvofiq tezlik cheklangan (soatiga 12,5 km) edi. Poyga aylanma shosselar, to‘g‘ri shosselar, avtodrom, ippodrom, velodrom, stadionlarda o‘tkaziladi. Belgilangan masofada rekord qo‘yish uchun maxsus poygalar ham o‘tkaziladi. Poygada qatnashadigan avtomobillarning xalqaro tasnifi (asosiy mezon — avtomobil rusumi va dvigatelning ish hajmi) va texnika talablari vaqt-vaqti bilan o‘zgarib turadi.
Chet elda jahon chempionligi uchun aylanma shosselarda o‘tkaziladigan avtomobil poygalari va Yevropa chempionligi uchun o‘tkaziladigan avtoralli asosiy musobaqalar hisoblanadi. Xalqaro avtomobil federatsiyasi (1904 yil) tashkil etilgan. Jahon birinchiligi 1925 yildan o‘tkazib kelinadi. 1965 yil noyabrda amerikalik poygachi Kreg Bridlav reaktiv dvigatelli avtomobilda soatiga 966, 554 km tezlikda yo‘l bosib mutlaq rekord qo‘ydi. Avtomobil sporti bo‘yicha sobiq Ittifoq birinchiligida Riga shahrida O‘zbekiston jamoasi 1978 yilda birinchi marta qatnashdi. O‘zbekiston sportchilaridan Murodjon Qayumov eng yaxshi natija ko‘rsatdi.
1996 yil O‘zbekistonda birinchi marta Pskent shahri yaqinidagi «Ujniy» avtopoligonda tezlik rekordi o‘rnatildi. V. Ye. Aleksandrov 100 km masofada o‘rtacha 118 km/ soat tezlikka erishdi. 1997 yil shu joyda birinchi marta O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. O‘zbekistonda Avtomobil sportining 264 ta sektsiyasi bo‘lib, 22 395 kishi sportning shu turi bilan shug‘ullanadi. 116 947 kishi ommaviy sport razryadiga ega, 41 nafar sport ustaligiga nomzod, 10 nafar sport ustasi bor (1997 yil). Karimjon Mahkamjonov.
Badiiy gimnastika - sport turi, buyum (tasma, koptok, halqa, arg‘amchi) bilan va usiz turli nafis gimnastika va raqs mashqlarini musiqa ostida bajarish bo‘yicha ayollar musobaqalari. Xalqaro sport musobaqalarining hozirgi zamon dasturida ko‘p kurash (bitta majburiy va buyumlar bilan uchta erkin mashqlar) hamda buyum bilan guruh bo‘lib erkin mashqlar bajarish bor. G‘oliblar ko‘p kurashda, alohida va guruh bo‘lib bajariladigan mashqlarda aniqlanadi. Sportchilarning mashqlari 10 balli tartib bo‘yicha baholanadi. 40- yillardan Badiiy gimnastika musobaqalari o‘tkazila boshlandi. 50-yillar oxirida Xalqaro gimnastika federatsiyasi (FIJ) Badiiy gimnastikani sport turi sifatida tan oldi. 1963 yildan toq yillari jahon chempionatlari o‘tkazilmoqda, 70-yillar boshidan Intervideniye Kubogi uchun yirik xalqaro musobaqalar tashkil qilinmoqda. 1984 yildan Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan.
O‘zbekiston Badiiy gimnastikachilari terma jamoasi 1991 yil Simferopolda o‘tgan ittifoq chempionatida 1-o‘rinni oldi. 1996 yil Osiyo chempionati (Xitoy)da, 1997 yil jahon chempionati (Germaniya)da ishtirok etdi (terma jamoa bosh ustozi A. Malkina, xoreograf V. Vasilev, jamoa a’zolari I. Zamyatina, T. Budarina, F. Sharipova, L. Meshcheryakova).