30
bo‘g‘inlari shunday kadrlar qo‘l ostiga tushib qoldi. Ular respublikadagi
ijtimoiy-siyosiy vaziyat yanada keskinlashishining asosiy
sababchilariga aylana
bordilar. Qisqa muddat ichida O‘zbekiston prokuraturasining eng yuqori, eng muhim
lavozimlaridan tortib, oblast, rayon prokurorlarigacha markazdan doimiy ishlashga
yuborilgan vakillari bilan almashtirilgan. 1984-yilda O‘zbekiston SSR Prokurori,
uning muovinlaridan uchtasi, eng katta boshqarmalarning boshliqlari lavozimlariga
markazdan yuborilgan xodimlar qo‘yildi. Natijada Buxoro viloyatiga
G.N.Matyushov,
Samarqand
viloyatiga
V.I.Eremenko,
Xorazm
viloyatiga
А.D.Titorenko, Navoiy viloyatiga А.P.Suxarev, Surxondaryo viloyatiga V.M.Jeltkov,
Qoraqalpog‘iston АSSRga V.V.Dontsov, Toshkent shahariga G.P.Filippenkovlar
prokuror etib tayinlandilar.
Bu hol aslida respublikadagi asosiy mas’uliyatli lavozimlarga markazdan
yuborilgan “desantchilarni” joylashtirish siyosati boshlanganidan darak berar edi.
Ular ittifoq markazining respublikadagi tayanchi bo‘lishi va respublikada sovetcha
usuldagi “tartib-intizom”ni yanada mustahkamlashlari lozim edi. Shubhasiz, mahalliy
rahbariyat “iltimosiga binoan” yuborilgan kadrlar noqonuniy tarzda hibsga
olinganlarning manfaatlarini himoya qilishi ham qiyin edi. Aksincha, “desantchilar”
qatag‘onlik
siyosatining davom etishida, respublikada nohaqlik va qonunbuzarlik,
mansabni suiste’mol qilishning avj olishida, zo‘ravonlik va tazyiqning kuchayishida
“faol” rol o‘ynadilar. O‘z navbatida, ular markazning respublikadagi tayanchi bo‘lib
qoldi va respublika huquq-targ‘ibot organlariga ehtiyojni “desantchilar” orqali
to‘ldirib borishdi.
Ayni paytda o‘zi egallab turgan lavozimiga noloyiq deb “hisoblangan”
kadrlarga nisbatan ta’qib boshlanib, yetilib kelayotgan iqtisodiy inqiroz
“gunohkorlar”ini topish, ularga partiyaviy jazo berish bilan, go‘yoki, muammolarning
oldini olish boshlandi. 1983-yilda SSSR Bosh Prokurori A.M.Rekunkov topshirig‘iga
ko‘ra, SSSR Prokuraturasining alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi T.Gdlyan
boshchiligida mamlakatning turli mintaqalaridan to‘plangan 200 kishidan iborat
tergov guruhi tuzilib, O‘zbekistonga yuborilgan. Bu “paxta ishi”ning amaldagi
boshlanishi edi.
“Paxta ishi” uydirmalari boshlangan vaqtda xalq xo‘jaligida “jinoiy ishlarga
qo‘l urgan” xodimlar
javobgarlikka tortilib, ular xalq xo‘jaligida “qo‘shib
yozishlarga” yo‘l qo‘yganlikda ayblandilar. Qo‘shib yozishlarni tekshirishdan
boshlangan tergov guruhining faoliyati asta-sekinlik bilan rahbarlik lavozimida
ishlayotgan kishilami ham torta boshladi. “Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” nomini olib
kelgan qatag‘onga keyinroq milliy tus berilib, to‘liq “o‘zbeklar ishi”ga aylantirildi.
Natijada mahalliy rahbar xodimlar, ziyolilar ham ta’qib ostiga olina boshladi.
O‘zbekistondagi bu holatlar haqida markaziy matbuot sahifalarida shunchalik ko‘p
maqolalar chop etildiki, ulardan “xalqimizning tarixi, madaniyati, paxta va
paxtakorning mashaqqatli mehnatlaridan bexabar odamlarda go‘yo, o‘zbeklar turli
nopok yo‘llar bilan daromad orttirib, yengil-yelpi hayot kechiradi”, degan noto‘g‘ri
tasavvur tug‘ilishiga sabab bo‘ldi.
Tergov guruhiga kirgan tergovchilarning asosiy qismi katta bilim va tajribaga
31
ega bo‘lmagan, noqonuniy holatlardan ko‘z yumadigan, topshiriqlarni ko‘r-ko‘rona
tarzda bajaradigan kishilar bo‘lgan. Tergov guruhiga
katta vakolat va imtiyozlar
berilgan. Ular soxta ayblovlar bilan qonunsizlik yo‘liga o‘tib, tergov jarayonlarida
tuhmat, ig‘volar uyushtirish, faktlarni soxtalashtirish, kishilarni soxta ma’lumot
berishga majbur etish, o‘zlariga yoqmagan kishilardan o‘ch olish vositasi sifatida
foydalanganlar. T.Gdlyan olib borayotgan jinoyat-tergov ishlarining barchasi
ochiqdan ochiq ayblov yo‘nalishida bo‘lgan. Ko‘plab jismoniy va ma’naviy
azoblardan so‘ng qamoqqa olinganlar o‘z ayblarini bo‘yinlariga olishga majbur
bo‘lganlar.
Gunohi hali isbotlanmagan kishilarni qamoqlarda ashaddiy jinoyatchilar bilan
birga bir kameralarda ushladilar,
ularni shafqatsiz kaltaklab, ruhiy azob berib,
qo‘rqitib, tergovchilar avvaldan tayyorlab qo‘ygan hujjatlarga imzo chekishga majbur
etdilar.
Mana shunday qabih yo‘llar bilan tergov guruhi guvohlik beruvchilardan
o‘zlariga kerakli ma’lumotlarni olgan. Noqonuniy qamoqqa olingan kishilar orasida
ko‘p bolali onalar, homilador ayollar, yosh bolalar ham bo‘lgan. Bu ishlardan
ko‘zlangan maqsad iqtisodiy “jinoyatchilik”ni fosh etish emas, balki mamlakat
hayotidagi umumiy salbiy holatlarning aniq bir ko‘rinishi bo‘lgan qo‘shib yozishga
qarshi harakatlarni to‘xtatish, “temir intizom” bilan milliy kadrlarni jazolab,
erkin
fikrlaydigan ziyolilarni jilovlash, respublikalarda yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy
kuchlarni bo‘g‘ib tashlash, milliy ong, fuqaroning faolligini ham bir tizginda ushlab
turishdan iborat edi.
T.Gdlyan guruhining O‘zbekistondagi faoliyati davomida O‘zbekiston SSR
prokraturasi va O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirliklarining 20 nafar rahbar xodimi,
O‘zbekiston Kompartiyasi MQning to‘rt nafar kotibi, viloyatlardagi qo‘mitalarining
sakkiz kotibi, O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi, O‘zbekiston SSR Oliy Soveti
prezidiumi Raisi, O‘zbekiston Paxta tozalash sanoati vaziri va boshqa bir qancha
mas’ul xodimlar, umuman, 62 nafar mas’ul shaxs pora olishda ayblanib, jinoiy
javobgarlikka tortildilar. 1989-yilning may oyiga qadar javobgarlikka tortilgan 35
nafar ayblanuvchining ishi sudga oshirildi. 1984-1989- yillar davomida T.Gdlyan
guruhi tomonidan 800 dan ko‘proq “jinoiy” ish ko‘rilib, jinoiy javobgarlikka
tortilganlarning 600 nafari rahbar xodimlar, 10 nafari Sotsialistik Mehnat
Qahramonlari bo‘lgan. O‘zbekiston SSR Paxta tozalash sanoati vaziri V.Usmonovga
esa 1986-yilda o‘lim jazosi belgilangan, hukm 1987-yilda amalga oshirilgan.
XX asr 80-yillariga kelib qo‘shib yozishlar, poraxo‘rlik, mansabni suiite’mol
qilish hollari ittifoqdosh respublikalarning barchasida kuchaygan edi. Shuningdek, bu
illatlar faqat mahalliy rahbar kadrlar yo‘l qo‘ygan xato,
kamchiliklarnigina emas,
balki mamlakatda o‘tgan yillar ichida shakllangan ma’muriy-buyruqbozlik tizimining
natijasi edi. “Paxta ishi” uydirmalari bo‘lsa, o‘zbek xalqini kuchayib kelayotgan
iqisodiy inqirozlardan chalg‘itish, bunda biror bir xalqni “aybdor” qilib ko‘rsatish
orqali xalq e’tiborini boshqa tomonlarga burib yuborishdan iborat edi. Aslida shunday
ham bo‘ldi, butun mamlakat bo‘ylab O‘zbekistondagi “ulkan o‘g’riliklar”,
“poraxo’rliklar” muhokama etildi. Natijada “turli millat xalqlarining buzilmas ittifoqi
32
tashkil topgan” bu ulkan davlatda “do‘stlik va qardoshlarcha hamkorlik” bir chetda
qolib, butun mamlakatga o‘zbek xalqiga nisbatan “boqimanda” degan yorliq
yopishtirildi. Butun bir millatni ayblash yo‘liga o‘tib olgan siyosiy rahbariyat “paxta
ishi”ni “o‘zbeklar ishi”ga aylantirib yubordi. O‘zbekiston mustaqil ravishda “paxta
ishi”ni tekshirishni boshlaganda ishni mahalliy rahbarlarga berishni istamay,
tekshiruv ishlariga to‘sqinlik qilishga, haqiqiy aybdorlarni yashirib turishga, barcha
ayblovlarni yana o‘zbek xalqi yelkasida qoldirishga intildi.
Dostları ilə paylaş: