1-MAVZU. KIRISH.“O‘ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI” O‘QUV FANINING PREDMETI, MAQSADI VA VAZIFALARI, NAZARIY-METODOLOGIK TAMOYILLARI.
Reja:
1. O‘zbekiston eng yangi tarixi fanining predmeti, ob’ekti, uni o‘rganishning nazariy-metodologik tamoyillari. O‘zbekiston tarixining jahon xalqlari tarixi bilan bevosita uyg‘unligi.
2. O‘zbekiston tarixini o‘rganishda moddiy va yozma manbalarning o‘rni.
3. O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov komil insonni tarbiyalashda O‘zbekiston tarixi fanining ahamiyati to‘g‘risida
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barkamol avlod va ma’naviy yetuk shaxsni tarbiyalashda tarix fanining o‘rni va saboqlari xususida.
5. “Avesto” qadimgi ajdodlarimiz ma’naviy hayotini o‘rganishda muhim manba.
Mavzu yuzasidan tayanch so‘z va iboralar: O‘zbekistonning eng yangi tarixi, fanning predmeti, ob’ekti, nazariy-metodologik asoslari, tarixiy manbalar, moddiy va yozma manbalar, sivilizatsiya, metod va metodologiya, ibtidoiy jamiyat, paleolit, mezolit, neolit, eneolit, “homo Sapienc”, kromanon, urug‘chilik jamoasi, matriarxat, patriarxat, o‘q-yoy, diniy tassavurlar, mis-tosh davri, bronza davri, temir davri.
O‘zbekiston eng yangi tarixi fanining predmeti, ob’ekti, uni o‘rganishning nazariy metodologik tamoyillari. O‘zbekiston tarixining jahon xalqlari tarixi bilan bevosita uyg‘unligi.
Tarix fani insoniyatning o‘tmishi, aholining turmush tarzi, jamiyat ijtimoiy taraqqiyotiga oid sodir bo‘lgan voqea va hodisalarni, insoniyat jamiyatining barcha tadrijiy (evolyusion) rivojlanish jarayonlarini o‘rganadi. Vatanimiz tarixi jahon tarixining ajralmas qismi bo‘lib, u ajdodlarimizning bosib o‘tgan tarixiy yo‘li, turmush tarziga oid ma’lumotlarni ma’lum izchillikda va ketma-ketlikda o‘rganadi. O‘zbekiston tarixi fanini o‘rganish orqali biz ajdodlarimizning hayoti, turmush tarzi xususida tushunchalarga ega bo‘lish barobarida, ularning jahon xalqlari tarixiy taraqqiyotiga qo‘shgan hissalari haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Tarix xususida xolis ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun fanning predmeti va ob’ektini to‘g‘ri belgilab olish muhim ahamiyatga ega. Zero, hozirgi kunda tarixchilar oldida turgan muhim masalalardan biri bu, o‘zbek xalqi va uning davlatchilik tarixini fanning predmeti va uni o‘rganish ob’ektidan kelib chiqib, ma’lum nazariy-metodologik tamoyillarga suyangan holda haqqoniylik, xolislik asosida yoritishdan iboratdir.
Tarix fani ham boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar kabi mustaqil fan hisoblanadi. U barcha fanlar qatori alohida o‘z o‘rni va mavqeiga ega bo‘lib, ijtimoiy-gumanitar va boshqa ayrim fanlar bilan uzviy bog‘liq holda o‘rganiladi. Birinchidan, u o‘z xususiyatiga ko‘ra, o‘tmish haqida saboq beradi, insonlarni sodir bo‘lgan voqea va hodisalar haqida kerakli xulosalar chiqarishga undaydi, kishilarni ajdodlarimizning o‘tmishdagi hayot tarzini, ular yaratgan moddiy va ma’naviy merosini qadrlashga undaydi.
Ikkinchidan, tarix fanini o‘rganishda barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun xos barcha shakl va uslublarga tayaniladi, hatto uni o‘rganishda matematik usuldan ham foydalanilishi bejiz emas. Chunki tarixiy voqea va hodisalar qat’iy aniqlikda, davriy ketma-ketlikda, xronologik asosda o‘rganiladi. Ularni o‘rganishda tarixiy hujjat va dalillarning haqiqiy ekanligi, ular qachon, qaerda, qanday tarixiy muhit va sharoitda yaratilganligiga ham ahamiyat bermoq lozim. O‘zbekiston tarixi fani o‘tmishdagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni, ularning rivojlanishi va tanazzulining sabab hamda oqibatlarini o‘rganadi, kishilarni ulardan kelajak uchun saboq va xulosalar chiqarishga undaydi. Bu esa bo‘lg‘usi avlodlar kamolotida katta ahamiyatga ega.
Fanning predmeti shu mintaqada sodir bo‘lgan jamiki voqea va hodisalar, ulardagi umumiylik va aloqadorlik qonuniyatlari, tarixiy hodisa va jarayonlar, umuman insoniyatning barcha tarixiy faoliyat jarayonlarini o‘rganishdir. O‘zbekiston tarixi fanini o‘rganish ob’ekti O‘zbekiston tarixida sodir bo‘lgan barcha voqea va hodisalardir. Tarixiy ob’ekt (makon)ga nisbatan fanning maqsadi, vazifasi, yo‘nalishini belgilaydi. Ma’lum bir ma’noda ob’ekt bilan predmet bir-biriga juda yaqin tushuncha bo‘lsada, ular tarix fanida tutgan o‘rni va vazifasi bilan farqlanadilar.
Ob’ekt, aniq tarixiy davr, makon, zamon va geografik va umumiy mintaqaviy chegaralar, ma’lum xalqlar, mamlakatlar tarixi bilan bog‘liq jarayonlar bo‘lib, ular voqea va hodisalarni bir butun va yaxlitlikda qamrab oladi. Shu boisdan ijtimoiy gumanitar fanlarning ob’ekti, aniq reallikda sodir bo‘lgan va bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, o‘zgarishlar, voqea va hodisalardir. Predmet esa mana shu ob’ekt ichidagi aniq tarixiy-madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardan iborat bo‘lgan aniq voqea va hodisalarni o‘rganishdir.
Yuqorida tarix fani bir qator fanlar, xususan ijtimoiy-gumanitar fanlari bilan mustahkam va uzviy aloqada o‘rganiladi, dedik. Shuni ham aytish lozimki, tarix va boshqa aksariyat ijtimoiy- gumanitar fanlarning o‘rganish ob’ekti inson, davlat va jamiyatdir. Shuning uchun ham boshqa fanlar tarix fani taraqqiyotiga hissa qo‘shadi, tarixiy haqiqat ro‘yobga chiqishiga bevosita yordam beradi. Tarix faninini ya’ni, Vatan tarixini xolis o‘rganish xalqimiz o‘tmishi haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishda muhim o‘rin tutadi, xalqimiz kelajak taqdirini ravnaq topishida muhim ahamiyatga ega.
Zero, o‘zbek xalqi va O‘rta Osiyo mintaqasida azaldan birga istiqomat qilib kelayotgan xalqlar tarixi o‘zaro mushtarak bo‘lib, ular insoniyat tarixining ajralmas qismi hisoblanadi. Fanni o‘qitishdan asosiy maqsad, vatanimiz tarixining qadimgi davridan hozirgi kungacha bosib o‘tgan uzoq va murakkab tarixiy yo‘lini, xalqning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’naviy hayotini holisona o‘rganish orqali fuqarolar, ayniqsa yoshlar ongida tarixiy xotira, ular qalbida vatanparvarlik, g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishdan iboratdir.
Talabalar fanni o‘rganish jarayonida o‘tmishda xalqimizning, ya’ni ajdodlarimizning hayoti, turmush-tarzi, ularning ajnabiy bosqinchilarga qarshi mustaqillik va ozodlik uchun kurashlari, mardligi va jasorati haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ladilar, xalq qahramonlari, davlat arboblari, olimu-fuzalolar keng faoliyatlarini o‘rganadilar. Shu bilan birgalikda talabalar mamlakatimizning mustaqillikka erishishi, mustaqillik yillarida jamiyatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, xalqimiz ma’naviy qadriyatlarining tiklanishi, demokratik fuqarolik jamiyat qurish yo‘lida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar xususida ma’lumotlarga ega bo‘ladilar.
Dostları ilə paylaş: |