O`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darslari. O`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darslarining asosiy vazifalari. O`quv predmetlari bo`yicha o`rganilgan bilimlarning puxtaligi ko`p jihatdan takrorlash va malaka hosil qilish darslarini tashkil qilishga bog`liq. Bunday darslarda oldin o`rganilgan bilimlarga, qoida va ta`riflarga takroriy duch kelinadi. O`rganilgan o`quv materialiga takroriy qaytish va shu mavzuga oid fakt to`plash, tahlil etish, solishtirish asosida olib boriladi, mavzu bo`yicha etarli mashq qilinadi. Mashq qilish, bilimlarni turli o`quv sharoitlariga tatbiq etish yo`li bilan o`rganilgan bilimlar takroriy tasavvur etiladi. Ana shular ga ko`ra bu dars tipi oldin o`rganilgan bilimlarni qayta esga tushirish va esga tushirilgan bilimlarni turli o`quv sharoitlariga tatbiq etish shakli sanaladi.
Takrorlash va malaka hosil qilish darslarida, bir tomondan, mashq hamda turli vositalar yordamida o`rganilgan o`quv materiallari doirasida malakalar hosil qilish, ikkinchi tomondan esa bilimlarni konkretlashtirish jarayonlari amal qiladi. Bunday darslarning psixologik zamini o`quv materialini to`liq o`zlashtirish va malaka hosil qilish bilan xarakterlanadi. Shularga ko`ra, bu dars tipini ”o`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darsi” iborasi bilan atash maqsadga muvofiqdir.
Takrorlash turlari. Takrorlash olti xil bo`ladi:
1.O`quv yili boshida oldingi o`quv yilida o`rgangan bilimlar bo`yicha tashkil etiladi. Masalan, 5-sinfda boshlang`ich sinflarda, 6-sinfda esa 5-sinfda o`rganilgan bilim, hosil qilingan malakalar esga tushiriladi. O`quv dasturlarida bunday takrorlash uchun maxsus o`quv soatlari ajratilgan, darsliklarda mashqlar berilgan.
2. O`quv yili oxiridagi yakuniy takrorlash. Bu xil takrorlash orqali o`quvchilarning bilim, malakalari tizimga solinadi, bilimdagi nuqsonlar tugatiladi, o`quv predmeti bo`yicha yakuniy xulosalar chiqariladi.
3. Oldingi o`quv soatlarida o`rganilgan bilimlarni esga tushirish uchun takrorlash. Bu xil takrorlash o`quvchilarni yangi mavzuni o`rganishga tayyorlash bosqichi sifatida o`tkaziladi. Shu yo`l bilan o`rganilgan va urganilaetgan bilimlar o`rtasidagi vorislik, aloqadorlik o`rnatiladi.
4. Darsda bugun o`rganilgan yangi o`quv materialini takrorlash. Bu xil takrorlash vaqt jihatdan yangi o`quv materiali o`rganilgan zahoti tashkil etiladi. Takrorlashning bu turi ”mustahkamlash” termini bilan yuritiladi.
5. Mustahkamlash o`rganilgan bilimlarning esda chuqurroq saqlanishini, uy topshiriqlarini puxta bajarish, kelgusi soatda takrorlash darslarini ijodiy tashkil etish uchun zamin bo`ladi.
6. O`quv predmetining ma`lum bo`limi o`tilgach, tashkil etiladigan bo`limini takrorlash. Bu xil takrorlash o`quvchilarning bilim, malakalarini ma`lum tizimga solish maqsadida tashkil etiladi. Unga ma`lum o`quv soatlari ajratiladi. O`tganlarni takrorlash va malaka hosil qilish darslari takrorlashning Ana shu turiga to`g`ri keladi.