110-rasm. Sinxron generatorning tuzilish sxemasi: 1 – stator; 2 – rotor.
Sinxron generatorlar turbo, gidro va dizel generatorlarga bo‘linadi. Turbogeneratorlar bug‘ yoki gaz turbinalari bilan birga tayyorlanib, qutblari bo‘linmaydi. Ularning o‘qlari gorizontal holatda joylashgan. Elektr stansiyalarida o‘rnatiladigan generatordagi rotorlar o‘qlarining diametrlari mexanik qattiqlikni hisobga olib, 1–1,5 m bo‘ladi. Rotorning uzunligi o‘q egilishini hisobga olgan holda, 7,5–8,5 m ni tashkil etadi. Turbogeneratorlarni suv va vodorod bilan sovitish hisobiga 800–1200 MW quvvatga ega bo‘lgan generatorlar ishlab chiqilgan.
1 MW = 1000 kW = 1000000 W.
Gidrogeneratorlar suv kuchi bilan aylantiriladi. Ularning bir daqiqada aylanish chastotasi 50–500 ayl/min bo‘ladi. Bu generatorning qutblarini ko‘p qutbli qilib ishlab chiqariladi va quvvatlari 500 MW gacha, rotorning diametri 15 metr, uzunligi esa 2 metr bo‘ladi. Kuchli gidrogeneratorlarning o‘qlari vertikal holatda ishlab chiqariladi.
UCH FAZALI ASINXRON DVIGATELNING ISHLASH PRINSIPI Sinxron dvigatellarning stator o‘ramida o‘zgaruvchan tok hosil qilgan magnit maydoni rotor o‘ramidan o‘tgan o‘zgarmas tok magnit maydoni bilan o‘zaro ta’siri natijasida rotor aylanadi. Sinxron dvigatelning rotori ma’lum tezlik bilan aylanishi kerak.Sinxron dvigatelni ishga tushirish va uning rotorini ma’lum darajagacha aylantirish uchun boshqa dvigateldan foydalanish kerak. Shu kamchiligi bo‘lganligi uchun u amalda kam qo‘llanadi. Sinxron generatorlar asosan un tegirmonlari, kimyo korxonalari va maxsus sohalarda ishlatiladi. Asinxron dvigatellar barcha sohalardagi mashina, mexanizmlarda ishlatiladi. Bu dvigatellar shuning uchun ham juda keng tarqalgan. Asinxron dvigatellar stator o‘ramidan o‘tgan elektr toki o‘zgaruvchan elektr maydoni hosil qilishi hisobiga ishlaydi.Uch fazali elektr dvigatellarida o‘ramlaridan o‘tgan o‘zgaruvchan elektr toki aylanuvchi magnit maydonini hosil qiladi (111-rasm). Bu o‘ramlar bir-biridan 120° surilgan holda joylashtirilgan. Toklar ham bir-biridan shu gradusga surilgan. Uchta magnit maydoni qo‘shilib, umumiy magnit maydoni hosil qiladi va stator ichida aylanadi. Bu magnit maydoni rotor o‘ramida tok hosil qilib, rotorni aylantiradi.
111-rasm. Uch fazali asinxron dvigatelning tuzilishi: a – umumiy kesimi; b – qisqa tutashgan rotor; d – stator va rotorning ko‘ndalang kesimi: 1, 11 – podshipniklar; 2 – val (o‘qi); 3, 9 – podshipnik shitlari; 4 – sim uchlari
chiqarilgan quticha; 5 – rotor serdechnigi; 6 – stator serdechnigining o‘zagi; 7 – stator korpusi; 8 – stator o‘ramlari; 10 – ventilator; 12 – kojux; 13 – qirralari; 14 – o‘qlari; 15 – yerga ulash bolti.
Stator magnit maydonining aylanish tezligidan rotorning aylanish tezligi orqada qoladi, shuning uchun bunday o‘zgaruvchan tok mashinalari asinxron dvigatellar deb ataladi.