O’zMU Fizika fakulteti F-1603 Jabborov UluG’bek Seminar rejasi 2. “Temur tuzuklari” da davlatchilikto‘g‘risidagi qarashlar va demokratik tamoyillar.
Nazorat savollari 2. Zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”da ezgulikni ulug‘lovchi qanday g‘oyalar mavjud?
Javoblar Amir Temur va Temuriylar davri milliy davlatchilik to‘g‘risidagi qarashlarida demokratik tamoyillar
XIII-XIV asrlarda O‘rta Osiyoni mo‘g‘ullar tomonidan istilo qilinishi iqtisodiy va ma'naviy hayotga katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Mamlakatda jabr-zulm va zo‘ravonlik kuchayadi, mehnatkash halq qattiq eziladi. Juda ko‘p madaniy boyliklar, ilm maskanlari, madrasa va kutubxonalar yo‘q qilinadi, san'at va ilm-fan vakillari: olimlar, shoir va yozuvchilar, munajjimlar, me'morlar va musavvirlar o‘ldiriladi, omon qolganlari Shimoliy Hindistonga, G‘arbiy Eron va Xuroson viloyatlariga qochib jon saqlab qoladilar. Aynan mana shunday murakkab davrda Amir Temurning (1370 yil) siyosiy sahnaga kelishi hamda mustaqil davlat barpo etishi O‘rta Osiyo halqlarining mo‘g‘ul istilosidan, ichki o‘zaro nizolardan qutulishiga olib keladi. Mamlakatda o‘rnatilgan barqarorlik markaziy davlatning tez orada mustahkamlanishiga, siyosiy kuchlar tarqoqligini bartaraf etishga, ayni paytda, turli islohotlarning amalga oshirilishiga, ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga turtki bo‘ldi.
Bu davrda milliy davlatchilik to‘g‘risidagi qarashlarning rivojlanishida Amir Temurning xizmatlari katta bo‘ldi. Uning tuzuklarida davlat tizimi, uni idora qilish uslublari va vositalari, undagi turli lavozim-vazifalar darajasi, tabaqalarning toifalanishi, harbiy qo‘shinlarning tashqil etilishi, jang olib borish mahoratlari, davlat xizmatchilari rag‘batini tashqil etish omillari, adolatli soliq turlarining joriy etilishi, mamlakatni obodonlashtirish tadbirlari milliy davlatchilikning yuksak madaniy va huquqiy darajada shakllantirishga erishganligidan dalolat beradi. Bunday siyosatning asos-mohiyati adolatli davlat, insonparvar jamiyat negizlarini qaror toptirishga qaratiladi.
Amir Temur davlat boshqaruvining demokratik asoslarini yaratishda mamlakat ishlarini doimo kengash, mashvarad, maslahat, hushyorligu, mulohazakorlik, ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishga qaratadi. Saltanat ishlarini Kengash asosida olib borish - bu aslida ayonlarning rizoligi va ixtiyori demak. Bundan chiqdi bunday yondashuv bevosita davlat boshqaruvi taqsimotining ilk ko‘rinishlari to‘g‘risidagi qarashlarning rivojlanishiga zamin yaratgan.
Sohibqiron har bir ishda siyosatni adolat bilan amalga oshirishga va bunda turli vositalar asosida uning izchilligini ta'minlashga erishadi. Ya'ni adolatga qaratilgan maqsadlarni adolatli vositalar bilan uyg‘unlashtirish asosida davlat boshqaruvining nazariy ta'limotlarini amaliy jihatdan boyitadi-ki, saltanatda adolatni ta'minlovchi siyosat murvatlari yuzaga keladi. Masalan, u nafaqat davlat xizmatchilarining qanday sifatga ega bo‘lishini, balki shunday sifatlilarni qanday qilib davlat boshqaruviga kelishini ta'minlashning yo‘nalishini ishlab chiqadi. Bu borada u shunday deydi: «Agar har narsani va har kimni o‘z martabasida saqlay olmasang, saltanatingga bundan ko‘p halal va ziyon yetgay. Demak, har kimning qadr-qimmatini, tutgan mavqyeini va har narsaning o‘lchovini belgilab olishing va shunga muvofiq ish yuritishing kerak» deb, u davlat xizmatida salohiyatli shaxslarning ishtirokini amaliy tatbig‘iga aylantiradi. Jumladan: «Kimning aqli va shijoatini sinov tarozusida tortib ko‘rib, boshqalarnikidan ortiqroqligini bilsam, uni tarbiyatimga olib, amirlik darajasiga ko‘tarar edim. So‘ngra ko‘rsatgan xizmatlariga yarasha martabasini oshirib borardim» deydi.
Amir Temur o‘z davridagi xizmatlarining eng asosiysi va eng buyugi-bu uning davlat arbobi sifatida adolat g‘oyalariga asoslangan milliy davlatchilik ta'limotlarining huquqiy negizlarini yaratganligi hamda uni tatbiq etib berganligidadir. Shu tariqa u o‘z siyosiy faoliyatini shunday ifoda etadi: “Har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, buzuqlar va axloqsiz odamlarni mamlakatimdan quvib chiqardim. Pastkash va razil odamlarga o‘zlariga loyiq ishlar topshirdim, hamda hadlaridan oshishlariga yo‘l qo‘ymadim. Ulug‘larini va sharaf-e'tiborli kishilarni hurmatlab, martabalarini oshirdim. Har mamlakatda adolat eshigini ochdim, zulmu sitam yo‘lini to‘sdim».
2. Ma'lumki, O‘zbekistonda milliy davlatchiligimiz to‘g‘risidagi eng qadimgi manba “Avesto”dir. U eramizdan oldingi 3 minginchi yillarda ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilk davlatchilik to‘g‘risidagi ijtimoiy qarash hisoblanadi. Agar “Avesto”da ilgari surilgan g‘oyalarga e'tibor beradigan bo‘lsak, bugungi adolatparvar - demokratik jamiyat barpo etishga qaratilgan g‘oyalarimiz bilan hamohang ekanligini ko‘ramiz.
Davlatchilik asoslarini shakllantirish borasida “Avesto” deyarli barcha siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar davlat tuzum asoslari, zardushtiylarning falsafasi, dunyo tarixining rivojlanishi haqidagi ma'lumotlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Manbada avvalo, inson erki, uning ruhiy komilligi masalalari ustuvor qo‘yiladi. Masalan; “Men yaxshi fikr, yaxshi so‘z, yaxshi ishga shon-shavkat baxsh etaman” deyiladi Yasna (14) kitobida. Axuramazda, insonlar o‘rtasida bo‘layotgan munosabatlar o‘zaro samimiylik, hurmat beg‘arazlik, yordam va oqibatli bo‘lish zarurligiga, yomon fikrlardan holi bo‘lishga chaqiradi. Kattaga hurmat va kichikka izzat, sabr-bardosh, halollik, mehr-oqibat va boshqa bir qator tamoyillar borki, bular milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillariga uyg‘un keladi.
“Avesto”da eng muhim masalalardan biri-bu huquqiy munosabatlarning nazariy jihatdan shakllanganligidir. Unda inson hayoti va odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy - iqtisodiy munosabatlar huquqqa asoslanganligi haqida ma'lumotlar bor. xaqiqat, yaxshi so‘z va maqsad, poklik va ezgulikka intilish, suv, yer, olov, xonadon va chorvani asrab-avaylash axloqiy burch sanalgan. Inson o‘zining ishlari va fikrlari bilan yaxshilik, yorug‘lik va baxt keltiruvchi, hayot va haqiqat beruvchi oliy tangri Axuramazdaga yordamchi bo‘lib xizmat qiladi.
Oila va jamoada berilgan so‘zdan yoki qasamdan voz kechish, odamlar o‘rtasida tuzilgan ahdnomani buzish katta gunoh hisoblangan: “O Spitama, shartnomani buzuvchi kishi butun mamlakatni buzadi, shu bilan birga Artaga tegishli barcha mulku mollarga putur yetkazadi. O Spitama, ahdingni buzma...” (“Yasht”, X bob.)
Tarixiy hujjatlar asosida aytish mumkinki, “Avesto”ning “Yasna”, “Visprat”, “Yasht”, “Videvdat” kitoblarida ilgari surilgan huquqiy ta'limotlar Rim huquqidan qadimiyroq hisoblanadi. Boz ustiga, ular keyinchalik tashqil topgan davlatlar siyosiy tizimining shakllanish manbasi bo‘lib ham xizmat qilgan. Shu tariqa “Avesto” Grek mutafakkirlari va Rim huquqshunoslari ijodiga O‘zining har tomonlama mukammalligi bilan ta'sir ko‘rsatgan. Jumladan, inson huquqi, jismoniy va huquqiy shaxs erkinligi, inson erkinligi, erkak va ayolning tengligi masalasi, ozchilikning huquqi, voyaga yetmaganlar huquqi, vijdon, e'tiqod va din erkinligi, jamoa va guruhlarning huquqi, mol-xol huquqi, oila huquqi, shartnomalarning majburiylik huquqi, qasddan yoki ehtiyotsizlik natijasida sodir etilgan jinoyatning turlari ishlab chiqilgan. Shuningdek «Avesto»da o‘g‘rilik yoki bosqinchilik farqlari tasniflangan, himoya huquqi va sud ishlarini yuritish hamda tashqil etish kabi boshqa huquqiy prinsiplar ham o‘z ifodasini topgan.
Ma'lumki, demokratik jamiyat asoslari davlatda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy prinsiplarning tizimiy yaxlitligi mavjudligida namoyon bo‘ladi. Ayni paytda, ular umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘un holda bo‘lishiga asoslanadi. «Avesto»da bunday qadriyat va prinsiplar shakllantirilganligining guvohi bo‘lamiz.