Xorazmshohlar
Xorazm vohasi o’zining qulay strategik va jug’rofiy mavqei hamda qadimdan
rivojlangan hudud bo’lganligidan, u Markaziy Osiyo mintaqasida turli davrlarda
kechgan muhim tarixiy jarayonlarda alohida o’rin tutib, o’z muayyan ta’sirini
o’tkazib borgan. Vatanimiz hududida miloddan avvalgi so’nggi ming yillik
boshlaridagi ilk davlatchilik tuzilmalari ham shu hududda vujudga kelgan.
Milodning turli bosqichlarida ham Xorazmshohlar sulolasi nomi bilan hukmronlik
qilgan hukmdorlar xonadoni tarixdan ma’lum. Bular: 305-995 yillarda
afrig’iylar
xonadoni, 995-1017 yillarda ma’muniylar (Ma’mun I, Abdulhasan Ali,
Ma’mun II), 1017-1034 yillarda esa Oltintoshiylar (Oltuntosh, Horun, Handon)
sulolalari Xorazmshohlar unvoni bilan davlat boshqaruvini amalga oshirganlar.
Biroq ming afsuski, XI asrning boshlarida yuz bergan tarixiy jarayonlar taqozosi
bilan Xorazm davlati tanazzullikka uchrab, zaiflashib, mintaqaning boshqa
sulolalari, chunonchi, avval boshda G’aznaviylar hukmronligi (1017- 1044), undan
so’ng Saljuqiylar boshqaruvi ta’siriga tushib qolgandi. Shuningdek, XI asrning 40
yillarida sharqdan bostirib kelgan ko’p sonli Qoraxitoylar ham Xorazm erlarini
ishg’ol etib, bu hududlardan belgilangan miqdordagi xiroj to’lovlarini olish huquqini
qo’lga kiritgandilar. Binobarin, XI asr ikkinchi yarmiga
kelib Xorazm oldida
yangidan mustaqillikka erishish vazifasi ko’ndalang bo’lib turardi.
Bunda shuni ta’kidlash joizki, Xorazmning qaytadan mustaqillikni qo’lga kiritishi,
hududiy jihatdan kengayib, butun-butun o’lkalarni o’z tarkibiga kiritib, qudratli
saltanat darajasiga ko’tarilishi, so’ngra uning pirovardida inqirozga yo’liqishi - bu
jarayonlar yangi sulola - Anushtaginlar sulolasi (1097-1231) nomi bilan uzviy
bog’liqdir.