8-bob
UYQU MUHTASHAMDIR
Ikkisi kimsasiz yerda gaplashib yurib borishardi. Kendin bu
voqealardan shu qadar taʼsirlangan ediki, birdan:
- Uxlashdan nafratlanaman!, - deb yubordi.
- Hoy, hoy, hoy!..., - Kendinning gapini boʻldi Jin.
- Aslo bunday deya koʻrma. Uyqu muhtasham mexanizmdir.
Agar u boʻlmasa, oʻrgangan narsalaring hech qachon yodingda
qolmasdi, chunki sen yangi oʻrgangan maʼlumotlaringni eng koʻp
uyqung davomida mustahkamlab olasan. Uxlayotganingda
tanangdagi butun fiziologik va psixologik jarayonlar amalga
oshadi. Yaʼni dam olishing, oʻzingni ertangi kun uchun tayyor
deb his qilishing va hayotingni davom ettirishing uchun mutlaqo
uxlashga majbursan.
Kendin hayratda edi.
- Sen emasmiding uxlashimga qarshi chiqqan?
Jin anglashilmovchilikni bartaraf etish maqsadida darhol soʻz
boshladi:
- Men aslo uxlashingga qarshi emasman. Faqatgina koʻp
uxlashingga qarshiman. Koʻp uxlashdan murod 8 soatdan ortiq
emas, balki 4 yoki 6 soatdan ortiqdir. Yaʼni "Ideal uyqu
davomiyligi 8 soat boʻlishi kerak" deya quduqqa otilgan oʻsha
toshga jahlim chiqadi mening. Zotan sayohatimizning butun
maqsadi ham aslida u toshni quduqdan chiqarib, yoʻq qilish va
"Ideal uyqu davomiyligi inson uxlay oladigan eng oz muddatdir"
toshini miyangga mustahkam oʻrnatishdir. Shunda sen bilan birga
butun insoniyatning bu bemaʼni xurofotdan qutulishini taʼmin
etgan boʻlaman. Agar hech uxlamasang oxiri yoʻq muammolar
ichida yashaysan. Bundan kelib chiqadiki, nafas olish, suv ichish,
42
ovqatlanish qanday zarurat boʻlsa, uxlash ham xuddi shunday
majburiyatdir. Endi esa senga ajoyib xushxabarim bor:
Dunyodagi hech bir inson hanuz tanishib, gaplashmagan biri
bilan seni tanishtiraman. U uyqu qiroli. Koinotda hech bir
maxluqot uyqu mavzusida undan koʻra ilmli emas...
Kendinning koʻzlarini katta-katta ochgancha ketma-ket savollar
yogʻdira ketdi:
- Kim u, oʻzi qanaqa, necha yoshda, nima yeb, nima ichadi?...
- Sen bilan tengdosh, juda sadoqatli va itoatgoʻy, sening
miyangda yashaydi. Ismi Gipotalamus. Sen uchun bir uchrashuv
belgiladim.
- Qanday?, - dedi Kendin hech nima anglamay. Jin tushuntirishda
davom etdi:
- Zoʻrgʻa koʻndirdim. Sendan xafa ekan. Gaplashishni
xohlamadi; ammo ozgina bosim oʻtkazgandim qabul qildi.
Kendinning fikrlari qorishib ketgandi.
- Yaxshi, lekin uning miyamda yashashini aytding. U bilan
qanday qilib koʻrishamiz? Ochiqroq gapirsang-chi, xayollarim
chalkashib ketdi.
- Eh Kendin! Haliyam inson kabi oʻylayapsan. Unutib qoʻyding
shekilli, biz hozir mutlaqo boshqa olamdamiz. Supermen misoli
istagan har joyimizga bora olamiz, xohlagan joyimizga kira
olamiz. Zamon, makon, umuman, hech narsa bizga toʻsqinlik
qilolmaydi, - dedi Jin.
Kendinni Gipotalamusning oldiga olib borishdan avval uni
oʻzidagi kuchga ishontirish maqsadida borish nihoyatda qiyin
boʻlgan bir joyga olib borishga qaror qildi. Mana shunda, hech
qanday shubha-gumonlarga o’rin qolmaydi. Kendin nafaqat
miyaga, balki igna teshigidagi tuyaning oʻrkachiga ham kira
43
olishlariga ishonishi kerak edi. Agar Gipotalamus bilan ichidagi
shubha-yu gumonlarni yoʻqotmay turib uchrashsa, bu
uchrashuvning hech qanday foydasi boʻlmasdi.
|