Stereotip qarorlar odatda qat'iy yo’riqnomalar, me'yoriy hujjatlar doirasida
qabul qilinadi. Bunday qarorlar ba'zan kundalik, ba'zan masalalar bo’yicha qabul
qilinadi, lekin o’zgarishlar asosan muddatlarga, ayrim sifat parametrlariga,
ijrochilarga taalluqli bo’ladi.
Rahbar streotip qarorlarni odatda ortiqcha tayyorgarliksiz qabul qiladi.
Xodimlarni ishga olish va ishdan bo’shatish, korxonaning faoliyatini risoladagidek
boshqarish yuzasidan chiqarilgan buyruqlarni shunday qarorlar jumlasiga kiritish
mumkin.
Tashabbusli qarorlar o’z tavsifiga ko’ra notovarlik mazmuniga ko’ra esa
istiqbolni nazarda tutadigan qarorlardir. Bunday qarorlar vaziyatni sinchkovlik bilan
batafsil o’rganishni, maxsus kuzatuv materiallariga asoslanishni, maxsus hisob-
kitoblarning amalga oshirilishini talab qiladi. Tashabbusli qarorlar erkin harakatga
asoslanib qilinadi.
An'anaviy qarorlar - bu odatiy vaziyatlarda qabul qilinadigan qarorlardir.
Ularning amal qilish doirasi oldindan ma'lumdir. Bunga, korxona yoki firmaning
ishlab chiqarish dasturini qabul qilishga oid qilingan qarorlar misol bo’la oladi.
Tavsiyali qarorlar o’z mohiyatiga ko’ra tashabbusli qarorlarga yaqin bo’lib,
ularda korxona faoliyatini yaxshilash borasidagi tavsiyalar o’z aksini topadi.
Aniq qarorlar to’la-to’kis axborot mavjud bo’lgan holdagina qabul qilinadi.
Shu sababli, bunday qarorlarning amalga oshish ehtimolligi birga yaqin bo’ladi.
Noaniq qarorlar - bu tavakkal bilan - to’la bo’lmagan axborotga asoslanib
qilinadigan qarorlardir. Boshqacha qilib aytganda, bunday qarorlar kutiladigan
natijaga baho berish imkoniyati bo’lmagan hollarda tavakkal qilib qabul qilinadigan
qarorlardir.
Tezkor (operativ) qaror kechiktirmay ijro etish uchun chiqariladi. Masalan,
tabiiy ofat sodir bo’lgan hollarda uni bartaraf qilish bo’yicha qabul qilingan qarorlar
ana shunday qarorlar turkumiga kiradi.