www.ziyouz.com kutubxonasi
28
– U Madinaga kirgan?
– Madinaga kirgan bo‘lsa ham!»
Jobir ibn Abdulloh baribir o‘z so‘zida qat’iy turgan. Bunga yuqoridagi hadis ochiq dalil
bo‘la oladi. Bizningcha, Jobir (r.a.) Dajjolni juda ko‘p narsaga qodir deb o‘ylaydi. Ya’ni
iymoni zaiflarni yo‘ldan ura oladigan darajada g‘ayri oddiy imkoniyatlari bor. Masalan, u
bir mo‘minni odamlar ko‘zi o‘ngida o‘ldirib, so‘ng tiriltiradi. Dajjol uzoq orollarning birida
zanjirband bo‘lib yotishi va keyin yahudiy oilasida go‘dak bo‘lib dunyoga kelishi
ehtimoldan uzoq emas. So‘ng 63-yilda Harra kunida birdan g‘oyib bo‘ladi va to
oxirzamonga qadar Isbahon yahudiylari yurtida yashirinib turadi. Vallohu a’lam!
Endi Bayhaqiy shubhalari haqida gaplashamiz. Alloma Ibn Sayyodning bolog‘atga
yaqin yoshda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bilan uchrashganidan so‘ng qanday
qilib oradan uncha uzoq vaqt o‘tmasdan qaysi bir oroldagi zanjirband qariyaga aylanib
qolishidan ajablanadi. Ya’ni, bu ikki narsani bir-biriga bog‘lab bo‘lmasligini aytadi.
Agar Dajjolni ham bashariy qonun-qoidalarga, insoniy chegaralarga tushadi, deb
hisoblansa, Bayhaqiy so‘zini tasdiqlashdan o‘zga chora qolmaydi. Lekin Dajjolga g‘ayri
oddiy imkoniyatlar berilgan va u mana shu imkoniyatlar yordamida kishilarni fitnalaydi,
degan fikrga qo‘shilsak, inshaalloh, masala o‘z-o‘zidan yechiladi. Shunda Umar ibn
Xattob va uning o‘g‘li Abdulloh Ibn Umarlar rayi haq bo‘lib chiqadi.
Bayhaqiy: «Dajjol odamlardan: «Payg‘ambar chiqdimi?» deb xabar so‘radi. Nega?»
mazmunida savol beradi. Ya’ni, Ibn Sayyodning Dajjol emasligiga mana shuni ham dalil
qilib ko‘rsatadi. Lekin quruq savolning o‘zi uning bexabar ekanini anglatmaydi. Ba’zan
kishi o‘rgatib qo‘yish niyatida (bilib olish uchun emas), bildirish uchun ham savol berishi
mumkin. U holda savol-javob o‘rgatish uchun bir vosita hisoblanadi, xolos. Masalan,
Dajjol Tamim Doriy va uning sheriklariga: «Axir unga (sollallohu alayhi vasallam) itoat
qilishlari (arablarning) o‘zlari uchun yaxshi emasmi?» dedi. Alloh va Rasulini qattiq
yomon ko‘radigan Dajjol nega endi payg‘ambarga itoatga da’vat qilyapti?!
Ha! Alloh taolo ba’zida eng ashaddiy kofir tilidan ham haq kalimasini chiqarishi
mumkin. Sahih hadisda shaytonning bir sahobaga quyidagi narsani o‘rgatgani rivoyat
qilinadi: Shayton sahobaga dedi: «Oyatul kursiyni o‘qisang, Alloh seni men(ing
yomonligim)dan saqlaydi». So‘ng sahobiy uning so‘zlarini Rasulullohga (sollallohu alayhi
vasallam) yetkazdi. «U o‘zi yolg‘onchiyu, (lekin) senga rost so‘zlabdi», dedilar
Payg‘ambar alayhissalom.
Tamim Doriyning Makkaga kelib Islomni qabul qilishiga Dajjol so‘zlarining ham ta’siri
bo‘ldi.
Yuqorida Bayhaqiyning Ali ibn Yazid ibn Jud’anni – Abu Bakra hadisi roviylaridan birini
zaif degani aytib o‘tilgan edi. Lekin Termiziy Ali ibn Yazidni «rostgo‘y» deb sifatlagan.
Ma’lumki, «jurh» (bir kishiga zaif, ishonchsiz, deb ta’rif berish) ochiq bo‘lmasa, qabul
qilinmaydi. Ya’ni, tanqid qiluvchi kishi o‘z so‘ziga hujjat keltirishi shart. Aks holda tavsiq
(roviyni ishonchli, rostgo‘y kabi so‘zlar bilan sifatlash) jurhdan yuqori qo‘yiladi.