9.2. Jahon mamlakatlarida o’qituvchilarni ishga qabul qilish Vazifaga kirishish. Yangi o‘qituvchi uchun dastlabki bir necha yil og‘ir
kechishi mumkin. Bir qancha davlatlarda (Avstriya, Belgiya, Angliya, Daniya,
Fransiya, Germaniya, Gretsiya, Irlandiya, Italiya, Shotlandiya, Shvetsariya) yangi
o‘qituvchini dastlabki tayyorgarlik kursini muvaffaqiyatli yakunlab, ishga kirish
arafasida baholash davri mavjud.
Avstriyada sinov muddati bir yildan iborat. Maktab xodimi yangi
o‘qituvchining faoliyatini kuzatib borishga javobgar hisoblanadi. Yangi o‘qituvchi
yil davomida haftada bir marta pedinstitutga qatnash imkoniyatiga ega.
U bu muddatni qay darajada muvaffaqiyatli o‘tkazganini maktab jamoasi,
ilmiy mudir, maktab inspektori va pedinstitut xodimi hal qiladilar.
Belgiyada o‘qituvchi stajyor bo‘lgunga qadar, 240 kun vaqtinchalik o‘qituvchi
bo‘lib ishlashi lozim. Stajirovka yana bir yilni o‘z ichiga oladi. Bir yildan so‘ng
stajyor faoliyatini ilmiy mudir hamda maktab inspektori baholaydi. Ilmiy mudir va
maktab inspektori bayonotiga asosan mazkur o‘qituvchining lavozimiga loyiq
ekanligi yoki sinov muddatini yana biron yilga uzaytirish lozimligi yoxud uning
faoliyati umuman qoniqarsiz ekanligi hal qilinadi. Germaniyada sinov muddati
bo‘lg‘usi o‘qituvchining kasbiy tayyorgarlik darajasiga qarab belgilanadi.
6 daraja mavjud: 1 — eng yuqori, 5 yoki 6 qoniqarsiz. O‘qituvchi birinchi
darajada 12 oy sinov muddatida faoliyat yuritadi, 2 — 15 oy, 3 — ikki yil.
Maktab inspektori ilmiy mudir qarashlariga asosan sinov muddati nechog‘li
samarali o‘tganligi haqida qaror qabul qiladi.
Daniyada sinov muddati ikki yil davom etadi. Yakuniy qaror asosan ilmiy
mudir axboroti asosida maktab kengashi tomonidan qabul qilinadi. Gretsiyada
pedagogik faoliyatning dastlabki ikki yili sinov muddati hisoblanadi. Shundan
so‘ng o‘qituvchi maktab maslahatchilari tomonidan baholanadi. Baho ijobiy
bo‘lgan taqdirda o‘qituvchi o‘z vazifasida doimiy qoldiriladi.
Shotlandiyada yangi o‘qituvchi ta‘limga muvofiq kursni tugatgach hamda
UO‘Kning shartli ruxsati bilan o‘qituvchi hisoblanadi. To‘liq ro‘yxatdan o‘tish
faqatgina ikki yillik sinov muddatidan so‘ng amalga oshiriladi.