87
VII bob. XORIJIY VALYUTA BOZORI
7.1. Xorijiy valyutalar bozori tashkiliy jihatlari
Dunyodagi aksariyat mamlakatlarning oʻzlarining milliy valyutalari mavjud.
Masalan: AQSHda AQSH dollari; Yevropa ittifoqida yevro; Brazilyada real;
Rossiyada rubl; Xitoyda yuan va boshqalar. Ushbu mamlakatlar orasida amalga
oshiriladigan savdo sotiqlar turli xil valyutalarni ayriboshlash (yoki boshqa
valyutadagi bank depozitlarini shakllantirish) jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Agarda
Braziliyadagi biror bir firma xorijiy mamlakatdan biror bir mahsulot yoki aktivni
sotib oladigan boʻlsa, Braziliya reali yoki ushbu valyutadagi bank depoziti boshqa
valyutaga ayriboshlanadi. Valyutalar hamda maʼlum bir valyutada shakllantirilgan
bank depozitlari savdosi xorijiy valyuta bozori (FOREX)da amalga oshiriladi.
Xalqaro valyuta bozori yuqorida taʼkidlanganidek turli mamlakatlarning
valyutalari oldi sotdisi amalga oshiriladigan bozor hisoblanadi. Dastlab Foreks
faqatgina sayohat qiluvchilar yoki savdogarlar tomonidan oʻz davlatlaridan boshqa
davlatga borganlarida valyutani ayriboshlash uchun ishlatilgan. Hozirgi kunda esa
bu atama asosan investitsiya kiritib, foyda olish mumkin boʻlgan manba sifatida
qaraladi. Statistik maʼlumotlarga nazar soladigan boʻlsak, foreksda oʻz faoliyatini
boshlaydigan yangi treyderlarning aksariyat qismi aniqrogʻi 90-95 foizi oʻz
pullarini qanday qilib yoʻqotganini tushunmagan holda ushbu bozorni tark etishadi.
Bugungi kunda foreks dunyoning eng katta moliyaviy bozori hisoblanib, undagi
kunlik oʻrtacha tranzaksiyalar miqdori taxminan 5 trillion AQSH dollarini tashkil
etadi (2018 yil yanvar holatiga koʻra) va bu koʻrsatkich yil sayin oshib bormoqda.
Fond birjasidan farqli oʻlaroq, valyuta bozori tartibga solinmagan bozor
hisoblanadi. Har bir tranzaksiya yopiq tarzda boʻlib, tomonlarning kelishuviga
koʻra amalga oshiriladi. Xalqaro valyuta bozori kuniga 24 soat, haftasiga 5,5 kun
ishlaydi yaʼni yakshanba kuni 12:00 soʻng jumaga qadar ishlaydi. Foreksda
markaziy banklardan tortib individual investorlar kabi bir qator ishtirokchilar
valyutalar boʻyicha kelishuvlarni amalga oshiradi. Davlatlar Markaziy
banklarining oʻz valyuta zaxiralarini qaysi valyutada shakllantirishidan kelib
chiqqan holda Foreksda asosan qaysi valyutalar qatnashishini bilib olish mumkin.
|