Mavzu: O‘zbekiston Respublikasi Konistitutsiyasining qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati



Yüklə 166,68 Kb.
Pdf görüntüsü
tarix04.09.2023
ölçüsü166,68 Kb.
#141463
Ergashev A



Matematika va informatika yo’nalishi talabasi 
Ergashev Avazxon 
Mavzu: .O‘zbekiston Respublikasi Konistitutsiyasining 
qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati 


Konstitusiyamizning yaratilishi tarixi 
(Mustaqillik Qomusi sari o‘n huquqiy qadam) 
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yaratilishi tarixi haqida so‘z 
yuritishdan oldin “Konstitutsiya nima?” degan savolga javob berish maqsadga 
muvofiqdir. 
Konstitutsiya (lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk) – davlatning Asosiy 
qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning 
vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va 
erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini 
hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi. 
“Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq ma’lum bo‘lgan (imperator 
Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Amir Temur “Tuzuklar”i Sharq va Osiyo 
mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat 
xususiyatiga ega bo‘lgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo 
mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan. 
Asosiy Qonunimiz yaratilishining murakkab va muhim, ayni chog‘da sharafli 
solnomasiga nazar solar ekanmiz, hech shubhasiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasi 
xalqimizning mustaqillik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasi ekaniga komil 
ishonch hosil qilamiz. 
Avvalambor, konstitutsiyaviy “bino”ni qurishda uch ming yillik milliy 
davlatchilik tajribasiga tayanilgan. Bugungi O‘zbekiston qadimgi Xorazm va 
So‘g‘diyona, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar, Amir Temur va Temuriylar, o‘zbek 
xonliklari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz, xalqimizning tarixiy an’analari va uning 
mustaqil davlat haqidagi ko‘p asrli orzusini mujassam etgan. 
Qolaversa, manfaatlarimiz va intilishlarimizdan kelib chiqqan holda, Asosiy 
Qonunimiz Sharq va G‘arb, Janub va Shimolning 97 ta mamlakati to‘plagan ilg‘or 
konstitutsiyaviy tajribani hisobga olib yaratilgan. 
Shu o‘rinda Suveren O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini tayyorlash, 
muhokama etish, qabul qilish va uning amal qilishi yo‘lidagi 10 ta huquqiy qadamni 
bu boradagi eng muhim tarixiy voqealar sifatida sanab o‘tish lozim. Zotan, 
Konstitutsiyani yaratish tarixi – bu mustaqillik uchun kurashning uzviy tarkibiy 
qismidir. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi birinchi huquqiy qadam – o‘zbek tiliga 
davlat tili maqomi berilishidir. 


Bu haqda gap borganda, avvalambor, 1989 yilning 21 oktabr kuni qizg‘in bahs 
va tortishuvlardan so‘ng siyosiy-ma’naviy hayotimizdagi unutilmas hodisa amalga 
oshirilgani – milliy qadriyatlarimizning asosiy ustunlaridan biri bo‘lgan ona 
tilimizga davlat tili maqomi berilgani istiqlol tarixining eng yorqin sahifalaridan 
birini tashkil etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. 
“O‘z ona tilini bilmagan odam o‘zining shajarasini, o‘zining ildizini 
bilmaydigan, kelajagi yo‘q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi, 
deb juda to‘g‘ri aytishadi”. “Har qaysi millat, katta yo kichikligidan qat’iy nazar, o‘z 
ona tilini hurmat qiladi”. 
Birinchi Prezidentimizning “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida”, 
“Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida mustaqillik arafasida o‘zbek 
tiliga davlat tili maqomini berish masalasida qanday qizg‘in, ba’zida keskin va 
murosasiz bahslar bo‘lib o‘tgani alohida eslab o‘tilgani bejiz emas. 
O‘shanday qaltis va murakkab vaziyatda, Islom Karimov haqli ravishda qayd 
etganidek: “og‘ir-vazminlik bilan ish tutib, har tomonlama o‘ylab, mulohaza qilib, 
barcha siyosiy va ijtimoiy guruhlarning talablarini qondiradigan, eng muhimi, 
xalqimiz va Vatanimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni topishga 
erishdik”. 
Shunday 
qilib 
dastavval, 
“Davlat 
tili 
to‘g‘risida”gi 
qonunda 
mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar endilikda Asosiy Qonunimizning 4-
moddasida quyidagicha muhrlab qo‘yildi: 
“O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston 
Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-
odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun 
sharoit yaratadi”. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi ikkinchi huquqiy qadam – Prezidentlik 
instituti ta’sis etilishi va yangi davlat ramzlarini tayyorlash bo‘yicha komissiya 
tuzilishi bilan bog‘liq. 
Yurtimiz hayotidagi bu g‘oyat muhim va hayajonli voqealar 1990 yilning mart 
oyida bo‘lib o‘tganini eslash joiz. O‘shanda, ya’ni Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan 
bir muncha vaqt oldin, o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida 
sobiq ittifoq tarkibidagi respublikamizda Prezidentlik lavozimi joriy etildi, davlat 
ramzlari haqidagi masala muhokama qilinib, bu borada maxsus komissiya tuzildi. 
Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilk bor ana shu 
sessiyada ilgari surildi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi uchinchi huquqiy qadam –“Mustaqillik 
deklaratsiyasi”ning e’lon qilinishidir. 


O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 20 iyunda e’lon qilingan 
“Mustaqillik deklaratsiyasi”ning 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot 
yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi va davlat belgilarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi 
ta’sis etadi” degan qoida mustahkamlangan. 
Deklaratsiyaning 12-bandida esa ushbu hujjat respublikaning “yangi 
Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo‘lishi qayd etilgan. 
O‘shanda bunday mazmundagi hujjat sobiq ittifoq hududida birinchi bo‘lib 
O‘zbekistonda qabul qilingan edi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘rtinchi huquqiy qadam –Konstitutsiyaviy 
komissiyaning tashkil etilishiga borib taqaladi. 
Oliy Kengash qarori bilan 1990 yil 21 iyun kuni O‘zbekiston 
Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, 
deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy 
komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan 2 yildan 
ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi. 
Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya ish boshlashi bilan 
mamlakatimizning o‘ziga xos jihatlarini va xususiyatini munosib ravishda aks 
ettiradigan, xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan, jahon tajribasini, 
demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan 
yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita 
rahbarlik qildi. 
Ushbu vazifalarni amalga oshirishda Birinchi Prezidentimiz buyuk davlat va 
jamoat arbobi, iste’dodli siyosiy yetakchi sifatida namoyon bo‘ldi. Shu ma’noda, 
O‘zbekiston Konstitutsiyasining tashabbuskori, ilhomlantiruvchisi va asosiy 
muallifi mamlakat Prezidenti hisoblanadi. 
Binobarin, taqdir Islom Karimov zimmasiga jamiyatni yangilash, o‘tish 
davrining murakkab sharoitida davlatimizni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, davlat-
huquqiy va ma’naviy-ma’rifiy jihatdan rivojlantirishning pishib yetilgan 
muammolarini hal qilish, jumladan, bo‘lajak mustaqil yurt Konstitutsiyasini yaratish 
kabi tarixiy vazifalarni yuklagan edi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam – Birinchi 
Prezidentimizning Hindistonga 1991 yilgi tashrifi bilan chambarchas bog‘liq. 
Aytish kerakki, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1991 yil 17-19 
avgust kunlari “Hindiston Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston 
Prezidentining xorijga qilgan birinchi mustaqil – tarixiy tashrifi edi”. Yurtboshimiz 


Hindistonda bo‘lgan bir paytda – 19 avgust kuni o‘zini “Davlat favqulodda holat 
qo‘mitasi”, ya’ni GKChP deb atagan bir guruh siyosiy avantyuristlarning davlat 
to‘ntarishini sodir etishga qaratilgan murojaati e’lon qilindi. 
Afsuski, O‘zbekiston rahbarining safarda ekanidan foydalanib, GKChPning 
noqonuniy qarorlarini qo‘llab-quvvatlaydigan rahbarlar yurtimizda ham topildi. 
Tarix buni yaxshi eslaydi. 
Bu voqealarning davomi “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” 
kitobining so‘zboshi qismida shunday bayon etilgan: 
“Prezident Islom Karimov GKChP e’lon qilinganini Agrada eshitib, 19 avgust 
kuni zudlik bilan Toshkentga qaytadi. Toshkent aeroportida Yurtboshimizni rasmiy 
kishilardan tashqari, Turkiston harbiy okrugi bosh qo‘mondoni hamda Markazdan 
kelgan 3 nafar general kutib oladi. 
Bu o‘sha paytdagi mavjud rasmiy protokol qoidalariga mutlaqo zid bo‘lib, 
tagdor siyosiy ma’noga ega edi. 
Islom Karimov aeroportdan to‘g‘ri hukumat binosiga kelib, kechqurun 
hukumat a’zolari bilan uchrashdi hamda O‘zbekiston SSR hududida GKChPning 
qonunga zid qarorlarini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi. Shu tariqa GKChP 
gumashtalari O‘zbekitston hukumati nomidan qabul qilgan barcha hujjatlarni bekor 
qildi”. 
Yaqin o‘tmishning bu voqealarini eslash va eslatishdan muddao esa yangi 
Konstitutsiyamizni yaratish yo‘lidagi kurashlar mustaqillik uchun kurashning uzviy, 
ajralmas qismi ekanligini e’tirof etishdan iborat. Zero, biz o‘z istiqlolimizni qanday 
qiyinchiliklar bilan, qanday sinov va suronli kurashlar bilan qo‘lga kiritgan bo‘lsak, 
O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish yo‘lida ham xuddi shunday 
murakkab sinovlarni boshdan kechirdik. 
Bir so‘z bilan aytganda, istiqlol arafasida vujudga kelgan og‘ir sharoit, 
siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklarga, turli to‘siqlarga qaramasdan, xalqimiz 
Birinchi Prezident Islom Karimov boshchiligida o‘zining asriy orzusi – 
O‘zbekistonning davlat suvereniteti va mustaqilligi sari qat’iyat bilan harakat 
qilishda davom etdi. 
O‘sha beorom davrda qabul qilingan Prezident farmon va qarorlarida aks 
etgan muhim huquq va qoidalar keyinchalik Konstitutsiyamizning asosiy bo‘lim, 
bob va moddalari sifatida mustahkamlandi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi oltinchi huquqiy qadam – Davlat 
mustaqilligining e’lon qilinishidir. 


Mamlakatimiz rahbarining 1991 yil 31 avgustda, o‘n ikkinchi chaqiriq 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi 
sessiyasida so‘zlagan nutqi, ayniqsa, o‘sha nutqdagi: “Men shu bugundan e’tiboran 
1 sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami deb e’lon qilishni 
taklif etaman”, degan otashin so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga 
yozilgandir. 
Birinchi Prezidentimiz oradan 17 yil o‘tganidan so‘ng o‘zining “Yuksak 
ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ana shu hayajonli voqeaga: “1991 yil 31 
avgust sanasida qo‘lga kiritilgan milliy mustaqillik – XX asrda xalqimiz tomonidan 
amalga oshirilgan buyuk ma’naviy jasorat namunasidir, desak, ayni haqiqatni aytgan 
bo‘lamiz”, deya yuksak baho berdi. 
Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat 
mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan 
buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari 
shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”. 
Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari 
to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Undan bo‘lajak 
Konstitutsiyaning o‘zak qoidalarini o‘zida aks ettirgan bir qator muhim moddalar 
joy oldi. Jumladan, mazkur Qonunga muvofiq: 
“O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-
davlat va ma’muriy hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini 
mustaqil belgilaydi” (3-modda); 
“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 
va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi Davlat idoralarining tizimi 
hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida 
quriladi” (5-modda). 
Bu Konstitutsiyaviy qonun Asosiy Qonunimiz qabul qilinguniga qadar, ya’ni 
1992 yil 8 dekabrgacha biz uchun kichik Konstitutsiya vazifasini bajarib turdi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi yettinchi huquqiy qadam – 1991 yil 29 
dekabrda Prezident saylovi va Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendumning 
o‘tkazilishiga taalluqli. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi va Respublika davlat 
mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum 1991 yil 29 dekabrda bo‘lib o‘tdi. Xalq davlat 
mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va Prezidentni sayladi. 1992 yil 4 yanvar kuni Oliy 
Kengashning ana shu saylov va referendum yakunlariga bag‘ishlangan to‘qqizinchi 
sessiyasi ochildi. 


So‘ngra Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini 
bajarishga kirishish tantanali marosimi bo‘ldi. Ushbu sessiyada O‘zbekistonning 
o‘sha paytda amalda bo‘lgan Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar 
kiritildi. Mahalliy hokimiyat organlarini qayta tuzish to‘g‘risida qonun qabul qilindi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi sakkizinchi huquqiy qadam – birinchi 
Konstitutsiya loyihasining ilk bor matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon 
qilinishidir. 
Konstitutsiyaviy komissiya bajarilgan ishni ma’qulladi va 1992 yil 8 
sentabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga 
qaror qildi. Ushbu yig‘ilishda loyihani oxiriga yetkazish va tahrir qilish uchun ishchi 
guruh tuzildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992 yil 26 sentabr kuni 
tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi. 
Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu 
ochiq-oshkora muhokamalar 1992 yilning sentabr oyi oxiridan dekabr oyi 
boshlarigacha fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi hamda 
O‘zbekistonda demokratiya rivojining samarali va amaliy maktabi bo‘ldi. 
Muhokamada mamlakatimiz katta yoshdagi aholisining deyarli hammasi 
ishtirok etdi. Matbuotda, radioeshittirish va teleko‘rsatuvlarda qizg‘in bahs-
munozaralar bo‘ldi. Ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi, Konstitutsiya loyihasiga doir 
masalalar bo‘yicha suhbatlar, anjumanlar tashkil qilindi. 
Konstitutsiyaviy komissiyaga fikr-mulohazalar bildirilgan 600 taga yaqin xat 
kelib tushdi. Respublika matbuotining o‘zida Konstitutsiya loyihasiga bag‘ishlangan 
yuzdan ortiq materiallar e’lon qilindi. Fuqarolarimiz bildirgan takliflar soni 5 
mingdan oshib ketdi. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi to‘qqizinchi huquqiy qadam – Konstitutsiya 
loyihasining ikkinchi marta matbuotda umumxalq muhokamasi uchun e’lon 
qilinishidir. 
Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muokamalar davomida kelib tushgan 
takliflar asosida ancha tuzatildi va qayta ishlandi. So‘ngra, 1992 yil 21 noyabrda 
umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi 
marta gazetalarda chop etildi. 
Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi 
yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish 
uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy 
Qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasining o‘zi keng 
jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi. 


Mazkur aksiyaning, ya’ni Konstitutsiya loyihasini ikki bosqichda muhokama 
etish uchun matbuotda e’lon qilinishining ma’nosi shundan iborat ediki, fuqarolar 
Konstitutsiyaning qayta ishlangan variantida Konstitutsiya loyihasini muhokama 
qilishdagi o‘z ishtiroklarining natijasini ko‘ra oldilar. 
Konstitutsiya loyihasining yangi variantida umumxalq muhokamasining 
dastlabki bosqichida kelib tushgan ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar o‘z ifodasini 
topdi. Fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan ularning ovozi 
eshitilganiga, takliflari tegishli ravishda ko‘rib chiqilib, inobatga olinganiga ishonch 
hosil qildilar. 
Konstitutsiyani yaratish yo‘lidagi o‘ninchi huquqiy qadam –Konstitutsiya 
loyihasining qabul qilinishidir. 
Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992 yil 6 dekabrda Konstitutsiya 
loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, 
Konstitutsiyaviy komissiya xorijiy konstitutsiyaviy tajribaga murojaat qilib, Asosiy 
Qonunning rolini yaxlit tushunishdan kelib chiqdi. 
Bunda jahon konstitutsiyaviy tajribasinining bir qator ilg‘or jihatlari hisobga 
olindi. Konstitutsiya loyihasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropada Xavfsizlik 
va hamkorlik kengashi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSh, Buyuk Britaniya, 
Germaniya, Fransiya kabi demokratik davlatlar mutaxassislarining sinchkov 
ekspertizasidan o‘tdi. 
Ayniqsa, Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston 
xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy material to‘plash imkonini 
berdi. Ushbu material chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi, umumlashtirildi 
va xalqning umumiy irodasi shaklida o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston 
Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi muhokamasiga kiritildi. 
Birinchi Prezidentimiz sessiyada Konstitutsiyani “xalqchil qomus” deb atab, 
uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy 
mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning 
fikr xazinasi durdonalari bilan boytilganini, sayqal topganini ta’kidladi. 
Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya 
loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgarishlar, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. 
Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, 
unga yana bir qator o‘zgartishlar kiritilgach, 1992 yil 8 dekabr kuni Bosh 
Qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami deb 
e’lon qilindi. 


Shunday qilib, O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran 
dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, birinchi Konstitutsiyamiz 
qabul qilingan kuni davlatimiz yangidan tug‘ildi, haqiqiy mustaqilligimizga 
mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi. 
Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasi yangi mustaqil 
jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi. 
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, Konstitutsiyamiz – 
Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo 
etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-huquqiy, 
ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, 
uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan 
mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini 
aniq-ravshan belgilab oldik. 
O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya va normalarida xalqimizning ko‘p 
asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlari, boy tarixiy-huquqiy merosi aks ettirilgani 
uning hayotiyligining kafolatidir. 
Shu bilan birga, Asosiy Qonunimiz ko‘plab demokratik davlatlarda 
konstitutsiyaviy qurilish sohasidagi ilg‘or tajribaning eng yaxshi jihatlarini, Inson 
huquqlari umumjahon deklaratsiyasining umume’tirof etilgan normalari hamda 
mazkur sohadagi boshqa xalqaro hujjatlarga asoslangan inson huquq va manfaatlari, 
erkinligini ta’minlash va himoya qilish mexanizmini o‘zida mujassam etgan. 
Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha 
jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga 
soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi. 
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga 
muvofiq 8 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul 
qildi, 200 dan ortiq ko‘p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi va shu 
tariqa Asosiy Qonunimizni amalga oshirishning yaxlit huquqiy mexanizmi yaratildi. 
Uning samaradorligini vaqt o‘zi ko‘rsatib turibdi va bu bugun jahon hamjamiyati 
tomonidan e’tirof etilmoqda. 
Asosiy Qonunimizga nisbatan bunday yuksak va xolis baholar berilishi bejiz 
emas. Buni, jumladan quyidagi sabablar bilan izohlash mumkin. 
Birinchidan, 
bizning 
Konstitutsiya 
haqiqatan 
ham 
demokratik 
Konstitutsiyadir. Tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni, 
xalqaro andozalarni o‘zida mujassam etgan hujjatdir. 


Ikkinchidan, bizning Konstitutsiya eng rivojlangan, taraqqiy topgan 
davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan. Bunda qaysidir 
davlatning tayyor Konstitutsiyasini ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olish yo‘lidan bormay, 
balki eng ilg‘or xorijiy konstitutsiyaviy tajribalarni o‘rgandik va e’tiborga oldik. 
Natijada endilikda Bosh Qomusimiz dunyo miqyosida ham har qanday taraqqiy 
topgan davlat Konstitutsiyasi bilan bemalol kuch sinashmoqda. 
Uchinchidan, Konstitutsiyaning g‘oya va normalari o‘zbek xalqining teran 
tarixiy ildizlariga asoslangan bo‘lib, u ko‘p asrlik tajriba va ma’naviy qadriyatlarni, 
ulug‘ ajdodlarimizning huquqiy merosini o‘z ichiga olgan. 
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama etish va 
qabul qilish jarayoni Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Konstitutsiya 
davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” 
bo‘lganligi, u “xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini” aks 
ettirishi, uning “xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli” ekani haqidagi hikmatli 
xulosalari to‘g‘ri va asoslangan ekanini yaqqol tasdiqlaydi. 

Yüklə 166,68 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin