O‘zMU xabarlari Вестник НУУз ACTA NUUz FILOLOGIYA 1/4/1 2023 - 290 -
Ushbu parchada ham ironiya leksik vosita yordamida
ifodalanganini ko‘rishimiz mumkin. Bu “yangilik” leksemasi
orqali yuzaga chiqqan. Yangilik – kutilmagan, barcha uchun
noma’lum bo‘lgan axborotni ifodalaydi. Yangilik so‘ziga
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da shunday ta’rif berilgan:
“Yangi holat, yangi ekanlik. Ilgari ma’lum bo‘lmagan,
yaqindagina paydo bo‘lgan narsa yoki hodisa; yangi xabar,
ma’lumot”.[9.2006] Buni qarangki, Nilufar uchun to‘yi
bo‘layotgani kutilmagan “yangilik” bo‘ldi. Odatda, yangilik
ko‘proq ijobiy ma’no ifodalashda qo‘llaniladi. Biroq qiz
uchun bu xabar fojia edi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Sababi
uning ko‘ngli Murodjonda emas, Nodirda. Kutilmagan bu
holat ikki yoshning hayotini tamomila o‘zgartirib yubordi.
Endi aytinglar, oyimchalar, – O‘lmas amma boshini
burib yonidagilarga qaradi, – qaysi biringlar turmushdan
yolchimadilaring, qaysi biringlar eringni yomon ko‘rasan?
Voy, Xudoyim, – dedi kimdir uyalinqirab.
Kimdir “piq” etib kuldi.
Erni yomon ko‘rib bo‘larkanmi, o‘ylab gapiring,
O‘lmasxon, – dedi shaddodrog‘i.
Ha, barakal-la-aa, – dedi cho‘zib O‘lmasxon amma. –
Sen ham qizim Nilufar, Murodjonni sekin-asta yaxshi ko‘rib
qolasan. Bolali bo‘lganingdan keyin esa Murodjondan o‘zga
erkakni tasavvur ham qilolmaysan. Hayot shunaqa qizim!..
(“Sabo va Samandar”)
Nilufarning bu ahvolini ko‘rgan O‘lmasxon ammasi
ham uni yupatishga harakat qiladi. Bu savdo har bir qizning
boshida borligi, hech kim sevishib turmush qurmaganligi, har
bir o‘zbek xonadonida qiz ota-onasi bergan insonga
qarshiliksiz turmushga chiqishi, ko‘rmay-bilmay turmushga
chiqsa-da keyinchalik erini jonidan ortiq suyib, o‘zga erkakni
tasavvur ham qilolmay qolishi aytib, Nilufarni insofga
chaqirmoqchi bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan parchada
ironiyaning turlaridan sha’mani kuzatishimiz mumkin. U bir
o‘rinda sintaktik vosita orqali (“Erni yomon ko‘rib
bo‘larkanmi, o‘ylab gapiring”), keyingi o‘rinda fonetik
intonatsion vosita orqali (barakal-la-aa) ifodalangan. Shunday
bo‘lsa-da har ikkisini ham fonetik-intonatsion vosita orqali
ifodalangan ironiyaga kiritishni lozim topdik.
Keyin onasi tushmagur, biron nafi tegar deb,
Samandarning singlisi va ukasini ishga soldi, ular ham bir
soat, yarim soat mobaynida ichdan qulflangan eshik qarshisida
askardek tik turib, akasini “tushunish”ga da’vat qilgancha
holdan toydilar. Nihoyat, yo‘lga deya yopgan nonidan
to‘rttasini ko‘tarib, Sherdilning ayasi – Nozima opa Malika
opa bilan hasratlashisha – xayrlashish maqsadida chiqib qolib,
bu uydagi “mojaro”dan xabar topdi. Qo‘lidagi nonlarni Malika
opaga tutqazdi-da, eshik oldiga keldi. (“Sabo va Samandar”)
Ushbu parchada esa ikki do‘stning ayriliq oldi holati
tasvirlangan. Ular shu qadar qalin do‘st edilarki, ayriliq
haqidagi xabarni eshitib dunyo ko‘zlariga qorong‘u ko‘rinib
ketdi. Ularning onalarining nasihatlari ham, uka-yu singilning
yalinishlari ham kor qilmadi. Bu jarayonda yozuvchi
ironiyaning sha’ma usulidan foydalangan. U “mojaro”
leksemasi vositasida aks etgan. Mojaro deganda, Sherdilning
ketishi haqidagi xabarni eshitib Samandarning to‘polon
ko‘targani, xonasiga qamalib olib, hechkimning gapiga quloq
solmay
“xarxasha”
qiloyatganiga
sha’ma
qilingan.
Ko‘rinadiki, shama ham salbiy munosabat ifodalash
usullaridan biri bo‘lib, nutqda juda keng qo‘llaniladi[10].
– Ana g‘amxo‘rligu mana g‘amxo‘rlik, – kimningdir –
ayol kishining ovozi keldi ko‘pchilik orasidan, – do‘st
bo‘lsang, shunaqa bo‘l!
– Qo‘ysang-chi, Nargiz, bir kilo paxta bilan do‘stlikni
isbot qilish mumkin ekanmi? Ana, Nodir bilan Nilufarga
o‘xshab bir-birlari uchun jonini bersa, unda boshqa gap, –
boshqa birov gapga aralashdi.
– Qo‘ysanglar-chi, Samandar bilan Azizani shunchaki
sinfdosh, xolos, qo‘yib bersa, nimalarni gapirmaydi bu
odamlar… – norozi bo‘ldi Yoshi kattaroq bir ayol. (“Sabo va
Samandar”)
Samandar yosh bo‘lsa-da eng faol terimchilardan. U
bir kunda ikki yuz kilo paxta terishga qodir. Bu esa boshqa
“qahramon terimchilar”ga yoqmaydi. Shu sababli doim
vaziyat tug‘ildi deguncha undan foydalanib qolishga harakat
qilishadi. Samandar bugun 200 kilogram paxta terishga va’da
bergan edi, lekin 199 kilogram paxta teribdi. Aziza bilan birga
terishgani uchun qiz o‘zini aybdor his qildi. O‘zining
paxtasidan bir kilogram bermoqchi bo‘ldi. Qizning fikricha,
Samandar u bilan gaplashib paxta tergani uchun ham kam
tergan edi. Lekin yigit uni qabul qilishni istamadi. Xuddi
shuning ustida bizning qahramon terimchilarimiz ham paydo
bo‘lishdi. Parchada ironik mazmun ifodalashda yozuvchi
luqmadan foydalangan. Luqma sintaktik vosita orqali
ifodalangan. “Nodir bilan Nilufarga o‘xshab bir-birlari uchun
jonini bersa, unda boshqa gap” jumlasida Nodir va Nilufarning
muhabbatiga ishora qilingan.