www.ziyouz.com
kutubxonasi
223
"Ey mo‘minlar, kasb qilib topgan narsalaringizning halol-pokizalaridan va Biz
sizlar uchun yerdan chiqargan narsalardan infoq qilingizlar"
(Baqara, 267).
544. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Hech kim peshona teri bilan topib
yegan taomidan yaxshiroq taom yemaydi. Allohning payg‘ambari Dovud o‘zi mehnat
qilib, topib yer edi. Alloh pokdir va pok narsani qabul qiladi. Alloh taolo payg‘ambarlarga
buyurgan narsalarni mo‘minlarga ham buyurdi. Aytdiki:
"Ey payg‘ambarlar, halol-pok taomlardan yenglar"
(Mo‘minlar, 51);
"Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz pokiza narsalardan yenglar"
(Baqara, 172)". Keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni zikr qildilar:
"Bir kishi uzoq safar qilib, sochlari to‘zg‘igan, yuzlariga g‘ubor qo‘ngan holda: "Ey
Rabbim, ey Rabbim", deb, osmonga qo‘lini ko‘taradi, holbuki, uning taomi harom,
sharbati harom, kiyimi harom, uyqusi harom, yurishi harom, kelishi harom, endi
qanaqasiga uning duosi ijobat qilinsin. Bir zamonlar keladiki, kishi olgan narsasi
haloldanmi, haromdanmi, parvo qilmaydi".
"Alloh taolo pokdir", degan so‘zlaridan murod Alloh barcha kamchiliklardan, ayb va
nuqsonlardan pok zot ekanidir. Agar banda pok, deyilsa, uning razil xulqlardan va
yomon amallardan xoli ekani tushuniladi. Agar amallar pok, deyilsa, yaxshi molning
haloli tushuniladi.
Xullas, hadisning ma’nosi – Alloh bilguvchiroq – U zot ayblardan pok zotdir. Aybli
narsalarni qilmaydi, Unga yaqinlashish Unga loyiq bo‘lgan amallar bilangina mumkin.
Kalomida aytadi:
"Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha
hargiz yaxshilikka (jannatga) yetmagaysiz"
(Oli Imron, 92).
"Uzoq safarda yuzlariga g‘ubor qo‘ngan, sochlari to‘zg‘igan holda", deganda Payg‘ambar
sollallohu alayhi vasallam hajga ketayotgan kishini nazarda tutdilar. Unday kishi safarda
sochlari to‘ziydi, ust-boshiga tuproq-chang o‘tiradi, qiyinchilik, ochlik, chanqoqlik va
bedorlik bilan Allohning baytiga yetadi, uni tavof qilib, shu holatida Allohga duo etadi.
Duosining ijobatini va hajining qabulini umid qiladi. Ammo duosi ijobat qilinmaydi,
haromdan sarflagan nafaqa-ehsoni qabul bo‘lmaydi. Kim haromdan sadaqa bersa, uni
halol va yaxshi deb sanasa, savobdan umid qilsa, Alloh taolaga kufr keltiribdi. Bu haqda
sadaqa bobida zikr qilindi.
545. Abu Rofe’ aytadilar: "Oyoqqa taqiladigan kumush halqani Abu Bakr Siddiqqa (r.a.)
sotdim. Abu Bakr Siddiq (r.a.) halqani torozining bir pallasiga va pullarni ikkinchisiga
qo‘ydilar. Halqa puldan ozgina og‘ir keldi. Keyin uni kesib tenglashtirmoqchi bo‘lib
qaychini oldilar. Men: "Ey Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning xalifasi, ortiqchasi
sizga", dedim. "Yo‘q, – dedilar u zot. – Payg‘ambardan sollallohu alayhi vasallam:
"Ziyoda qiluvchi ham, ziyoda qilishni so‘ragan ham do‘zaxda", deganlarini eshitganman".
546. Abu Said Xudriy, Uboda ibn Somit, Abu Hurayra va boshqalar Nabiy sollallohu
alayhi vasallamdan rivoyat qilishgan. U zot sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kumush
tengi kumush bilan, ortiqchasi sudxo‘rlikdir. Bug‘doyning tengi bug‘doy bilan, ortiqchasi
sudxo‘rlikdir". Keyin donni, xurmoni va tuzni ham zikr qildilar. So‘ng aytdilar: "Kim
ziyoda qilsa yoki ziyoda qilishni so‘rasa, ribo qilibdi".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
Dostları ilə paylaş: |