12-§. MUHITNING BIOTIK OMILLARI. TIRIK ORGANIZMLAR O‘RTASIDAGI MUNOSABATLAR Tayanch bilimlaringizni qo‘llang . Tirik organizmlar o‘rtasida qanday munosabatlar mavjud? Parazitlar, yirtqichlar turning holatiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Tabiiy sharoitda har bir tirik organizm yovvoyi tabiatning boshqa vakillari
bilan hamkorlikda yashaydi. Bir yoki har xil turga mansub oʻsimlik, hayvon
va mikroorganizmlarning o‘zaro hamda yashash sharoitlariga ta’siri muhitning
biotik omillarini ifodalaydi. Organizmlar orasidagi o‘zaro munosabatlarning
barcha ko‘rinishlari muhitning biotik omillarini tashkil qiladi.
Biotik omillar ikki guruhga ajratiladi. Tur ichidagi munosabatlar – bir
turga mansub individlar o‘rtasidagi munosabatlar. Bu populatsiyaning o‘z-
o‘zini boshqarishdagi muhim mexanizmdir. Turlararo munosabatlar – har
xil turlar o‘rtasidagi munosabatlar sanaladi.
Populatsiyalardagi individlar soni o‘zaro ta’sir natijasida o‘zgarishsiz
qoladigan munosabatlar
neytral munosabatlar deb ataladi. Agar o‘zaro
ta’sir natijasida bir populatsiyadagi individlar soni ortsa, lekin ikkinchi
populatsiyadagi individlar soni kamaymasa, bunday munosabatlar
ijobiy yoki
simbiotik munosabatlar deb ataladi. O‘zaro munosabatlar tufayli bir
populatsiyadagi individlar soni qanday o‘zgarishidan qat’i nazar, ikkinchi
populatsiyadagi individlar soni kamaysa, bunday munosabatlar
salbiy yoki
antagonistik (antibioz) munosabatlar deyiladi.
Har qanday munosabat turini o‘zaro ta’sirlashuvchi populatsiyalardagi
individlar sonining o‘zgarishini ifoda etuvchi ramziy belgilar orqali
ifodalash mumkin. Individlar sonining ortishini «+», kamayishini «–»
belgisi bilan, individlar soniga ta’sir etmaydigan munosabatlar «0» belgisi
bilan ifodalanadi. Ushbu tasniflardan foydalanib, eng keng tarqalgan o‘zaro
munosabatlar turlari quyidagi jadvalda aks ettirilgan (2-jadval)
.