Page 319
nima yetsin. Shunisi ham borki, u to‘dada fahm-farosati ozlar bo‘ladi, unday kishiga
yuzlarcha mashaqqat kelsa qanday bo‘ladi. Har qanday bo‘lsa ham, yosh bolalarga
uning haqqi ko‘pdir. Agar shogird podshohlikka erishsa ham unga (yaʼni muallimga)
qulluq kilsa arziydi”, deb o‘qituvchi sifatiga odilona va oqilona taʼrif beradi. Mashhur
pedagog Abdulla Avloniy ham o‘z asarlarida o‘qituvchi shaxsi va uning faoliyati
borasidagi qarashlarni ifodalashga alohida eʼtibor qaratadi. Allomaning qayd etishicha,
bolaning sog‘lom bo‘lib o‘sishida ota-onalar o‘ziga xos rol o‘ynasalar, uning fikriy
jihatdan taraqqiy etishida o‘qituvchining o‘rni beqiyos ekanligini taʼkidlaydi. Xususan,
bolalarning aqliy qobiliyatlarini shakllantirish muallimlarning “diqqatlariga suyalgan,
vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifa” ekanligini taʼkidlab, “fikrning quvvati,
ziynati, kengligi, muallimning tarbiyasiga boqliqdur”, - deydi.
O‘z davrining mashhur pedagog-gumanisti, chexlik yozuvchi Yan Amos
Komenskiy o‘qituvchining bola dunyoqarashini rivojlantirishdagi roliga katta baho
berib, o‘qituvchilik “yer yuzidagi har qanday kasbdan ko‘ra yuqoriroq turadigan juda
faxrli kasb” ekanligini yozib qoldiradi. Muallifning fikricha, pedagog o‘z burchlarini
chuqur anglay olishi hamda o‘z qadr-qimmatini to‘la baholay bilishi zarur. Yan
Komenskiy o‘qituvchi obrazini tasvirlar ekan, uning shaxsida vijdonli, ishchan, sabotli,
axloqli, o‘z ishini sevuvchi, o‘quvchilarga otalardek muomala qiluvchi, ularda bilimga
havas uyg‘otuvchi, o‘quvchilarni o‘z ortidan ergashtiruvchi va diniy eʼtiqod
fazilatlarining namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiq ekanligiga urg‘u beradi. Taniqli rus
pedagogi va adabiyotshunosi Konstantin Dmitriyevich Ushinskiy o‘qituvchi
maʼnaviyati va kasbiy faoliyatiga yuqori baho beradi hamda ularning kasbiy
malakalarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi to‘g‘risida o‘z g‘oyalarini
fikrlarida ilgari suradi. Mazkur g‘oyaning ijtimoiy ahamiyatini tasdiqlovchi jarayon –
o‘qituvchilarni tayyorlovchi tizimni ilk bor asoslaydi.
Bugungi kunda esa mamlakatimizda 2020-yil 24-sentabrda qabul qilingan
“Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonun va unda belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlarni
amaliyotda yangicha uslublar asosida qo‘llash Respublika maktabgacha taʼlim, oliy va
o‘rta maxsus taʼlim hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimida faoliyat olib
borayotgan o‘qituvchi, tarbiyachi, ishlab chiqarish ustalarining maʼnaviy qiyofasi
hamda kasbiy mahoratlariga ham bog‘liqdir. Shaxsni tarbiyalash ishi nihoyatda
murakkab faoliyat jarayoni bo‘lib, juda qadimdan ushbu faoliyatga jamiyatning yetuk
kishilari jalb etilgan. Mazkur holat yosh avlod tarbiyasi, uning tashkil etilish mazmuni
nafaqat shaxs kamoloti, balki jamiyat taraqqiyotini ham belgilashda muhim ahamiyatga
ega ekanligini anglatadi. Biror bir inson pedagoglik kasbini tanladimi, demak, u albatta,
pedagog shaxsi va unga qo‘yiladigan talablarga ham har tomonlama mos bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning maʼnaviy qiyofasi, aqliy
salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo‘yilmoqda. Shu o‘rinda
bir savol tug‘iladi. Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi zarur? O‘qituvchi (pedagog)