Page 318
borilgan. O‘rta asrlar hamda kapital ishlab chiqarishiga asoslangan jamiyatlarda
akademiya (Sharqda madrasa)lar ko‘rinishidagi maktablarda maʼnaviy-axloqiy jihatdan
yetuk, turli sohalar bo‘yicha mukammal bilimga ega pedagoglarning faoliyat
yuritishlariga alohida ahamiyat qaratilgan. Mirzo Ulug‘bek tomonidan barpo etilgan
madrasalarda o‘z davrining taniqli olimlari – Ali qushchi, Taftazoniy, qozizoda Rumiy,
Mavlono Muhammad, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Muiniddin Koshiy hamda Mansur
Koshiylar talabalarga taʼlim berganlar. XIX asr oxiri hamda XX asr boshlarida yuzaga
kelgan jadidchilik harakatining asoschilari, taniqli maʼrifatparvarlar – Mahmudxo‘ja
Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Abduqodir Shakuriy,
Abdurauf Fitrat, Isʼhoqxon Ibrat va boshqalar aholi orasida nafaqat murabbiy, balki
maʼnaviy yetuk inson sifatida ham nom qozonganlar. Jamiyat tomonidan o‘qituvchi
shaxsiga qo‘yilayotgan talablar o‘z davrida Sharq mutafakkirlari hamda g‘arb
maʼrifatparvarlarining asarlarida ham o‘z aksini topgan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu
Nasr Farobiy hamda Abu Rayhon Beruniylar o‘qituvchining maʼnaviy-axloqiy jihatdan
yetuk bo‘lishlariga alohida ahamiyat qaratadilar. Ularning fikrlaricha, yaxshi o‘qituvchi
boshqalardan bir jihati bilan farq qiladi, yaʼni, u o‘zi ega bo‘lgan bilimlarni yoshlarga
beminnat o‘rgata olishi, har bir ishda ularga ibrat bo‘lishi kerakligidir. Abu Ali ibn Sino
o‘z asarlarida o‘qituvchi bolalarga taʼlim berishdek masʼuliyatli burchini bajarishi
zarurligini uqtirar ekan, ularga faoliyatda muvaffaqiyatga erishish uchun tavsiyalar
beradi. Jumladan, bolalar bilan muomalada bosiq, jiddiy bo‘lish, berilayotgan bilimning
bolalar tomonidan o‘zlashtirilishiga eʼtibor qaratish, taʼlimda turli shakl va metodlardan
foydalanish, bolaning xotirasi, bilimlarni egallash qobiliyati, shaxsiy xususiyatlarini
bilishi, fanga qiziqtira olishi, berilayotgan bilimlarning eng muhimini ajratib bera olishi,
bilimlarni tushunarli, bolaning yoshi, aqliy darajasiga mos ravishda berishi, har bir
so‘zning bolalar hissiyotini uyg‘otish darajasida bo‘lishiga erishish kerakligiga urg‘u
beradi.
Hazrat Alisher Navoiy o‘z davrining ayrim maktabdorlari ega bo‘lgan sifatlar,
xususan, qattiqqo‘llik, taʼmagirlik va johilliklarni qoralar ekan, o‘qituvchining maʼnaviy
qiyofasiga nisbatan jiddiy talablarni qo‘yadi. Xususan: “Mudarris kerakki, g‘arazi
mansab bo‘lmasa va bilmas ilmni aytishga urinmasa, manmanlik uchun dars berishga
havas ko‘rsatmasa va olg‘irlik uchun gap-so‘z va g‘avg‘o yurgizmasa, nodonlikdan
sallasi katta va pechi uzun bo‘lmasa, gerdayish uchun madrasa ayvoni boshi unga o‘rin
bo‘lmasa. Yaramasliklardan qo‘rqsa va nopoklikdan qochsa, nainki, o‘zini olim bilib,
necha nodonga turli xil fisq ishlarni mumkin, balki halol qilsa, qilmas ishlarni qilmoq
uchun sodir bo‘lsa va qilar ishlarni qilmasliq unga qoida va odat bo‘lib qolsa, bu
mudarris emasdir, yomon odatni tarqatuvchidir”, deb taʼkidlaydi. Ayni o‘rinda
o‘qituvchi mehnatining mashaqqatli ekanligini izohlab o‘tadi: “Uning ishi odam
qo‘lidan kelmas, odam emas, balki dev ham qila bilmas. Bir kuchli kishi bir yosh bolani
saqlashga ojizlik qiladi, u esa bir to‘da bolaga ilm va adab o‘rgatadi, ko‘rkim, bunga