O‘zbеkiston rеspublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi buxoro davlat univеrsitеti


 Qiziqish muammosi psixologik nuqtai nazardan o‘rganilishi



Yüklə 5,67 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə80/138
tarix19.10.2023
ölçüsü5,67 Mb.
#157498
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   138
Umumiy psixologiya OQUV QOLLANMA (1)

 
13.4. Qiziqish muammosi psixologik nuqtai nazardan o‘rganilishi 
Psixologiya fanining yirik namoyandalarining ta’limoticha, qiziqish 
odamlarning ehtiyojlari negizida yuzaga keladi, yaqqol ijtimoiy-tarixiy shart-
sharoitda, vaziyatda vujudga keladi, shakllanadi, barqarorlashib boradi hamda 
ularning shaxsiy turmush sharoitida va faoliyatida, ijtimoiy ishlab chiqarishda 
qatnashishi singari omillarda gavdalanadi. Umumiy talqinlarga asoslanib mulohaza 
bildirilganda, qiziqish alohida jarayon, ma’lum psixologik funksiya emas, chunki u 
his-tuyg‘u, iroda, ong, qolaversa, jamiki psixik holatlar, hodisalar va ichki 
kechinmalarning o‘zida mujassamlashtirgan, murakkab tizimli ruhiy voqelikdir. 
Qiziqishni psixologik mohiyatining dastlabki ko‘rinishi - bu uni odamlar 
tomonidan anglab yetishi yoki tushunish imkoniyatidir. Shaxs qiziqish mahsulini, 
uning oqibatini anglash, tasavvur etish orqaligina obyektiv borliqdagi narsa va 
hodisalarga ongli, tanlab munosabatlarda bo‘ladi. Lekin bu voqelik (anglash, 
tushunish) insonda birdaniga sodir bo‘lmaydi, balki muayyan vaqt davomida unda 
bilish jarayonlari, shaxsiy fazilatlari, individual-tipologik xususiyatlari rivojlanishi 
tufayli yuzaga keladi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, qiziqishning psixologik 
mohiyati namoyon bo‘lishida aqliy jarayonlar muhim rol o‘ynashi hodisasi qayd 
qilinishi u faqat intellektdan tashkil topadi, degan ma’noni anglatmaydi, albatta. 
Xuddi shu boisdan, qiziqishni psixologik mohiyatining ikkinchi ko‘rinishi - uning 
his tuyg‘ular, emotsional holatlar bilan uyg‘unlashgan, mujassamlashgan tarzda 
ifodalanishidir. Ma’lumki, his-tuyg‘ular, shuningdek, emotsional holatlar 


280 
(emotsional ton, kayfiyat, shijoat, ehtiros va boshqalar) shaxsning borliqdagi aniq 
voqelikka, narsa va hodisalarga, muayyan faoliyatga nisbatan intilishni, sa’y-
harakatlarni kuchaytiradi, jadallashtiradi, safarbarlikni obyektga yo‘naltiradi. Inson 
o‘z shaxsiy qiziqishini qondirgandan keyin unda yoqimli his-tuyg‘ular uyg‘onadi, 
ruhiy qoniqish esa o‘z navbatida lazzatlanish (praksik) hisni vujudga keltiradi, 
buning natijasida frustratsiya (ruhi tushish) uning shaxsiyatini egallaydi. 
Qiziqishni psixologik mohiyatining uchinchi ko‘rinishi, uning iroda sifatlari 
bilan yoinki iroda akti bilan umumlashgan tarzda vujudga kelishidir. Irodaviy zo‘r 
berish, muayyan qaror bo‘yicha intilish, ba’zi qiyinchiliklarni yengish, mustaqillik 
namoyon qilish qiziqishni qaror toptiradi, shaxsni maqsad sari yetaklaydi. 
Qiziqishni psixologik mohiyatining to‘rtinchi ko‘rinishi, uni oliy nerv 
faoliyati xususiyatlari va temperament tiplari bilan birga mujassamlashgan holda 
namoyon bo‘lishidir. 
Qiziqishning nerv-fiziologik mexanizmlari to‘g‘risida mulohaza yurtilganda, 
dastavval rus olimi I.P.Pavlovning oliy nerv faoliyati haqidagi ta’limotini ta’kidlab 
o‘tish joiz. Uning «bu nima?» refleksi, ya’ni oriyentirovka (mo‘ljal olish) refleksi 
qiziqishning moddiy negizini tushuntirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 
I.P.Pavlov va uning shogirdlaridan keyin P.K.Anoxin, N.A.Bernshteyn, 
B.M.Teplov, V.S.Merlin, V.D.Nebilisin va boshqalar insondagi qiziqishning nerv-
fiziologik mexanizmlarini bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida 
oriyentirovka refleksi negizida murakkab muvaqqat bog‘lanishlarning vujudga 
kelishidir, degan yo‘sinda talqin qilmoqdalar. Qiziqishning moddiy asoslari o‘zaro 
induksiya qonuni, po‘stloqdagi optimal qo‘zg‘alish o‘chog‘i va dinamik 
stereotiplar (I.P.Pavlov), dominanta (A.A.Uxtomskiy), oriyentir murakkab 
psixofiziologik hodisa ekanligi (Ye.N.Sokolov) va boshqalar bo‘lib hisoblanadi. 
Hozirgi davrda qiziqish shaxsning individual-psixologik xususiyatidan 
iboratdir, degan xulosa odatiy narsaga aylanib qoldi. Shunga qaramasdan, ba’zi 
manbalarda qiziqish muayyan soha bo‘yicha to‘g‘ri mo‘ljal olishga, yangi omillar 
bilan tanishishga, voqelikni to‘la va chuqur aks ettirishga yordam beradigan 
motivdir, degan ta’rifga ham egadir. Shunga mutanosib tarzda qiziqish bilish 


281 
jarayoni tusini kashf etadigan, ijobiy his-tuyg‘ularda yo‘naltirilgan obyekt bilan 
chuqurroq tanishishga, u haqda ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish, uning mohiyatini 
anglab yetishga nisbatan shaxsning istagida namoyon bo‘ladi, qabilida mulohazalar 
hukm suradi. 
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, shaxsning ishtiyoqini qondirishga 
yo‘naltirilganligini aks ettiruvchi qiziqishni qondirilishi, hech qachon uning 
so‘nishini ifodalamaydi, aksincha, obyektning noma’lum qirralarini aniqlashga 
nisbatan intilish davom etaveradi. Shu bilan birga qiziqishlar bilishning, uning 
jarayonlari funksional holatining doimiy qo‘zg‘atuvchi mexanizmi sifatida vujudga 
keladi va aks ettirishda davom etadi. 
Psixologiyada qiziqish mana bunday tiplarga ajratilishi mumkin: 1) 
mazmuniga ko‘ra: shaxsiy va ijtimoiy; 2) maqsadiga binoan: bevosita va bilvosita; 
3) ko‘lamiga qaraganda: keng va tor; 4) qiziqishlar darajasi bo‘yicha: barqaror va 
beqaror va boshqalar. 
Qiziqishning mazmun jihatidan o‘zaro tafovutlanishi quyidagilarda 
mujassamlashadi: bilish ehtiyojlarining obyektlari qaysilar, bilishning mazkur 
faoliyat maqsadi bilan mutanosibligi, shaxsning yashayotgan muhitiga nisbatan 
munosabati kabilar. Shaxsda nimalarga nisbatan qiziqish uyg‘onadi, uning bilish 
ehtiyojlari obyektining ijtimoiy qiymati qanday ahamiyat kasb etadi? Insonning 
shaxsiy qiziqishi kelib chiqishiga ko‘ra birlamchi bo‘lishiga qaramasdan, u bir 
davrning o‘zida ijtimoiylik xususiyatini kasb etaveradi. Uning kasbiy faoliyatiga 
nisbatan qiziqishi oxir-oqibatda jamiyat uchun naf keltirishi, ravnaqi uchun 
qiymatlidir. Ijtimoiy xususiyatli qiziqishlarning paydo bo‘lishi shaxsiy ahamiyat 
kasb etish sari yetaklashi muqarrar. Chunki umumiylik (ijtimoiylik) bilan 
xususiylik (shaxsga oidlik) uyg‘unlashgan holda hukm suradi va ular bir 
bosqichdan boshqa bir bosqichga avtomatik ravishda o‘taveradi yoki ular doimo 
o‘rin almashtirib turishadi. Shaxs o‘z qiziqishi tufayli biron-bir narsani kashf etsa, 
individual ehtiyojini qondiradi, shuningdek, jamiyat, jamoa uchun ishlab 
chiqarishni takomillashtirishga bu narsa xizmat qiladi. Shu boisdan jamiyatning, 
jamoaning eng dolzarb vazifalaridan biri yoshlarning mustaqil, faol bilishga, 


282 
ijtimoiy ahamiyatga moyillik mehnat faoliyatiga nisbatan qiziqish uyg‘otishdan 
iboratdir. Toki ularda jiddiy, sermazmun, jamiyat tomonidan rag‘batlantiriluvchi, 
mehr-muhabbatga sazovor qiziqishlar shakllansin. 
Qiziqishning maqsad jihatidan farqi bevosita va bilvosita namoyon bo‘ladigan 
qiziqishlarning mavjudligini aniqlaydi. Bevosita qiziqishlar voqelikning, jismlar va 
hodisalarning emotsional jozibaliligi, his-tuyg‘ularga ega bo‘lishligi, tashqi 
ta’sirlarga beriluvchanligi tufayli vujudga keladi. Bevosita qiziqishlar 
o‘rganilayotgan narsaning ma’nosi bilan uning shaxs faoliyati uchun ahamiyati 
mos tushgan taqdirda paydo bo‘lishi mumkin. Psixologiyada bevosita qiziqishning 
yuzaga kelishini faoliyatning maqsadini anglash bilan bog‘liq bo‘lgan bilishni 
ehtiyoj deb atash qabul qilingan. Mehnat va o‘qish faoliyatida hamisha his-
tuyg‘uga, jozibaga tayanib ish tutish imkoniyati mavjud bo‘lmasligi sababli 
jismoniy va aqliy mehnatni ongli idora qilishda muhim ahamiyat kasb etadigan 
bavosita qiziqishlarni tarkib toptirish masalasi ishlab chiqarish hamda ta’lim tizimi 
oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi. 
Shunday qilib, u yoki bu narsalarni (hodisalar mohiyatini) bilish, ko‘rish, 
idrok qilish, anglab yetish uchun qiziqarli tuyulgan ichki kechinmalar bevosita 
qiziqishni aks ettiradi. Bilvosita qiziqishlar mehnat faoliyati yoki ta’lim olish 
jarayonining muayyan ijtimoiy ahamiyati bilan uning shaxs uchun subyektiv 
ahamiyati o‘zaro mos tushganida bilvosita qiziqish yuzaga keladi. Binobarin, shaxs 
mazkur jarayonda bu narsalar meni qiziqtirgani uchun juda qiziqarlidir, degan 
xulosaga keladi. Mehnat faoliyati va ta’lim jarayonini ongli tashkil etishda 
yetakchi va ustuvor rol o‘ynaydigan bilvosita qiziqishlarni tarkib toptirish uchun 
maxsus treninglarga, omilkor yo‘l-yo‘riqlarga o‘rgatish maqsadga muvofiqdir. 
Odamlarning qiziqishlari o‘zining ko‘lami bilan bir-biridan farq qiladi. 
Shunday shaxslar toifasi ham mavjudki, ularning qiziqishlari faqat birgina sohaga 
qaratilgan bo‘ladi. Boshqa bir toifaga taalluqli odamlarda esa qiziqishlar qator 
sohalarga, fanlarga, obyektlarga yo‘naltirilganligini uchratish mumkin. Lekin turli 
sohaga nisbatan qiziqishlarning biri ikkinchisiga salbiy ta’sir etishi mumkin emas, 
agarda ular oqilona boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lsa. Qiziqishning torligi 


283 
ko‘pincha salbiy hodisa sifatida baholanishi mumkin, lekin ayni chog‘da ularning 
kengligi ham nuqson tariqasida tahlil qilinsa bo‘ladi. Biroq shaxsning barkamol 
shaxs bo‘lib kamol topishi qiziqishlar ko‘lamini tor emas, balki keng miqyosda 
bo‘lishini taqozo etadi. 
Qiziqishlar o‘zlarining darajasiga qarab barqaror va beqaror turlarga 
ajratiladi. Barqaror qiziqishga ega bo‘lgan shaxs uzoq vaqt davomida yoqtirgan 
predmetlariga, obyektlariga, hodisalarga nisbatan o‘z maylini hech o‘zgarishsiz 
saqlab tura oladi. Shu boisdan inson ehtiyojlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi, 
shaxsning ruhiy fazilatiga aylana boshlagan qiziqishlar barqaror qiziqishlar 
deyiladi. Barqaror qiziqish shaxs qobiliyatining rivojlanganligidan darak berishi 
mumkin. Ana shu nuqtai nazardan olib qaraganimizda, mazkur qiziqish tashxis 
qiluvchanlik xususiyatiga ega. Biroq insonlarda barqaror qiziqishning mavjud yoki 
mavjud emasligini aniqlash uchun ularning mehnat faoliyati va o‘quv jarayonidagi 
qiziqishlarining tashqi ifodasini atroflicha o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Odatda, 
qiziqishning tashqi ifodasi shaxsning o‘ziga o‘zi baho berish, o‘zini o‘zi tahlil 
qilish faoliyatlarida namoyon bo‘ladi. Barqaror qiziqish to‘g‘risida mulohaza 
yuritilganda, uning boshqa tarkibiy qismlari va qirralarini hisobga olish lozim, 
chunki bu narsa ko‘p jihatdan shaxsning irodaviy sifatlari, xarakterining 
vazminligiga bog‘liq. Qiziqishning barqarorligi uning nisbatan jadal tarzda 
namoyon bo‘lishi hamda uzoq davom etishi bilan ifodalanadi. Shaxsning zaruriy 
ehtiyojlarini yuksak darajada aks ettiradigan, shuningdek, uning psixologik 
tuzilishiga xos xislatlarga aylanib boradigan qiziqishlari barqaror qiziqish deyiladi. 
Barqaror qiziqish qobiliyatning bir ko‘rinishiga o‘xshash bo‘lib, maqsadga 
yo‘nalganligi bilan muhim ham individual, ham ijtimoiy ahamiyatga, qiymatga 
egadir. 
Qiziqishlarning ba’zi holatlarda beqaror bo‘lishligi insonlarning yosh, jins, 
tipologik xususiyatiga bog‘liqdir. Bunday toifadagi odamlarda qiziqishlar g‘oyatda 
ehtirosli kechadi, biroqqisqa muddatli bo‘lishi mumkin. Masalan, bir vaqtning 
o‘zida ular bir nechta fanlarga, tabiat hodisalariga qiziqadi, barcha narsaga ishtiyoq 
bilan kirishib, muammo mohiyatiga chuqur kirib bormasdan, boshqa holatlar bilan 


284 
mashg‘ul bo‘lib ketadilar. Unday xususiyatli shaxslar mashg‘ulotlarga tez kirishadi 
va shunday yo‘sinda so‘nib turadi ham. Qiziqishlar salohiyatli voyaga yetgan 
odamlarning, yoshlarning o‘z iste’dodlarini maqsadga yo‘naltirgan tarzda amalga 
oshishini ta’minlaydi. 
Shaxsdagi qiziqishlarni rivojlantirish va barqarorlashtirish uchun ularning 
negizini tashkil etadigan faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lishga, maqsadga muvofiq 
ravishda shug‘ullanishga, mayl uyg‘otishga puxta zamin hozirlash zarur, toki 
qiziqishlar motiv, ehtiyoj, e’tiqod funksiyasini bajarishga aylansin. 
Shunday qilib, qiziqishlar, shaxs faoliyati asoslarining tanho yo‘nalishi emas, 
lekin uning eng muhim jihatidan iboratdir. 
Psixologiya fanining so‘nggi davrdagi ma’lumotlariga asoslangan holda 
qiziqishning bir nechta darajalarga ajratish mumkin: a) sinchkovlik, b) 
qiziquvchanlik, v) bilishga qiziqish, g) turg‘un yoki kasbiy qiziqish. Sinchkovlik 
qiziqishning biror narsaga nisbatan kuchli intilishdan iborat qisqa muddatli turi 
yoki darajasidir. Qiziquvchanlik shaxsning voqelikdagi narsa va hodisalarga, 
ularning bilishga nisbatan faol munosabatidan iborat qiziqish darajasidir. Bilishga 
qiziqish anglashinilgan darajadagi, maqsadga muvofiqlashgan, jismoniy va aqliy 
faoliyatning yangi qirralarini egallashga yo‘naltirilgan qiziqish turidir. Turg‘un 
qiziqish shaxsning kasbiy ko‘nikmalar, malakalar va bilimlarni egalashga 
yo‘naltirilgan, kasbiy tayyorgarlik darajasi bilan uyg‘unlashgan, maqsadga erishish 
yo‘lida faollik ko‘rsatuvchi qiziqish turidir. 
Shaxslar ixtiyoriga piktogramma, anagramma, turli xususiyatli testlarni 
havola qilish ularda qiziqishning ichki mexanizmlarini keltirib chiqaradi. Bu narsa 
o‘z navbatida ularda o‘z qiziqishini o‘zi boshqarish ko‘nikmasini shakllantiradi, 
har qanday qo‘zg‘aluvchiga javob berishdan iborat stereotip hosil bo‘ladi. 
Qiziqishning bu turi va uning yuqori bosqichi shaxsning voqelikdagi ichki 
bog‘lanishlarni, munosabatlarni bilib olishga yo‘llaydi hamda ruhiy to‘siqlar va 
qiyinchiliklarni 
yengadigan, 
muvaffaqiyatsizliklardan 
cho‘chimaydigan, 
qat’iyatlik, intiluvchan, toliqmas individual xususiyatni shakllantirishga yordam 
beradi. Odamlarda o‘zini o‘zi boshqarish, shaxsiy qiziqishini idora qilish, o‘ziga 


285 
o‘zi buyruq berish, o‘zini qo‘lga olish, o‘zini o‘zi takomillashtirish singari shaxs 
xususiyatlarini shakllantirish ijtimoiy, tarixiy hamda ijtimoiy-psixologik ahamiyat 
kasb etadi.

Yüklə 5,67 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   76   77   78   79   80   81   82   83   ...   138




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin