Mixail Bulgakov. Usta va Margarita (roman)
www.ziyouz.com
kutubxonasi
119
kelishiga u o‘tgan kuni kechqurun allamahalda quyidagi mazmunda olgan telegramma sabab bo‘lgan
edi:
«Meni hozirgina Patriarx ko‘lida tramvay bosib ketdi.
Dafn juma, kunduz uchda. Yetib keling.
Berlioz».
Maksimilian Andreevich Kievda haqli ravishda eng donishmand kishilardan biri hisoblanardi.
Lekin bu tarzdagi telegramma eng aqlli odamni ham gangitib qo‘yishi mumkin edi. Baski, odam o‘zini
tramvay bosib ketgani haqida telegramma yuboribdimi, demak u o‘lmagan. Lekin unda dafnning nima
aloqasi bor bunga? Yo ahvoli judayam og‘iru tirik qolishiga ko‘zi yetmayaptimikin? Bu mumkin, lekin
dafn paytining anikdigi o‘ta g‘ayrioddiy hol edi — axir u o‘zining juma kuni
kunduz soat uchda dafn
etilishini, o‘zingiz o‘ylang, qayokdan bilsin? G‘oyat g‘aroyib telegramma!
Biroq chalkash jumboqlarni yecha olganlari uchun ham dono odamlarni dono deb atashadi. Masala
ravshan. Xatoga yo‘l qo‘yilgan, telegramma chalkashib ketgan. «Meni» so‘zi, shubhasiz, bu yerga
boshqa telegrammadan kirib, «Berliozni» degan so‘zning o‘rnini
egallagan, «Berliozni» so‘zi esa,
kelishik qo‘shimchasidan judo bo‘lib, telegramma oxiriga borib qolgan. Shunday tuzatish kiritiladigan
bo‘lsa, telegrammaning mazmuni oydinlashar, ammo, fojiali tus olardi, albatta.
Maksimilian Andreevich, umr yo‘ldoshining qayg‘uli
faryodi sal tinishi bilan, darhol Moskvaga
otlana boshladi.
Shu o‘rinda Maksimilian Andreevichning dil rozini fosh qilishimizga to‘g‘ri keladi. Hech shubha
yo‘qki, xotinining ayni kamolga yetgan paytda nobud bo‘lgan jiyaniga uning ham rahmi kelgan edi.
Lekin, ish ko‘zini biluvchi odam sifatida, o‘zining dafn marosimida qatnashishiga unchalik zarurat
yo‘qligini
ham tushunardi, albatta. Shunga qaramay, Maksimilian Andreevich Moskvaga judayam
shoshilib otlana boshladi. Xo‘sh, sabab nima? Sabab bitta — kvartira. Moskvadagi kvartirami? Ha, bu
nihoyatda jiddiy masala. Maksimilian Andreevichga negadir Kiev yoqmasdi, shu sababli keyingi
paytlarda Moskvaga ko‘chib o‘tish niyati uning qalbini qattiq
iztirobga sola boshlagan, oqibat, hatto
uyqusida ham xalovat qolmagan edi. Past sohil tomondagi orolchalarni ko‘mib, suvi ufqqa borib
tutashgan Dneprning bahorgi toshqini ham uning bahri-dilini ocholmasdi. Knyaz Vladimir haykali
poyidan ko‘zga tashlanuvchi, go‘zallikda qiyosi yo‘q ulug‘vor manzara ham uni maftun qilmas edi.
Vladimir tepaligidagi g‘isht terilgan io‘lkalarda o‘ynovchi quyoshning olachalpoq nurlari
ham uning
ko‘nglini ovlamasdi. Bularning birontasini ham xohlamasdi u, faqat bir narsani — Moskvaga ko‘chib
o‘tishni istardi.
O‘zining Institut ko‘chasidagi kvartirasini Moskvadagi biron chog‘roq kvartiraga ayirboshlash
haqida gazetalarga bergan e’lonlari hech qanday natija bermadi. Xohlovchilar topilmas, bitta-yarimta
topilganiyam mutlaqo kurakda turmaydigan shartlar qo‘yardi.
Telegramma Maksimilian Andreevichni larzaga soldi. Bunday qulay fursatni boy berishning o‘zi
gunoh edi. Uddaburon odam bunday holning boshqa takrorlanmasligini yaxshi biladi.
Qisqasi, qanchalik mushkul bo‘lmasin, bir amallab jiyanning Sadovaya ko‘chasidagi kvartirasini
meros qilib olish kerak edi. Ha, bu mushkul, g‘oyatda
mushkul ish, lekin shunday bo‘lsa ham, bu
mushkulotni yengmoq lozim edi. Omilkor Maksimilian Andreevich bunga erishish uchun birinchi
navbatdagi eng zarur ish nimadan iborat bo‘lishini yaxshi bilardi: bir ilojini qilib, marhum jiyanning
uchta xonasiga vaqtincha bo‘lsa ham o‘zini propiska qildirib olishi kerak.
Maksimilian Andreevich juma kuni Moskvaga yetib kelib, shu kuniyoq Sadovaya ko‘chasidagi
302-bis uyning uy boshqarmasi eshigidan ichkari kirdi.
Devoriga daryoga cho‘kkan odamni tiriltirish usullari bir nechta suratda
tasvirlangan eski plakat
osilgan torgina xonada yog‘och stol ortida soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, ko‘zlari alang-jalang boquvchi
o‘rta yoshlardagi odam yolg‘iz sho‘ppayib o‘tirardi.
— Boshqarma raisini ko‘rishim mumkinmi? — deb tavoze bilan so‘radi ekonomist-planovik,
boshidan shlyapasini olib, chamadonchasini bo‘sh turgan stulga qo‘yarkan.
Mana shu odmigina savoldan stol ortida o‘tirgan odamning negadir ruhi tushib, rangi bo‘zday