www.ziyouz.com kutubxonasi
214
— E, kim bilsin, kim bilsin, — dedi Korovyov.
— Dostoevskiy o‘lgan, — dedi ayol qandaydir qat’iyatsizlik bilan.
— E’tiroz bildiraman! — ded Begemot qizg‘in ohangda. — Dostoevskiy boqiy!
— Guvohnomangizni ko‘rsating, grajdanlar, — dedi ayol.
— Kechirasiz, axir bu maynabozchilik-ku, — deb bo‘sh kelmasdi Korovyov, — yozuvchiligi aslo
guvohnoma bilan emas, balki asar yozishi bilan ifodalanadi! Mening boshimda qanday teran fikr
g‘ujg‘on o‘ynayotganini siz qayoqdan bilasiz? Yoki manavi kallada nimalar borligini ayta olasizmi? —
deb u Begemotning kallasini ko‘rsatgan edi, u ham, ayol yaqinroq ko‘rib olsin, degan maqsadda darhol
boshidan kepkasini oldi.
— Yo‘l bering, grajdanlar, — dedi ayol endi asabiylashib.
Korovyov bilan Begemot o‘zlarini chetga olib,tezlik oq ko‘ylak kiyib, yoqasini kul rang
kostyumining yoqasi ustiga chiqargan, shu bois galstuk bog‘lanmagan, qo‘ltig‘iga gazeta qistirgan bir
yozuvchini o‘tkazib yuborishdi. Yozuvchi ayol bilan bosh irg‘ab salomlashdi, yo‘l-yo‘lakay ayol ochib
qo‘ygan qalin daftarga aji-buji qilib imzo chekdi-da, rovon tomon yo‘l oldi.
— Afsus, ming afsus, — dedi Korovyov qayg‘uli ohangda, — biz bechora darbadarlar orzu qilgan
muzdakkina pivo to‘ldirilgan bordoq bizga emas, unga nasib qiladigan buldi, ahvolimiz g‘oyat
ayanchli va mushkul, nima qilishgayam hayron bo‘lib qoldim.
Begemot «nachora» degandek qo‘llarini yoydi, mushukning yungini eslatuvchi qalin soch o‘sgan
dumaloq boshiga kepkasini kiydi. Xuddi shu mahal ayolning boshi uzra kimningdir amirona ovozi
yangradi:
— O‘tkazib yuboring bularni, Sofya Pavlovna. Ayol hayratga keldi: yam-yashil chirmoviqgulga
burkangan eshik ostonasida restoran direktorining frak kiygan oppoq ko‘kragi va cho‘qqisoqoli
ko‘rindi. U shubhali ikki chuvrindiga nazokat bilan tikildi, boz ustiga, hatto ularni lutfan ichkariga
taklif ham qildi. Restoranda Archibald Archibaldovichning obro‘si juda baland edi, shu bois Sofya
Pavlovna itoatkorlik bilan bo‘ysunib, Korovyovdan so‘radi:
— Familiyangiz nima?
— Panaev, — nazokat bilan javob qildi u. Ayol bu familiyani daftarga yozib bo‘lib, Begemotga
savol ma’nosida tikildi.
— Skabichevskiy, — deb chiyilladi u negadir qo‘li bilan primusini ko‘rsatib. Sofya Pavlovna bu
familiyani ham yozib, daftarni imzo chekish uchun ikki mushtariy oldiga surib qo‘ydi. Korovyov
«Panaev» familiyasi qarshisiga «Skabichevskiy» deb, Begemot esa «Skabichevskiy» familiyasi
ro‘parasiga «Panaev» deb imzo chekishdi. Archibald Archibaldovich o‘z raftori bilan Sofya
Pavlovnani tamomila hayratga solib, jozibali tabassum qilgancha, mehmonlarni rovonning narigi
chekkasidagi eng yaxshi stol tomon boshlab ketdi... Hangu mang bo‘lib qolgan Sofya Pavlovna
ko‘zlarini «pir-pir» uchirib, uzoq vaqt kutilmagan mushtariylar chekkan imzolarga tikilib o‘tirdi.
Archibald Archibaldovich ofitsiantlarni Sofya Pavlovnadan ham ko‘proq taajjubda qoddirdi. U
shaxsan o‘zi stul surib, Korovyovni o‘tirishga taklif qildi, bir ofitsiantga ko‘z qisib, ikkinchisining
qulog‘iga nimadir shivirladi, shundan keyin ular ikkovi yangi mehmonlar atrofida parvona bo‘la
boshladilar (bu payt mehmonlardan biri o‘zining rangi o‘chib sarg‘ayib ketgan botinka kiygan oyog‘i
tagiga primusini qo‘ydi). Stol ustidagi hammayog‘i dog‘-dug‘ dasturxon ko‘z ochib-yumguncha g‘oyib
bo‘lib, o‘rniga badaviylarning yaktagi kabi oppoq, nishastalangan dasturxon havoda shitirlab yozildi,
bu asnoda Archibald Archibaldovich Korovyovning qulog‘iga engashib juda ma’nodor ohangda ohista
pichirlardi.
— Qanday taomni ixtiyor qiladilar? Qizil paliqning maxsus tayyorlangan sarpanjasi bor...
arxitektorlar s’ezdidan undirdim...
— Siz... e... bizga, umuman yegulik bir nima bering... e... — muruvvat qilayotganday g‘o‘ldiradi
Korovyov stulga suyanarkan.
— Tushundim, — deb ko‘zini yumib ochdi Archibald Lrchibaldovich, ma’nodor javob qilarkan.