O’z-o’zini tarbiyalash metodlari - o’quvchilarning o’zini o’zi idora qilishlari,
turli o’quvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning
ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida qo’llaniluvchi usullar.
O’z-o’zini tahlil (nazorat) qilish - o’z shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati,
xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf
etishga qaratilgan faoliyat usuli.
O’z-o’zini qayta tarbiyalash – shaxsning o’zidagi salbiy odatlar, xarakteridagi
zararli sifatlarni yo’qotish, ularni bartaraf etishga qaratilgan ichki faoliyati
jarayoni.
Harbiy vatanparvarlik tarbiyasi - yoshlarni vatan himoyasi hamda harbiy
mudofaaga tayyorlash, ularda favqulodda holatlarda harbiy mudofaani tashkil etish
ko’nikma va malakalarini shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.
Hikoya – ota-onalar tomonidan dalil, hodisa va voqealarning yaxlit yoki
qismlarga bo’lib, tasviriy vositalar yordamida obrazli tasvirlash yo’li bilan ixcham,
qisqa va izchil bayon qilinishi.
Huquqiy madaniyat – shaxs tomonidan huquqiy bilimlarning o’zlashtirilishi
hamda huquqiy faoliyatni tashkil etish darajasining sifat ko’rsatkichi.
Huquqiy ong - muayyan jamiyatning moddiy hayot tarzi bilan belgilanadigan
tasavvur, idrok, tafakkur va e’tiqodlar tizimi bo’lib, ijtimoiy-psixologik hodisa
sifatida murakkab tuzilishga ega.
Huquqiy tarbiya - shaxs tomonidan o’zlashtirilgan nazariy-huquqiy bilimlar
negizida huquqiy faoliyatni tashkil etish ko’nikma va malakalarini hosil qilish,
unda ijobiy huquqiy sifatlarni qaror toptirish va huquqiy madaniyatni
shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.
Huquqiy ta’lim - o’quvchilarga huquqiy me’yorlar, qonunlar hamda ijtimoiy-
huquqiy munosabatlar mohiyati to’g’risidagi tizimlangan bilimlarni berish, ularda
huquqiy bilimlarni egallashga bo’lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, huquqiy ongni
shakllantirish jarayoni.