O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY
VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI
O’ZBEKISTON MILLIY
UNIVERSITETINING JIZZAX
FILIALI
SIRTQI BO’LIM
“FALSAFA” FANIDAN
MUSTAQIL ISH
MAVZU: “Tafakkurning mantiqiy shakllari va qonunlari”
Bajardi : III-KURS 557/22 guruh talabasi: Uzoqov Sh
JIZZAX 2023
Tafakkurning mantiqiy shakllari va qonunlari.
RЕJA:
1. Tafakkur mantiq ilmining o‘rganish ob’ekti sifatida. Tafakkur shakllari va
qonunlari haqida tushuncha.
2. Tushunchaning umumiy tavsifi. Tushunchaning mazmuni va hajmi, u larning
o‘zaro aloqasi.Tushunchalarning turlari.
3. Hukm borliqni aks ettirishning mantiqiy shakli sifatida.
4. Xulosa chiqarishning mohiyati. .
1. «Mantiq» arabcha so‘z bo‘lib, ma’nosi bo‘yicha «logika» so‘ziga muvofiq keladi.
«Logika» atamasi esa, grekcha «logos» so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «fikr», «so‘z»,
«aql», «qonuniyat» kabi ma’nolarga ega. Uning ko‘p ma’noligi turli xil narsalarni ifoda
qilishida o‘z aksini topadi. Xususan, mantiq so‘zi, birinchidan, ob’ektiv olam
qonuniyatlarini (masalan, «ob’ektiv mantiq», «narsalar mantig‘i» kabi iboralarda),
ikkinchidan, tafakkurning mavjud bo‘lish shakllari va taraqqiyotini, shu jumladan,
fikrlar o‘rtasidagi aloqadorlikni harakterlaydigan qonun-qoidalar yig‘indisini
(masalan, «sub’ektiv mantiq» iborasida), va nihoyat, uchinchidan, tafakkur shakllari
va qonunlarini o‘rganuvchi fanni ifoda etishda ishlatiladi. Mantiq ilmining o‘rganish
ob’ektini tafakkur tashkil etadi. «Tafakkur» arabcha so‘z bo‘lib, o‘zbek tilidagi
«fikrlash», «aqliy bilish» so‘zlarining sinonimi sifatida qo‘llaniladi. Tafakkur
bilishning yuqori bosqichidir. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun bilish
jarayonida tutgan o‘rni, bilishning boshqa shakllari bilan bo‘lgan munosabatini aniqlab
olish zarur. Bilish voqelikning, shu jumladan, ong hodisalarining inson miyasida
sub’ektiv, ideal obrazlar shaklida aks etishidan iborat.
Bilish jarayonining asosini va oxirgi maqsadini amaliyot tashkil etadi. Barcha
hollarda bilish insonning hayotiy faoliyati bilan u yoki bu darajada bog‘liq bo‘lgan,
uning ma’lum bir ehtiyojini qondirishi mumkin bo‘lgan narsalarni tushunib etishga
bo‘ysundirilgan bo‘ladi. Bilish jarayonini amalga oshirar ekan, kishilar o‘z oldilariga
ma’lum bir maqsadlarni qo‘yadilar. Ular o‘rganilishi lozim bo‘lgan predmetlar doirasi,
tadqiqot yo‘nalishi, shakllari va metodlarini belgilab beradi. Bilish murakkab,
ziddiyatli, turli xil darajalarda va shakllarda amalga oshadigan jarayondir. Uning
dastlabki boskichini hissiy bilish - insonning sezgi organlari yordamida bilish tashkil
etadi. Bu bosqichda predmet va hodisalarning tashqi xususiyatlari va munosabatlari,
ya’ni ularning tashqi tomonida bevosita namoyon bo‘ladigan va shuning uchun ham
inson bevosita seza oladigan belgilari xaqida ma’lumotlar olinadi.Hissiy bilish 3 ta
shaklda: sezgi, idrok va tasavvur shaklida amalga oshadi.
Sezgi predmetning birorta tashqi xususiyatini (masalan, rangini, shaklini, ta’mini)
aks ettiruvchi yaqqol obrazdir. Idrok predmetning yaxlit yaqqol obrazi bo‘lib, u mazkur
predmet haqidagi turli xil sezgilarni sintez qilish natijasida hosil bo‘ladi. Alohida
olingan sezgilardan farqli o‘laroq, idrok berilgan predmetni boshqa predmetlardan
(masalan olmani behidan, nokdan va shu kabilardan) farq qilish imkonini beradi.
Tasavvur esa avval idrok etilgan predmetning obrazini ma’lum bir signallar
(berilgan predmet bilan ma’lum bir umumiylikka ega bo‘lgan) ta’sirida miyada qayta
hosil qilishdan, yoki shu va boshqa obrazlar negizida yangi obraz yaratishdan iborat
hissiy bilish shaklidir. Masalan, tanishingizga o‘xshagan kishini uchratganda
tanishingizni eslaysiz, yoki ko‘rmoqchi bo‘lgan imoratingizni mavjud imoratlar
obrazlari.yordamida.yaqqol.his.qilasiz.
Lekin, shunga qaramasdan hissiy bilish o‘z imkoniyatlari, chegarasiga ega. U
bizga alohida olingan predmetlar (yoki predmetlar to‘plami), ularning tashqi belgilari
xaqida ma’lumot beradi. Unda mavjud predmetlar o‘rtasidagi aloqadorlik (masalan
muz bilan havoning harorati o‘rtasidagi bog‘lanish) o‘rganilmaydi, predmetlarning
umumiy va individual, muhim va nomuhim, zaruriy va tasodifiy xususiyatlari farq
qilinmaydi.
Bundan tashqari, ba’zi hollarda hissiyotimiz bizni aldab qo‘yadi. Masalan,
uzoqdan sizga qarab yurib kelayotgan kishini tanishingizga o‘xshatasiz, lekin yaqinroq
kelganda uning boshqa kishi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Boshqa bir misol. Endi
tanishgan kishingiz xaqidagi dastlabki taassurot (bu asosan uning tashqi tamonidan
ko‘rinishiga qarab hosil qilinadi), u bilan muloqatda bo‘lgandan keyin o‘zgaradi. Mana
shu o‘rinda «Kiyimiga qarab kutib olishadi, aqliga qarab kuzatishadi» degan
maqolning hissiy bilish bilan aql o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni, farqni yaxshi ifoda
qilishini ta’kidlash lozim. Yuqorida qayd etib o‘tilgan holatlar bilishda tafakkurga
bo‘lgan ehtiyojni, uning mohiyatini, bilishda tutgan o‘rnini chuqur anglashga yordam
beradi.
Predmet va hodisalarning mohiyatini tushunishga tafakkur yordamida
erishiladi. Tafakkur bilishning yuqori-ratsional (lotincha ratio-aql) bilish bosqichi
bo‘lib, unda predmet va hodisalarning umumiy, muhim xususiyatlari aniqlanadi, ular
o‘rtasidagi ichki, zaruriy aloqalar, ya’ni qonuniy bog‘lanishlar aks ettiriladi. Tafakkur
uch xil shaklda: tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish shaklida.mavjud
Tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chikarish tafakkurning universal shakllari,
uning asosiy strukturaviy elementlari hisoblanadi.Muhokama yuritish ana shular va
ularning o‘zaro aloqalarga kirishishi natijasida vujudga keladigan boshqa mantiqiy
strukturalar (masalan, muammo, gipoteza, nazariya, goya, argumentlash va shu
kabilar) da amalga oshadi.
Muhokama yuritishda ishonchli natijalarga erishishning zaruriy shartlari
qatoriga fikrning chin bo‘lishi va formal jihatdan to‘g‘ri ko‘rilishi kiradi. Chin fikr deb,
o‘zi ifoda qilayotgan predmetga muvofiq keluvchi fikr hisoblanadi (Masalan, «Temir-
metall»). Xato fikr predmetga mos kelmaydigan fikrdir (masalan, «Temir-metall
emas»).
Fikrning chin yoki xato bo‘lishi uning mazmuniga tegishli xususiyatlaridir.
Fikrning chin bo‘lishi mantiqiy fikr yuritishning zaruriy sharti bo‘lsada, o‘z holicha
etarli emas. Fikr muhokama yuritish jarayonida formal jihatdan to‘g‘ri ko‘rilgan ham
bo‘lishi kerak. Bu xususiyat fikrning shakliga taallukli bo‘lib, tafakkurda hosil
bo‘ladigan turli xil mantiqiy strukturalarda, sodir bo‘ladigan har xil mantiqiy amallarda
o‘z aksini topadi. Fikrni to‘g‘ri ko‘rishga tafakkur qonunlari talablariga rioya
qilgandagina erishish mumkin.
Tafakkur qonuni muhokama yuritish jarayonida fikrlar (fikrlash elementlari)
o‘rtasidagi mavjud zaruriy aloqalardan iborat. Tafakkur qonunlari mazmunidan kelib
chiqadigan, muhokamani to‘g‘ri ko‘rish uchun zarur bo‘lgan talablar fikrning aniq,
izchil, etarli darajada asoslangan bo‘lishidan iborat. Olamdagi narsa va hodisalar
harakati o‘ziga xos ichki qonunlar asosida yuzaga keladi. Bu harakatning inson
ongidagi in’ikosi, ya’ni tafakkur jarayoni ham o‘ziga xos ob’ektiv qonuniyatlar asosida
amalga oshadi. Falsafada qonun tushunchasi narsa va hodisalarning muhim, zaruriy,
umumiy, nisbiy barqaror munosabatlarini ifodalaydi. Formal mantiq ilmida qonun
tushunchasi fikrlash elementlari o‘rtasidagi ichki, muhim, zaruriy aloqadorlikni
ifodalaydi.
Mantiqiy tafakkur ikki turdagi qonunlarga bo‘ysunadi.
Ular dialektika qonunlari va formallashgan mantiq qonunlaridir.Dialektika
qonunlari ob’ektiv olam va bilish jarayoniga xos bo‘lgan eng umumiy qonunlar bo‘lib,
dialektik mantiq ilmining o‘rganish sohasi hisoblanadi. Formallashgan mantiq
qonunlari esa, faqat tafakkurdagina amal qiladi. Dialektika qonunlari mantiqiy
tafakkurni uning mazmuni va shakli birligida olib o‘rgansa, formal mantiq qonunlari
esa, fikrning to‘g‘ri tuzilishini, uning aniq, izchil, ziddiyatsiz va asoslangan bo‘lishini
e’tiborga olgan holda o‘rganadi. Formal mantiq qonunlari (yoki tafakkur qonunari)
deyilganda fikrlashga xos muhim, zururiy bog‘lanishlar tushuniladi.
Tafakkur qonunlari ob’ektiv voqelikning inson miyasida uzoq vaqt davomida
aks etishi natijasida vujudga kelgan va shakllangan. Bu qonunlar fikrlashning to‘g‘ri
amalga oshishini ta’minlab turadi.
Ular tafakkur shakllari bo‘lgan tushunchalar, mulohazalar (hukmlar) hamda
xulosa chiqarishning shakllanishi va o‘zaro aloqalarini ifodalaydi. Tafakkur qonunlari
yuzaki qaraganda sub’ektiv qonunlardek bo‘lib tuyulsa ham, aslini olganda, ob’ektiv
mazmunga egadir. Bu qonunlar hamma kishilarning fikr yuritishida bir xil amal
qiluvchi umuminsoniy qonunlardir. Ularni buzish, almashtirish, o‘zgartirish, yangilash
mumkin emas.
Tafakkur qonunlariga amal qilish to‘g‘ri, tushunarli, aniq izchil, ziddiyatsiz,
asoslangan fikr yuritishga imkon beradi. Aniqlik, izchillik, ziddiyatlardan holi bo‘lish
va isbotlilik (asoslanganlik) to‘g‘ri tafakkurlashning asosiy belgilaridir.
Ayniyat qonuni. Biror buyum yoki hodisa xaqida fikr yuritilganda ularga xos
bo‘lgan barcha muhim belgilar, tomonlar qamrab olinadi. Predmet xaqidagi fikr necha
marta va qanday holatlarda takrorlanishiga qaramasdan doimiy, o‘zgarmas va qat’iy
mazmunga ega bo‘ladi.
Tafakkurga xos bo‘lgan bu aniqlik xususiyati ayniyat qonunining mohiyatini
tashkil.etadi.
Ayniyat qonuniga ko‘ra ma’lum bir predmet yoki hodisa xaqida aytilgan ayni
bir fikr ayni bir muhokama doirasida ayni bir vaqtda o‘z-o‘ziga tengdir. Bu qonun
formal mantiq ilmida «A-A dir» formulasi bilan ifodalanadi. Ayniyat qonunining
asosiy talabi quyidagicha: fikrlash jarayonida turli fikrlarni aynanlashtirish va
aksincha, o‘zaro aynan bo‘lgan fikrlarga teng emas, deb qarash mumkin emas.
Bu mantiqiy tafakkurning muhim shartlaridan biridir. Fikrlash jarayonida bu
qonunni, bilib yoki bilmasdan, buzish holatlari uchraydi. Ba’zan, bu holat bir fikrning
tilda turli xil ifodalanishi bilan bog‘liq bo‘ladi.
Tilda mavjud bo‘lgan omonim va sinonim so‘zlarning qo‘llanishi ham ba’zan turli
fikrlarning o‘zaro aynanlashtirilishiga, ya’ni noto‘g‘ri muhokamaga olib keladi.
Masalan: falsafiy nuqtai nazardan «sifat» tushunchasi, o‘ziga xos mazmunga ega
bo‘lsa, biror hunarmand tomonidan bu tushuncha, boshqa mazmunda (yaroqli, foydali)
qo‘llaniladi. Yoki Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining quyidagi misralari misol bo‘la oladi:
Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot, Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot,
Nasixatim yod qilib ol farzandim, Yolgiz yursa chang chiqarmas yaxshi ot
Nozidlik qonuni. Inson tafakkuri aniq, ravshan bo‘libgina qolmasdan,
ziddiyatsiz bo‘lishi ham zarur. Zidiyatsizlik inson tafakkuriga xos bo‘lgan eng muhim
xislatlardan biridir. Ma’lumki, ob’ektiv voqelikdagi buyum va hodisalar bir vaqtda, bir
xil sharoitda biror xususiyatga ham ega bo‘lishi, ham ega bo‘lmasligi mumkin emas.
Masalan, bir vaqtning o‘zida, bir xil sharoitda inson ham axloqli, ham axloqsiz bo‘lishi
mumkin emas.
U yo axloqmi yoki axloqsiz bo’ladi.
Bir vaqtning o‘zida bir predmetga ikki zid xususiyatning taalluqli bo‘lmasligi
tafakkurda nozidlik qonuni sifatida shakllanib qolgan. Bu qonun fikrlash jarayonida
ziddiyatga yo‘l qo‘ymaslikni talab qiladi va tafakkurning ziddiyatsiz hamda izchil
bo‘lishini ta;minlaydi.
Nozidlik qonuni ayni bir predmet yoki hodisa xaqida aytilgan ikki o‘zaro bir-
birini istisno qiluvchi (qarama-qarshi yoki zid) fikr bir vaqtda va bir xil nisbatda
birdaniga chin bo‘lishi mumkin emasligini, hech bo‘lmaganda ulardan biri albatta xato
bo‘lishini ifodalaydi. Bu qonun «A ham V, ham V emas bo‘la olmaydi» formulasi
orqali beriladi.Nozidlik qonuni qarama-qarshi va zid mulohazalarga nisbatan
qo‘llaniladi. Bunda qarama-qarshi mulohazalarning har ikkalasi ham bir vaqtda xato
bo‘lishi mumkin; o‘zaro zid mulohazalar esa bir vaqtda xato bo‘lmaydi, ulardan biri
xato bo‘lsa, ikkinchisi albatta chin bo‘ladi. Qarama-qarshi mulohazalarda esa bunday
bo‘lmaydi, ya’ni ulardan birining xatoligidan ikkinchisining chinligi kelib chiqmaydi.
Masalan: «Aristotel-mantiq fanining asoschisi» va «Aristotel-mantiq fanining
asoschisi emas» - bu o‘zaro zid mulohazalardir. Bu zid mulohazalarning har ikkalasi
bir vaqtda xato bo‘lmaydi. Ulardan birinchisi chin bo‘lgani uchun, ikkinchisi xato
bo‘ladi. O‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan «Bu dori shirin» va «Bu dori achchiq»
mulohazalarining esa ikkalasi bir vaqtda, bir xil nisbatda xato bo‘lishi mumkin. Chunki
dori shirin ham, achchiq ham bo‘lmasligi, balki bemaza yoki nordon bo‘lishi
mumkin.Noziddlik qonunini bilish va unga amal qilish raqibning, suhbatdoshning
fikrlaridagi mantiqsizlikni aniqlash, ilmiy tahlilni izchil va chuqur mantiqiy asosda olib
borish imkonini beradi.Uchinchi istisno qonuni nozidlik qonunining mantiqiy davomi
bo‘lib, fikrning to‘liq mazmunini qamrab olib bayon qilingan ikki zid fikrdan biri chin,
boshqasi xato, uchinchisiga o‘rin yo‘q ekanligini ifodalaydi. Bu qonun «A - V yoki V
emasdir» formulasi orqali beriladi. Uchinchisi istisno qonuni tushunchalar o‘rtasidagi
zid munosabatlarni ifodalaydi. Agarda zid munosabatlar tushunchaning to‘liq
mazmunini qamrab olmasa, ikki zid belgidan boshqa belgilarning ham mavjudligi
ma’lum bo‘lsa, unda uchinchisi istisno qonuni amal qilmaydi. Masalan:Talaba
imtihonda» a’lo» baho oldi. Talaba imtihonda «ikki» baho oldi.Bu mulohazalar
munosabatida nozidlik qonuni amal qiladi. Chunki bu mulohazalarning har ikkisi ham
xato bo‘lishi va talaba imtihonda «o‘rta» yoki «yaxshi» baho olishi mumkin.Agar,
«Talaba imtihonda «a’lo» baho oldi» va «Talaba imtihonda «a’lo» baho olmadi»,
mulohazalarini tahlil qilsak, unda bu mulohazalardan biri chin, boshqasi xato,
uchinchisiga o‘rin yo‘q ekanligi ma’lum bo‘ladi. Chunki «yaxshi», «o‘rta» va «ikki»
baholar – «a’lo» baho emas.
Yetarli asos qonuni. To‘g‘ri fikrlashga xos bo‘lgan muhim xususiyatlardan biri
isbotlilik, ishonchlilikdir. Fikrlash jarayonida buyum va hodisalar xaqida chin
muhokama yuritibgina qolmasdan, bu muhokamaning chinligiga hech qanday shubha
bo‘lmasligi uchun, uni isbotlashga, asoslashga harakat qilinadi. Bunda chinligi
avvaldan ma’lum bo‘lgan va o‘zaro mantiqiy bog‘langan mulohazalarga asoslaniladi,
ya’ni bayon qilingan fikrning chinligi avvaldan ma’lum bo‘lgan, tasdiqlangan boshqa
bir fikr, mulohaza bilan taqqoslanadi. Tafakkurning bu xususiyati etarli asos qonuni
orqali ifodalanadi. Inson tafakkuriga xos bo‘lgan bu qonunni birinchi marta
nemis faylasufi va matematigi G. Leybnis ta’riflab bergan.
Uning ta’kidlashicha, barcha mavjud narsalar o‘zining mavjudligi uchun yetarli
asosga ega. Har bir buyum va hodisaning real asosi bo‘lgani kabi, ularning in’ikosi
bo‘lgan fikr-mulohazalar ham asoslangan bo‘lishi kerak. Yetarli asos qonunining bu
talabi quyidagi formula orqali ifodalanadi: «Agar V mavjud bo‘lsa, uning asosi sifatida
A ham mavjud».Mantiqiy asos bilan ob’ektiv, xaqiqiy real asosni aralashtirib yuborish
mumkin emas. Asos va natija orasidagi mantiqiy bog‘liqlikni sabab va oqibat
aloqadorligidan farqlash zarur. Masalan, «Bu kishi bemor» degan mulohazani «U
shifoxonada davolanayapti» degan fikr bilan asoslash mumkin. Aslida shifoxonada
davolanish dastlabki mulohazaning sababi emas, balki oqibatidir. Ko‘rinib turibdiki,
mantiqiy asos hamma vaqt ham hodisaning sababi bilan mos kelmaydi. Fikrlarning
yetarli asosga ega bo‘lishligining obektiv manbai faqat sabab-oqibat munosabatinigina
emas, shuningdek, fikrning izchilligi, asoslanganligini, isbotlangan bo‘lish
xususiyatlarini ham, ya’ni ob’ektiv mazmuni sabab-oqibat munosabatlaridan
tashqarida bo‘lgan boshqa munosabatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Shunday qilib, to‘g‘ri tafakkurning yo‘qorida ko‘rib o‘tilgan qonunlarining har
biri chin bilimga erishish uchun xizmat qiladi. Bu qonunlar tafakkur jarayonida
alohida-alohida yoki birin-ketin emas, balki bir vaqtda, birgalikda fikrlar
bog‘lanishining xarakteriga qarab amal qiladi. Ayniyat qonuniga ko‘ra fikrlash
jarayonida har bir mulohaza qat’iy mazmunga ega bo‘lishi, aynan shu fikr doirasida
o‘zgarmasligi talab qilinadi. Bu talabning buzilishi fikrda mantiqiy ziddiyatlarni
keltirib chiqaradi. Zid mulohazalarning chin yoki xatoligini aniqlash ularni mantiqiy
asoslashni taqozo etadi.
2. Tushuncha predmet va hodisalarning umumiy, muhim belgilarini aks ettiruvchi
tafakkur shaklidir. Belgilar deb, predmetlarni bir-biridan farq qiluvchi hamda ularning
bir-biriga o‘xshashligini ifoda qiluvchi tomonlarga, xususiyatlarga aytiladi. Har bir
predmet olamdagi boshqa predmetlar bilan (bevosita yoki bilvosita) aloqada
bo‘lganligi uchun ko‘p belgilarga ega. Ularning ba’zilari faqat bitta predmetga xos
bo‘lgan, uning individual, yakkalik belgilarini tashkil qilsa, boshqalari predmetning
ma’lum bir guruxiga tegishli bo‘lib, umumiy belgilar hisoblanadi. Masalan, har bir
kishi faqat o‘zigagina xos bo‘lgan ruhiy kechinmalar va shu kabi individual belgilarga
ega. Shuning bilan birga kishilarning ma’lum bir guruhiga (mehnat jamoasi, millat va
shu kabilarga tegishli) yoki barcha kishilarga (mehnat qilish, fikr yuritish qobiliyatlari,
ijtimoiy munosabatlarda ishtirok qilishi va shu kabilar) xos bo‘lgan umumiy belgilarga
ega.
Individual va umumiy belgilarning ba’zilari predmetning mavjud bo‘lishi uchun
zarur bo‘lib, uning tabiatini, mohiyatini ifodalaydi. Bunday belgilar predmetning
muhim belgilari deyiladi. Masalan, davlatning mavjud bo‘lishi uning o‘z
maydoni, aholisi, hokimiyat organlariga ega bo‘lishini taqoza etadi.
Nomuhim belgilar predmetning mohiyatini tashkil qilmaydi. Ularning yo‘qolishi
bilan predmetning tabiati o‘zgarmaydi. Masalan, qaysi irqqa, millatga, jinsga
taalluqli bo‘lishi individning inson sifatida mavjud bo‘lishi uchun muhim emas.
Shuni ham aytish lozimki, predmet belgisining muhim yoki nomuhim bo‘lishi,
bizning predmetga amalda qanday munosabatda bo‘lishimizga qarab ham
belgilanadi. Xususan, bir munosabatda muhim bo‘lmagan belgilar, boshqa
munosabatda muhim bo‘lishi mumkin. Masalan, kishining layoqati uning qanday
kasbni tanlashi uchun muhim bo‘lsa, inson sifatida mavjud bo‘lishi uchun muhim
emas. Bunday muhim belgilar predmetning ma’lum bir munosabatdagi muhim
belgilari deyilib, ob’ektiv muhim belgilardan (predmetning mavjud bo‘lishi bilan
zaruriy aloqada bo‘lgan belgilardan) farq qiladi. Nihoyat, predmet to‘xtovsiz
harakatda, taraqqiyotda bo‘lganligi uchun, vaqt o‘tishi bilan uning muhim bo‘lgan
belgisi nomuhim bo‘lgan belgiga yoki, aksincha, nomuhim belgisi muhim belgiga
aylanishi mumkin.
Demak, tushunchada predmet o‘zining muhim belgilari orqali fikr
qilinib, bu belgilar predmetning umumiy va individual belgilari bo‘lishi mumkin.
Masalan, «Hamza Xakimzoda Niyoziy» tushunchasida predmetning umumiy
belgilari (inson, yozuvchi) bilan bir qatorda, individual muhim belgilari (xususan,
«Boy ila xizmatchi» dramasining muallifi) ham fikr qilinadi.
Tushunchaning hissiy bilish shakllaridan tubdan farq qilishiga alohida
e’tibor berish zarur. Sezgi, idrok va tasavvur predmetning yaqqol obrazlaridir. Biz
faqat birorta konkret predmetni, masalan, o‘zimiz yozib o‘tirgan qalamni idrok
qilishimiz yoki u to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishimiz mumkin. «Umuman
qalam» ni idrok qilib bo‘lmaydi. Chunki tushuncha predmetning yaqqol obrazi
emas, balki abstrakt obrazidir. Qalam tushunchasi o‘zida konkret qalamlarning
barchasini qamrab olgani holda, ularning har biriga xos bo‘lgan individual
belgilarni tashlab yuborib, umumiy, muhim belgilarini ifoda qiladi. Ayni paytda
bu belgilar qalamni boshqa predmetlardan, masalan, kitobdan farq qildirib
turadigan spetsifik beligilar bo‘lib ham xizmat qiladi. Tushuncha predmetning
nomuhim belgilaridan chetlashar ekan, demak uni to‘laligicha aks ettira olmaydi.
Bu ma’noda u hissiy bilish shakllariga nisbatan borliqdan o‘zoqrokda turadi.
Lekin, tushuncha predmetning muhim belgilarini in’ikos qilishi, mohiyatini aks
ettirishi bilan hissiy bilish shakllariga nisbatan borliqni chuqurroq, to‘laroq ifoda
etadi.
Tushuncha, hissiy bilish shakllaridan farqli o‘laroq, inson miyasida to‘g‘ridan-
to‘g‘ri aks etmaydi. U ma’lum bir mantiqiy usullardan foydalanilgan holda hosil
qilinadi.
Bu
usullar
taqqoslash,
analiz,
sintez,
abstraktsiyalash,
umumlashtirishlardan iborat. Taqqoslash yordamida predmetlar o‘zaro
solishtirilib, ularning o‘xshash, umumiy tomonlari va bir-biridan farq qildiruvchi
individual belgilari aniqlanadi.
Taqqoslash analizni taqoza qiladi. Chunki predmetlarni yaxlit holda
solishtirib bo‘lmaydi. Ular u yoki bu xossasiga ko‘ra taqqoslanishi kerak. Buning
uchun u xossalar ajratilishi lozim. Analiz yordamida predmet fikran uni tashkil
qiluvchi kismlar, tomonlarga ajratilib, har qaysisi alohida o‘rganiladi. Sintez
analizga teskari usul bo‘lib, u analiz davomida ajratilgan kismlar, tomonlarni
fikran birlashtirib, predmetni bir butun holiga keltirishdan iborat. Sintez bo‘lmasa
predmet xaqida yaxlit fikr hosil qilib bo‘lmaydi.
Analiz va sintez uzviy bog‘liqdir.Tushuncha hosil qilish uchun
predmetning yuqoridagi usullar bilan aniqlangan umumiy va individual
belgilarining muhimlari ajratilishi, nomuhimlari chetlashtirilishi lozim. Bu esa
abstraktsiyalash yordamida amalga oshiriladi. Umumlashtirishda predmetlar
ularning ayrim umumiy, muhim xususiyatlariga ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va
shu tariqa bitta tushunchada bir jinsli predmetlarning barchasini fikr qilish
imkoniyati yaratiladi. Tushunchaning shakllanishi so‘z bilan uzviy bog‘liq. Ular
o‘rtasidagi aloqadorlik tafakkur va til o‘rtasidagi bog‘lanishning konkret tarzda
namoyon bo‘lishidir. Tushunchalar so‘z va so‘z birikmalari yordamida ifoda
qilinadi. Masalan «talaba», «tarix fakulteti», «O‘zbekiston Milliy Universiteti» va
shu kabilar so‘zlardan iborat. Lekin bundan tushuncha va so‘z aynan bir xildir,
degan xulosa kelib chiqmasligi kerak. Bitta tushuncha har xil tillarda, ba’zan bir
tilda ham turli xil so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Tilimizdagi omonim va sinonim
hodisalari so‘z va tushunchaning nisbiy mustaqil holda mavjudligidan dalolat
beradi.
Shuni ham aytish lozimki, so‘zning ko‘p ma’noga ega bo‘lishi ba’zan fikr
yuritish jarayonida tushunchalarni aralashtirib yuborishga olib keladi. Shuning
uchun ham fan va texnikada ko‘proq terminlardan foydalaniladi. Termin qat’iy
bitta tushunchani ifoda qiluvchi so‘z bo‘lib, muayyan ilmiy bilish sohasida bir xil
ma’noda ishlatiladi. Tushuncha o‘zining mazmuni va hajmiga ega.
Tushunchaning mazmunini unda fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari
yig‘indisi tashkil etadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmunini fanning
muhim belgilari, ya’ni uning amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning
birorta sohasiga oid tushunchalar, qonunlar, prinsiplar shaklidagi ob’ektiv chin
(haqiqiy) bilimlar sistemasidan iborat bo‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida
ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil qiladi. Tushunchaning hajmi esa unda fikr
qilinayotgan predmetlar yig‘indisidan iborat. Masalan, yuqorida misol qilib
keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi mavjud barcha fanlarni: matematika,
fizika, mantiq va hokazolarni o‘zida qamrab oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bo‘lib, u tushunchaning
mazmuni va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu
qonunga muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va
aksincha hajmi toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, «Fan» tushunchasining
mazmuniga «mantiq» ga oid bo‘lish» belgisini qo‘shish bilan hajm jihatidan
undan torroq bo‘lgan «mantiq fani» tushunchasiga o‘tiladi. «Fan»
tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan
torroq bo‘lgan «ijtimoiy ong shakli «tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga
xos bo‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida, masalan san’atda bo‘lmagan spetsifik
belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi. Bu qonun tushunchalar bilan
olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida yotadi. Mantiqda tushunchalar
mazmuni va hajmi bo‘yicha bir qancha turlarga bo‘linadilar. Xususan, hajmiga
ko‘ra yakka va umumiy tushunchalar farq qilinadi. Yakka tushunchaning hajmida
bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Yer planetasi», «O‘zMU asosiy
kutubxonasi» va shu kabilar yakka tushunchalardir. Umumiy tushunchalar
predmetlar guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona» tushunchalari umumiy
tushunchalar hisoblanadi. Umumiy tushunchalar aks ettiruvchi predmetlarning
miqdori chegaralangan va chegaralanmagan bo‘lishi mumkin. Masalan,
«ximiyaviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar soni
chegaralangan. Ularni hisobga olish mumkin. «Yulduz» tushunchasi hajmini
tashkil qiluvchi predmetlar soni esa cheksiz, ularni hisobga olib bo‘lmaydi.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va to‘plovchi tushunchalarni farq qilish
ham muhim ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki,
u aks ettiruvchi belgilar berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. Masalan,
«O‘zMU talabalari ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
birinchi sessiya materiallarini o‘rganmoqda» degan fikr O‘zMUning har bir
talabasiga tegishli. Demak, «O‘zMU talabalari» tushunchasi bu erda ayiruvchi
tushunchadir». O‘zMU talabalari ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisining birinchi sessiyasi yakunlarini muhokama etishmoqda» degan
fikrda esa, «O‘zMU talabalari» tushunchasi to‘plovchi tushuncha sifatida ishtirok
qiladi, chunki fikr ularning to‘plamiga nisbatan bildirilgan. Mazmuni bo‘yicha
tushunchalar, avvalam bor, abstrakt va konkret tushunchalarga bo‘linadilar.
Konkret tushunchalarda predmet o‘zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi.
Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib,
alohida aks ettiriladi. Masalan «Inson», «Tabiat» tushunchalari - konkret
tushunchalar, «qaxramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «Go‘zallik»
(borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt
tushunchalardir. Mazmuni bo‘yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni
ham ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud
bo‘lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «Badiiy asar» ana shunday
tushunchalardir. Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-birining
mavjud bo‘lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettiradi. Masalan,
«O‘qituvchi» va «O‘quvchi», «Ijobiy qaxramon» va «Salbiy qaxramon», «Sabab»
va «Oqibat» tushunchalari nisbatdosh tushunchalar qatoriga kiradi. Ba’zi hollarda
ijobiy va salbiy tushuchalar ham farq qilinadi. Ijobiy tushunchalarning
mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa, salbiy tushunchalarning
mazmunida predmet unga xos bo‘lmagan belgilar orqali fikr qilinadi. Masalan,
«Savodli kishi», «Vijdonli kishi» - ijobiy tushunchalar, «Savodsiz kishi»,
«Vijdonsiz kishi» - esa salbiy tushunchalardir. Biz yuqorida tushunchalarning bir
qancha turlari bilan tanishib chiqdik. U yoki bu tushunchaning ana shu turlardan
qaysilariga mansub ekanligini aniqlash unga mantiqiy tavsif berish demakdir.
Masalan, «Talaba» – umumiy, ayiruvchi, chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy
tushuncha;
«A. Navoiy nomli O‘zbekiston davlat kutubxonasi» - yakka, to‘plovchi,
chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy tushunchadir.
Ob’ektiv dunyodagi barcha predmet va hodisalar o‘zaro aloqada
bo‘lganligi uchun, ularni aks ettiruvchi tushunchalar ham o‘zaro ma’lum bir
aloqalarda, munosabatlarda mavjud. Bu munosabatlar turli xil bo‘lib, ularni
aniqlash
uchun,
avvalambor,
taqqoslanadigan
va
taqqoslanmaydigan
tushunchalarni farq qilish lozim. Taqqoslanadigan tushunchalar umumiy
belgilarga ega bo‘lgan, mazmuni va hajmi jihatidan bir-biriga yaqin turgan
tushunchalardir. Masalan, «Metallurg» va «Ishchi» tushunchalari ana shunday
taqqoslanadigan tushunchalar hisoblanadi.
Taqqoslanmaydigan tushunchalar esa, bir-biri bilan uzoq aloqada bo‘lgan,
ko‘p hollarda moddiy yoki ideal bo‘lishdan boshqa umumiy belgiga ega
bo‘lmagan predmetlarni aks ettiruvchi tushunchalardir. «Ijtimoiy progress» va
«Zuxro yulduzi», «Ideal gaz» va «Go‘zallik» tushunchalari taqqoslanmaydigan
tushunchalar deb hisoblanadi. Mantiqda taqqoslanmaydigan tushunchalar
o‘rtasidagi mantiqiy munosabatlar o‘rganilmaydi. Taqqoslanadigan tushunchalar
esa hajm jihatidan sig‘ishadigan va sig‘ishmaydigan bo‘ladi. Sig‘ishadigan
tushunchalarning hajmi bir-biriga butunlay, to‘laligicha yoki qisman mos keladi.
Ular o‘rtasida uch xil munosabat mavjud: moslik, qisman moslik va bo‘ysunish.
Moslik munosabatidagi tushunchalar bitta predmetni (predmetlar sinfini) aks
ettiruvchi tushunchalar bo‘lib, ular bir-biridan faqat mazmuni bilangina farq
qiladi. Masalan, «I.A. Karimov», «O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti»
tushunchalari xuddi shu munosabatda mavjuddir. Buni quyidagi sxema
yordamida ko‘rsatish mumkin. A - I.A. Karimov.
V - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti. Qisman moslik munosabatidagi
tushunchalarning hajmi qisman umumiylikka ega. Masalan:
A-Sportchi. V-Talaba. Bo‘ysunish munosabatida tushunchalardan birining
hajmi ikkinchisining hajmiga to‘liq kirib, uni tashkil qiluvchi qism hisoblanadi.
Masalan:
A-Fan. V-Mantiq. Sig‘ishmaydigan tushunchalar hajmi jihatidan umumiylikka
ega bo‘lmagan tushunchalar hisoblanib, bir sinfga kiruvchi har xil predmetlarni
yoki predmetlar guruhini aks ettiradi. Ularning umumiyligi faqat ana shunda. Bu
tushunchalar o‘rtasida ham uch xil munosabat bor: birga bo‘ysunish, qarama-
qarshilik, zidlik. Birga bo‘ysunish munosabati quyidagi tushunchalar o‘rtasida
mavjuddir.
A-Fan.
V-Mantiq.
S-Fizika.
Qarama-qarshilik munosabatidagi tushunchalarning hajmlari bir-birini
istisno qiladi. Ular predmetning (predmetlar guruhining) qarama-qarshi
belgilarini aks ettiradi, ya’ni biri predmetning ma’lum bir belgisini ifoda qilsa,
ikkinchisi uni inkor qiluvchi boshqa belgini aks ettiradi. Qarama-qarshilik
munosabatidagi tushunchalar o‘zlari bo‘ysunadigan tushunchaning hajmini to‘liq
egallay olmaydi. Masalan, «Baland bo‘yli odam» va «Past bo‘yli odam»
tushunchalari «Odam» tushunchasining hajmini to‘liq qoplay olmaydi. A -
Odam.V - Baland bo‘yli odam. S - Past bo‘yli odam.
Zidlik munosabatidagi tushunchalardan biri predmetning birorta
xususiyatini ifoda qilsa, ikkinchisi uni inkor qiladi va mazmun jihatidan noaniq
bo‘lib qoladi. Zidlik munosabatidagi tushunchalar, qarama-qarshilik
munosabatidagi tushunchalardan farqli o‘laroq, bo‘ysundiruvchi tushunchaning
hajmini to‘liq qoplaydi. Masalan, A - Odam. V - Baland bo‘yli odam, S - Baland
bo‘yli emas odam. Tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlarni aniqlash ularning
mazmuni va hajmini aniqlashtirishga, ularni bog‘lab, bir fikr shaklidan boshqa
fikr shakliga o‘tishga yordam beradi. Masalan «Talaba» va «A’lochi»
tushunchalari o‘rtasidagi munosabatni aniqlash asosida «Ba’zi talabalar
a’lochilardir» degan mulohaza shaklidagi fikrni hosil qilish mumkin.
3. Hukm predmetga ma’lum bir xossaning, munosabatning xosligi yoki xos
emasligini ifodalovchi tafakkur shaklidir.
Hukmning asosiy vazifasi predmet bilan uning xususiyati, predmetlar o‘rtasidagi
munosabatlarni ko‘rsatishdir. Ana shuning uchun ham u doimo tasdiq yoki inkor
shakldagi fikrdan iborat bo‘ladi. Fikr yuritish jarayonida biz predmet va hodisalarning
oddiy, tashqi xususiyatlari bilan birga ularning ichki, zaruriy bog‘lanishlarini,
munosabatlarini bilib boramiz. Predmet va hodisalarning xususiyatlarini ketma-ket
o‘rganib, ular haqida turli abstraksiyalar hosil qilamiz. Bu abstraksiyalar hukmlar
yordamida ifodalanadi. Bilimlarimiz turlicha bo‘lgani uchun, ularni ifodalaydigan
hukmlar ham har xil bo‘ladi. Ba’zi hukmlarda aniq, tekshirilgan bilimlar ifodalansa,
boshqalarida xususiyatning predmetga xosligi taxmin qilinadi, ya’ni noaniq bilimlar
ifodalanadi.
Hukmlar nisbatan tugal fikrdir. Unda konkret predmet bilan uning konkret belgisi
haqida bilim ifoda qilingan bo‘ldi. Hukmlar voqelikka mos kelish darajasiga ko‘ra
chin, xato va noaniq (ehtimol, taxminiy) bo‘ladi. Ob’ektiv voqelikka mos kelgan, uni
to‘g‘ri ifodalagan hukmlar chin, mos kelmaganlari xato bo‘ladi. Ayni vaqtda
chinligini ham, xatoligini ham aniqlab bo‘lmaydigan hukmlar – noaniq hukmlar
mavjuddir. Hukmlar tilda gaplar orqali ifodalanadi. Hukm mantiqiy kategoriya
bo‘lsa, gap grammatik kategoriyadir. Hukmlar asosan darak gap orqali ifodalanadi.
Faqat darak gaplardagina fikr tasdiq yoki inkor holda bo‘ladi. Masalan, «Vaqt orqaga
qaytmaydi», «Hayot - bu harakat» kabi gaplar hukmni ifoda qiladilar. Hukmlar
tuzilishiga ko‘ra oddiy va murakkab bo‘ladi. Oddiy hukm deb tarkibidan yana bir
hukmni ajratib bo‘lmaydigan mulohazaga aytiladi. Tarkibidan ikki yoki undan ortiq
hukmni ajratish mumkin bo‘lgan mulohazalarga murakkab hukm deyiladi. Masalan,
«Mantiq ilmini o‘rganish to‘g‘ri fikrlash madaniyatini shakllantiradi» degan
mulohaza oddiy hukmni ifodalaydi. «Mantiq ilmi tafakkur shakllari va qonunlarini
o‘rganadi», degan mulohaza murakkab humkmdir. Bu mulohazaning tarkibi ikki
qismdan: «Mantiq ilmi tafakkur shakllarini o‘rganadi» va «Mantiq ilmi tafakkur
qonunlarini o‘rganadi», degan ikki oddiy hukmdan iborat. Mulohaza (hukm) tarkibida
mantiqiy ega va mantiqiy kesimni ajratib ko‘rsatish mumkin. Mantiqiy ega - sub’ekt
(S) fikr qilinayotgan predmet va hodisani bildiradi. Mantiqiy kesim-predikat (P)
predmetga xos xususiyatni, munosabatni bildiradi. Predikatda ifodalangan bilimlar
hisobiga sub’ekt haqidagi tasavvur boyitiladi. Hukmning sub’ekt va predikati uning
terminlari deb ataladi. Hukmning uchinchi zaruriy elementi mantiqiy bog‘lamadir. U
sub’ekt va predikatni bir-biri bilan bog‘laydi, natijada hukm hosil bo‘ladi. Oddiy
qat’iy hukmning formulasi quidagicha yoziladi: S - P. Oddiy hukmlar sifati va
miqdoriga ko‘ra turlarga bo‘linadi. Sifatiga ko‘ra tasdiq va inkor hukmlar farqlanadi.
Hukmning sifatini mantiqiy bog‘lama belgilaydi. Tasdiq hukmlarda belgining
predmetga xosligi, inkor hukmlarda, aksincha, xos emasligi ko‘rsatiladi. Masalan,
«A. Oripov O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasining muallifidir» - tasdiq hukm,
«Matematika ijtimoiy fan emas» - inkor hukm. Miqdoriga ko‘ra oddiy hukmlar yakka,
umumiy va juz’iy hukmlarga bo‘linadi. Bunda sub’ektda ifodalangan predmetlarning
soni, ya’ni uning hajmidan kelib chiqiladi. Yakka hukmlarda birorta belgining
predmetga xosligi yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «O‘zbekiston
Respublikasi mustaqil davlatdir», «Axmedov tarixchi emas». Umumiy hukmlarda
birorta belgining yakka predmetlar sinfining hammasiga yoki undagi har bir
predmetga taalluqli yoki taalluqli emasligi haqida fikr bayon qilinadi. Masalan: «Har
bir inson baxtli bo‘lishni xohlaydi», va «Hech bir aqlli odam vaqtini bexuda
sarflamaydi». Juz’iy hukmlarda birorta belgining predmetlar to‘plamining bir qismiga
xos yoki xos emasligi haqida fikr bildiriladi. Masalan: «Ba’zi faylasuflar notiqdir».
«Ko‘pchilik talabalar dangasa emas». Juz’iy hukmlarda «ba’zi» so‘zi «hech bo‘lmasa
bittasi, balki hammasi» degan ma’noda qo‘llaniladi. Shunga ko‘ra «Ba’zi toshlar tirik
mavjudot emas», degan hukm chin bo‘ladi, chunki hech bir tosh tirik mavjudot emas.
Ma’lum ma’noda yakka hukmlarni umumiy hukmlar bilan tenglashtirish mumkin.
Chunki har ikki hukmda ham to‘plamdagi predmetlarning har biriga nimadir taalluqli
yoki taalluqli emas, deb ko‘rsatiladi. Yakka hukmlarda esa bu to‘plam birgina
predmetdan iborat bo‘ladi. Mulohazalarning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashda va
ba’zi boshqa holatlarda oddiy hukmlarning miqdor va sifati bo‘yicha birlashgan
klassifikatsiyasi (asosiy turlari) dan foydalaniladi. Ular quyidagilardan iborat: 1.
Umumiy tasdiq hukmlar. Ular bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham tasdiq bo‘lgan
fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hamma talabalar mantiq ilmini o‘rganadilar». Bu
hukmlar lotin alifbosidagi A harfi bilan belgilanadi va «Hamma S – P dir» formulasi
orqali ifodalanadi.2. Umumiy inkor hukmlar bir vaqtning o‘zida ham umumiy, ham
inkor bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Hech bir ishbilarmon rejasiz ish
yuritmaydi». Bu hukm «Hech bir S - P emas» formulasi orqali ifodalanadi va lotincha
E harfi bilan belgilanadi. 3. Juz’iy tasdiq hukmlar bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham
tasdiq bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan, «Ba’zi talabalar mas’uliyatli». U lotincha I
harfi bilan belgilanadi va «Ba’zi S - P dir» formulasi orqali ifodalanadi. 4. Juz’iy inkor
hukm bir vaqtning o‘zida ham juz’iy, ham inkor bo‘lgan fikrni ifodalaydi. Masalan,
«Ba’zi talabalar sport bilan shug‘ullanmaydilar». Uning formulasi «Ba’zi S - P emas»
bo‘lib, lotincha O harfi bilan belgilanadi. Oddiy hukmlarda terminlar hajmi. Oddiy
hukmlardagi terminlar (S va P) tushunchalar orqali ifodalanganligi tufayli ularning
hajmiga ko‘ra o‘zaro munosabatlarini aniqlash mumkin. Hukmlarda terminlar (S va
P) to‘liq yoki to‘liqsiz hajmda olingan bo‘ladi. Termin to‘liq hajmda olinganda uning
hajmi boshqa terminning hajmiga to‘liq mos bo‘ladi yoki mutlaqo mos bo‘lmaydi
(ularning hajmi bir-birini istisno qiladi). Termin to‘liqsiz hajmda olingan bo‘lsa, unda
uning hajmi boshqasining hajmiga qisman mos keladi yoki undan qisman istisno
qilinadi. Oddiy hukmlarda terminlar hajmi quyidagicha bo‘ladi: 1. A - Umumiy tasdiq
hukmlarning sub’ekti hamma vaqt to‘liq hajmda olingan bo‘ladi. Predikati esa ba’zan
to‘liq, ba’zan to‘liqsiz hajmda bo‘ladi. Masalan: «Hamma insonlar tirik
mavjudotdir». Bu hukmning sub’ekti – «Inson», predikati – «Tirik mavjudot»
tushunchasidir, «Hamma» - umumiylik kvantori. Bu hukmning sub’ekti to‘liq hajmda
olingan, chunki unda ham ma insonlar to‘g‘risida fikr bildirilgan va bu tushuncha
«tirik mavjudot» tushunchasining hajmiga to‘liq kirishadi. Uning predikati to‘liq
hajmda olinmagan, chunki unda tirik mavjudotlarning bir qismi-insonlar haqida fikr
yuritiladi. Buning doiraviy sxemasi quyidagicha: Umumiy tasdiq hukmlarning
ba’zilarida S ham, R ham to‘la hajmda bo‘lishi mumkin. Masalan, «Hamma
musulmonlar Islom diniga e’tiqod qiladilar» (2-rasm). 2. E – Umumiy inkor
hukmlarning sub’ekti ham, predikati ham to‘liq hajmda olingan bo‘ladi. Masalan,
«Hech bir dindor e’tiqodsiz emas». Bu hukmda S – dindorlarni, P – e’tiqodsizlarni
ifodalaydi, hech bir – umumiylik kvantoridir. Bunda har ikki terminning hajmi bir-
birini istisno qiladi (3-rasm). 3. I – Juz’iy tasdiq hukmlarning sub’ekti hamma vaqt
to‘liqsiz hajmda olinadi, predikati esa ba’zan to‘liq, ba’zan to‘liqsiz hajmda bo‘ladi.
Masalan: «Ba’zi talabalar ingliz tilini biladi». Hukmning terminlari quyidagicha: S –
talabalar, R – ingliz tilini biladiganlar, ba’zi – mavjudlik kvantori. Bu hukmda S ham,
R ham to‘liqsiz hajmda olingan bo‘lib, har ikki terminning hajmi bir-biriga qisman
mos keladi Yana bir misolni ko‘ramiz: «Ba’zi vrachlar xirurgdir». Bu hukmda S –
vrachlar, R – xirurglar, ba’zi-mavjudlik kvantoridir. Hukmda sub’ekt to‘liq hajmda
olinmagan, chunki unda ba’zi vrachlar haqida fikr bildirilgan, predikat esa to‘liq
hajmda olingan, chunki xirurglarning hammasi vrachdir. Predikatning hajmi
sub’ektning hajmiga kirgani uchun u to‘liq hajmda olingan bo‘ladi. 4. U – Juz’iy inkor
hukmlarning sub’ekti hamma vaqt to‘liqsiz hajmda, predikati esa to‘liq hajmda
olinadi. Masalan, «Ba’zi yoshlar hunarmand emas». Bu hukmning terminlari S –
yoshlar, R – hunarmand emaslar, ba’zi – mavjudlik kvantori. Hukmning sub’ekti
to‘liq hajmda olinmagan, unda yoshlarning bir qismi haqida fikr yuritiladi, xolos.
Hukmning predikati esa to‘liq hajmda olingan. Unda hunarmandlarning hammasi
haqida fikr bildirilgan (6-rasm). Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirib aytish mumkinki,
umumiy hukmlarning sub’ekti hamma vaqt to‘liq hajmda, juz’iy hukmlarning
sub’ekti to‘liqsiz hajmda olinadi. Inkor hukmlarning predikati hamma vaqt to‘liq
hajmda bo‘ladi. Tasdiq hukmlarning predikati R £ S bo‘lgandagina to‘liq hajmda
bo‘ladi, boshqa hollarda esa to‘liqsiz hajmda olinadi. Hukmlarda terminlar hajmini
aniqlash qat’iy sillogizmni to‘g‘ri tuzishda va bevosita xulosa chiqarishda muhim
ahamiyatga ega. Predikatning mazmuniga ko‘ra oddiy hukm turlari. Ular
quyidagilardan iborat: atributiv hukmlar, mavjudlik hukmlari va munosabat hukmlari.
Atributiv (sifat va xususiyat) hukmlarda biror xususiyatning predmetga xosligi yoki
xos emasligi aniq, qat’iy qilib ko‘rsatiladi. Shuning uchun atributiv hukmlarni birorta
predmetning sinfga kirishi (mansubligi) yoki kirmasligi (mansub emasligi) haqidagi
hukm deb ta’riflasa bo‘ladi. Masalan: «Hamma daraxtlar o‘simliklardir» va «Hech bir
o‘simlik hayvon emas». Birinchi hukmda daraxtlarning o‘simliklar sinfiga kirishi
haqida fikr bildirilsa, ikkinchi hukmda o‘simliklar va hayvonlar sinfining o‘zaro hech
qanday umumiylikka ega emasligi haqida fikr bildirilgan. Ikkita, uchta va hokazo
predmetlar o‘rtasida muayyan munosabatlarning bo‘lishi yoki bo‘lmasligini
ifodalagan hukmlarga munosabat hukmlari deyiladi. Masalan: «Butun bo‘lakdan
katta». «Ikki-uchdan kichik son». Birinchi hukmda «kattalik» munosabati butun va
bo‘lak o‘rtasida bo‘lishi tasdiqlansa, ikkinchi hukmda uch soni bilan ikki sonining
munosabati haqidagi fikr tasdiqlangan. Munosabat hukmlari sifatiga ko‘ra tasdiq yoki
inkor hukm turlariga bo‘linadi. Tasdiqlovchi munosabat hukmlarida predmetlar
o‘zaro muayyan munosabatda ekanliklari haqida fikr bildiriladi. Inkor etuvchi
munosabat hukmlarida esa predmetlar o‘rtasidagi muayyan munosabatlarning mavjud
emasligi haqida fikr bildiriladi. Munosabat hukmlari miqdoriga ko‘ra ham turlarga
bo‘linadi. Xususan, ikki o‘rinli munosabat hukmlari miqdoriga ko‘ra yakka-yakka,
umumiy-umumiy, xususiy-xususiy, yakka-umumiy, yakka-juz’iy, umumiy-juz’iy,
juz’iy-umumiy turlarga bo‘linadi. Masalan: «Ukasi akasidan baland» (yakka-yakka);
«Gruppamizning har bir studenti fakultetimizdagi hamma o‘qituvchilarni biladi»
(umumiy-umumiy); «Gruppamizdagi ba’zi talabalar ba’zi hind kino yulduzlarini
yaxshi biladilar» (juz’iy-juz’iy). «Tarix o‘qituvchisi gruppamizdagi har bir talabani
yaxshi biladi» (yakka-umumiy); «Do‘stim ba’zi masalalarni echa oladi» (yakka-
juz’iy); «Gruppamizdagi hamma talabalar ingliz tilini o‘rganadilar» (umumiy-yakka);
«Gruppamizdagi ba’zi talabalar fransuz tilini o‘rganadilar» (juz’iy-yakka);
«Gruppamizdagi ba’zi talabalar «Paxtakor» komandasining har bir o‘yinchisini
biladilar» (juz’iy-umumiy). Uch o‘rinli, to‘rt o‘rinli va hokazo munosabat hukmlari
ham yuqoridagi kabi turlarga bo‘linadilar. Atributiv va munosabat hukmlaridan
boshqa yana mavjudlik hukmlari (Kutubxonada mantiq darsligi bor), ayniyat
hukmlari («A - B» ko‘rinishda bo‘lgan) va modal hukmlar (ehtimol yomg‘ir yog‘adi)
ni ko‘rsatish mumkin. Ba’zi darsliklarda ular oddiy qat’iy hukm turlari sifatida talqin
qilinadi. Biz bu hukm turlarini alohida ko‘rib chiqmaymiz, chunki mavjudlik
hukmlarini ko‘pincha atributiv hukmlar ko‘rinishida, ayniyat hukmlarini munosabat
hukmlari ko‘rinishida talqin qilish mumkin. Shuningdek, oddiy hukm turlari sifatida
ajratib ko‘rsatuvchi va istisno qiluvchi hukmlar ham farqlanadi. «Gruppamiz
talabalaridan faqat 4 kishi musobaqada qatnashadi». Bu ajratib ko‘rsatuvchi hukmdir.
«Mantiq tarixi» kursidan boshqa hamma o‘qitiladigan fanlardan darsliklar yetarli».
Bu istisno qiluvchi hukmdir. Hukm terminlari birdan ortiq bo‘lsa, murakkab hukm
deb ataladi. Murakkab hukmlar «va», «yoki», «agar... unda» kabi mantiqiy
bog‘lamalar, inkor qilish va modal terminlarni qo‘llash orqali ikki va undan ortiq
oddiy hukmlarning o‘zaro birikishidan hosil bo‘ladi. Mantiqiy bog‘lovchining
mazmuniga ko‘ra murakkab hukmlarning quyidagi asosiy turlarini farq qilish
mumkin: birlashtiruvchi, ayiruvchi, shartli, ekvivalent. Birlashtiruvchi (kon’yunktiv)
hukmlar deb ikki va undan ortiq oddiy hukmlarning «va» «ham», «ham da» kabi
mantiqiy bog‘lovchilar vositasida o‘zaro birikishidan hosil bo‘lgan hukmlarga
aytiladi. Masalan: 1."Qo‘ngirok chalindi va dars boshlandi». 2. «A. Navoiy shoir va
davlat arbobi bo‘lgan». 3. «Muhammad SAV Xorazmiy va Axmad Fargoniylar
matematika fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shganlar». Ayiruvchi (dizyunktiv)
hukm deb «yo», «yoki», «yoxud» mantiqiy bog‘lamalari vositasida oddiy hukmlardan
tashkil topgan mulohazaga aytiladi. Bu bog‘lovchilar ikki oddiy hukmni yoki bir
qancha predikatlarni, yoki bir qancha sub’ektlarni bir-biridan ayirib turadi. Masalan:
«Qodirov falsafa, yoki sotsiologiya, yoki psixologiya bo‘limida o‘qiydi». «Ikkinchi
soatda yo matematika, yoki chet tili darsi bo‘ladi». Ayiruvchi bog‘lamalar «V» -
dizyunksiya belgisi orqali ifodalanadi. Shartli (implikativ) hukm ikki oddiy hukmning
«agar... unda» mantiqiy bog‘lamasi orqali birikishidan tashkil topadi. Shartli
hukmning mohiyatini aniqlash uchun zaruriy va yetarli shart tushunchalarini farqlash
zarur. Hodisaning zaruriy sharti deb, uning mavjudligini ta’minlaydigan holatga
aytiladi. Agar hodisaning sharti zaruriy bo‘lmasa, hodisa ham bo‘lmaydi. Masalan:
«Agar o‘simlik suvsiz qolsa, u quriydi». Ekvivalentlik hukmlari «agar va faqat agar
... unda» mantiqiy bog‘lovchisi yordamida ikki oddiy hukmning o‘zaro
bog‘lanishidan hosil bo‘ladi. Tabiiy tilda ekvivalentlik hukmi shartli hukm
ko‘rinishida ifodalanadi. Bunday holatlarda shartli hukmning ekvivalent hukm
ekanligini aniqlash zarur bo‘ladi. Agar shartli hukmning asosi natijada qayd etilgan
fikr uchun zaruriy va yetarli shart hisoblansa, unda bu hukm ekvivalent hukm bo‘ladi.
Masalan: «Agar berilgan butun son juft son bo‘lsa, unda u ikkiga qoldiksiz bo‘linadi».
Hukmlar (mulohazalar) o‘rtasidagi munosabatlar. Mulohazalar (hukmlar) ham
tushunchalar kabi taqqoslanadigan (umumiy sub’ekt yoki predikatga ega bo‘lgan) va
taqqoslanmaydigan turlarga bo‘linadi. Taqqoslanadigan mulohazalar sig‘ishadigan
yoki sig‘ishmaydigan bo‘ladi. Mantiqda ikki mulohazadan birining chinligidan
ikkinchisining xatoligi zaruriy kelib chiqadigan bo‘lsa, ular o‘zaro sig‘ishmaydigan
mulohaza (hukm) lar deyiladi. Sig‘ishmaydigan mulohaza (hukm) lar bir vaqtda chin
bo‘la olmaydi. Sig‘ishadigan mulohazalar aynan bir fikrni to‘liq yoki qisman
ifodalaydi. Sig‘ishadigan mulohaza (hukm) lar o‘zaro ekvivalentlik, mantiqiy
bo‘ysunish va qisman mos kelish (subkontrar) munosabatida bo‘ladi.
Sig‘ishmaydigan hukmlar qarama-qarshilik (kontrar) va zidlik (kontradiktorlik)
munosabatida bo‘ladi. Mulohaza (hukm) lar o‘rtasidagi munosabatlarning sxematik
ifodasi «mantiqiy kvadrat» deb ataladi. Mantiqiy kvadrat orqali mulohaza (hukm) lar
o‘rtasidagi chinlik munosabatlari aniqlanadi. Masalan, «Har bir jamiyat o‘z axloqiy
normalariga ega». Bu A – umumiy tasdiq mulohaza (hukm). Ye, I, O ko‘rinishlarda
quyidagicha ifodalanadi: E. Hech bir jamiyat o‘z axloqiy normalariga ega emas. I.
Ba’zi jamiyatlar o‘z axloqiy normalariga ega. O. Ba’zi jamiyatlar o‘z axloqiy
normalariga ega emas. Bu hukmlar taqqoslanadigan mulohaza (hukm) lar bo‘lib, ular
o‘rtasida chinligiga ko‘ra o‘ziga xos munosabatlar mavjuddir. Sig‘ishmaydigan
mulohaza (hukm) lar o‘rtasida qarama-qarshilik (kontrar) va zidlik (kontradiktorlik)
munosabatlari bo‘ladi. Qarama-qarshilik munosabati mazmuniga ko‘ra turlicha
bo‘lgan umumiy hukmlar o‘rtasida mavjud bo‘lib, bu munosabatga ko‘ra ularning har
ikkisi bir vaqtda chin bo‘la olmaydi. Bu hukmlar bir vaqtda xato bo‘lishi mumkin;
agar ulardan birining chinligi aniq bo‘lsa, unda boshqasi albatta xato bo‘ladi.
Yuqoridagi misollardan A– mulohaza (hukm) chin, E – mulohaza (hukm) xato
ekanligi ma’lum bo‘ladi. Zidlik munosabati mazmuni va hajmiga ko‘ra turlicha
bo‘lgan mulohaza (hukm) lar o‘rtasida mavjud bo‘ladi. Bu mulohaza (hukm) larning
har ikkisi bir vaqtda chin ham, xato ham bo‘lmaydi. Ulardan biri ham ma vaqt chin,
boshqasi esa xato bo‘ladi. Yuqoridagi misollardan A – mulohaza (hukm) chin bo‘lib,
O – mulohaza (hukm) xatodir. Shuningdek, I – mulohaza (hukm) chin, E – mulohaza
(hukm) xatodir. Sig‘ishadigan mulohaza (hukm) lardan mazmuni bir xil, hajmi turli
xil bo‘lgan hukmlar o‘zaro bo‘ysinish munosabatida bo‘ladi. Bunda umumiy
mulohaza (hukm) lar bo‘ysindiruvchi, juz’iy mulohaza (hukm) lar bo‘ysinuvchi
bo‘ladi. Bo‘ysunish munosabatida umumiy hukmlar chin bo‘lsa, ularga bo‘ysinuvchi
juz’iy hukmlar ham chin bo‘ladi. Lekin juz’iy hukmlar chin bo‘lganda, umumiy
hukmlar noaniq (chin yoki xato) bo‘ladi. Yuqoridagi misoldan A – mulohaza (hukm)
chin bo‘lgani uchun unga bo‘ysinuvchi I – mulohaza (hukm) ham chin bo‘ladi. Agar
umumiy mulohaza (hukm) lar xato bo‘lsa ularga bo‘ysinuvchi juz’iy hukmlar noaniq
(chin yoki xato) bo‘ladi. Misolimizda E – mulohaza (hukm) xato bo‘lgani uchun, O
– mulohaza (hukm) ham xato bo‘ladi. Ba’zi holatlarda umumiy hukmlar xato bo‘lsa,
juz’iy hukmlar chin bo‘ladi. Qisman moslik (subkontrar) munosabati mazmuni har
xil bo‘lgan juz’iy hukmlar o‘rtasida mavjud bo‘ladi. Bu hukmlar bir vaqtda chin
bo‘lishi mumkin, lekin har ikkisi bir vaqtda xato bo‘lmaydi. Agar ulardan birining
xatoligi aniq bo‘lsa, unda boshqasi albatta chin bo‘ladi. Yo‘qoridagi misolimizda O –
mulohaza (hukm) ning xatoligi aniq bo‘lgani uchun, I – mulohaza (hukm) chindir.
Ekvivalentlik munosabatidagi hukmlar ham ma vaqt chin bo‘ladi, chunki ularda
aynan bir fikr turli shaklda ifodalanadi. Masalan, «A. Oripov O‘zbekiston
Respublikasi madxiyasining muallifi» va «A. Oripov – O‘zbekiston Qaxramoni»
mulohaza (hukm) lari o‘zaro ekvivalentdir, ya’ni ular bir xil sub’ektga, lekin har xil
predikatga ega bo‘lgan mulohaza (hukm) lardir. Hukmlarning chinligiga ko‘ra
munosabatini ifodalovchi yuqorida ko‘rsatilgan qonuniyatlar bilishda katta aham
iyatga ega. 4. Voqelikni bilish jarayonida inson yangi bilimlarga ega bo‘ladi. Bu
bilimlar abstrakt tafakkur yordamida, mavjud bilimlarga asoslangan holda vujudga
keladi. Bunday bilimlarni hosil qilish mantiq ilmida xulosa chiqarish, deb ataladi.
Xulosa chiqarish deb bir va undan ortiq chin mulohazalardan ma’lum qoidalar
yordamida yangi bilimlarni keltirib chiqarishdan iborat bo‘lgan tafakkur shakliga
aytiladi.
Xulosa chiqarish jarayoni asoslar, xulosa va asoslardan xulosaga o‘tishdan tashkil
topadi. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, avvalam bor, asoslar chin mulohazalar
bo‘lishi, o‘zaro mantiqan bog‘lanishi kerak.
TAYANCH SO‘Z VA IBORALAR: mantiq, logtka, «fikr», «so‘z», «aql»,
«qonuniyat», hissiy bilish, hissiy bilish, sezgi, idrok, tasavvur, tafakkur,
tushuncha, hukm (mulohaza) va xulosa chiqarish, tafakkur qonuni, formal mantiq
qonunlari, ayniyat qonuni, nozidlik qonuni, uchinchi istisno qonuni, yetarli asos
qonuni, tushuncha, taqqoslash, analiz, sintez, abstraksiyalash, umumlashtirish,
tushunchaning mazmuni va hajmi, hukm, sub’ekt, predikat, termin, xulosa
chiqarish, deduksiya, induksiya, analogiya, sillogizm.
Dostları ilə paylaş: |