Yakuniy moliyaviy natija
- bu korxonaning hisobot davrida jami faoliyat turlaridan olingan
daromadlari bilan jami faoliyat bo‘yicha ko‘rilgan zararlarining farqidir.
Yakuniy moliyaviy natija buxgalteriya hisobida 9900-«Yakuniy moliyaviy natija» schyotida
hisobga olib boriladi. Ushbu schyot tranzit bo‘lib, aktiv-passiv schyot xarakteriga ega. Schyotning
debetida zararlar, kreditida esa foyda aks ettiriladi. Ushbu schyotning debet va kredit oborotlarining
farqi korxonaning hisobot
yilidagi moliyaviy natijasini, ya’ni soliq to‘langunga qadar bo‘lgan
foydasini aks ettiradi. Hisobot yilining oxirida 9810-«Daromad (foyda) solig‘i bo‘yicha xarajatlar»,
9820-«Boshqa soliq va yig‘imlar bo‘yicha xarajatlar» schyotlarida foyda (daromad)dan hisoblangan
umumiy summa aks ettiriladi. Hisobot davrida hisoblangan soliq va yig‘imlar
summasi quyidagi
provodka orqali chegirib tashlanadi:
D-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
K-t 9810, 9820.
Ushbu muomaladan so‘ng 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
schyotida qolgan summa
korxonaning hisobot yilida olgan sof foyda (yoki zarar)ini anglatadi
va ushbu summa quyidagi
provodka orqali 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)» schyotiga
o‘tkaziladi:
- sof foyda summasiga:
D-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija»
K-t 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)»
- zarar summasiga:
D-t 8710-«Hisobot davrining taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari)»
K-t 9900-«Yakuniy moliyaviy natija».