80-modda. Davlat va yuridik shaxslar javobgarligining farqlab qo‘yilishi Davlat tomonidan tuzilgan yuridik shaxs davlatning majburiyatlari bo‘yicha javob
bermaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat o‘zi tuzgan yuridik shaxsning
majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Ushbu moddaning qoidalari davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaxsning
majburiyatlari bo‘yicha o‘z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaxs
davlatning majburiyatlari bo‘yicha o‘z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli
emas.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 2-moddasi ikkinchi qismi , 3-moddasi uchinchi qismi , 12 , 15 , 70 — 72 , 80-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining 31.10.1990-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi , O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 16.10.2006-yildagi 215-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Davlat korxonalari to‘g‘risida”gi Nizom . 3-kichik bo‘lim OBYEKTLAR 6-BOB UMUMIY QOIDALAR 81-modda. Fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari Fuqarolik huquqlarining obyektlariga ashyolar, shu jumladan pul va qimmatli qog‘ozlar,
boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat
namunalari, fan, adabiyot, san’at asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari,
shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 82 — 96 , 182 , 1041 — 1048 , 1056-moddalari , O‘zbekiston Respublikasining 31.10.1990-yildagi “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 3- moddasi , O‘zbekiston Respublikasining 20.07.2006-yildagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 5 — 8-moddalari .