MUALLIFLIK HUQUQI BILAN NIMALAR MUHOFAZA QILINADI? Mualliflik huquqi (xalqaro amaliyotda - «copyright») ijodiy faoliyat natijasi hisoblangan va obyektiv shaklda ifodalangan ilmiy, adabiy va san’at asarlariga tarqatiladi.
Muallifga asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquq va unga o‘zgartirishlar kiritishdan himoya qilish huquqi (asarning dahlsizligi huquqi) tegishlidir.
Ba’zi hollarda, masalan, ilmiy yoki ta’lim maqsadlarida, muallifning nomi va olingan manbasi albatta ko‘rsatilgan holda asardan erkin foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
QANDAY QILIB MUHOFAZA OLINADI? Mualliflik huquqi vujudga kelishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki boshqa rasmiyatchiliklarga rioya qilish talab qilinmaydi. Mualliflik huquqi asarga uchinchi shaxslar tomonidan qabul qilinishi mumkin bo‘lgan biron bir obyektiv shakl berilgan vaqtdan boshlab chiqarilishidan qattiy nazar amal qila boshlaydi. Og‘zaki asarlarga mualliflik huquqi asar uchinchi shaxslar tomonidan ma’lum qilingan vaqtdan e’tiboran amal qila boshlaydi.
Shuni e’tiborga olish lozimki, mualliflik huquqi aynan g‘oyalarni ifodalash shaklini muhofaza qiladi, ammo g‘oyalarning o‘zini emas. Masalan, biron−bir shaxs texnika jurnalida mutloq yangicha bo‘lgan uchish apparatini qanday qilib qurish mumkinligi to‘g‘risida o‘z maqolasini e’lon qildi deylik. Agar maqola muallifi ushbu ixtironi patentlamagan bo‘lsa, boshqa bir shaxs bunday apparatni qurish uchun uning g‘oyalaridan foydalanishi mumkin.
MUALLIFLIK HUQUQINING AMAL QILISH MUDDATLARI Mualliflik huquqi muallifning butun umri va uning vafotidan so‘ng muallif vafot etgan yildan keyin keluvchi yilning birinchi yanvaridan boshlab ellik yil davomida amal qiladi.
Asarga mualliflik huquqining amal qilishi muddati tugagandan so‘ng u jamoatchilikka tegishli bo‘lib qoladi.
Mualliflik, muallifning nomi va asarning dahlsizligi muddatsiz muhofaza qilinadi. Ushbu huquqlar shaxsiy nomulkiy huquqlar bo‘lib hisoblanadi va ular hech qachon hech kimga berilishi mumkin emas. Ular doimo asarning dastlabki muallifiga tegishli bo‘lib qoladi.