TAQI - 2015
3
KIRISH
Kapital qurilish-texnika taraqqiyotini tezlashtirishga katta ta’sir ko‘rsatib, xalq
xo‘jaligining barcha sohalarida fan va texnika yutuqlarini hayotga tatbiq etishning
muhim omili hisoblanadi. Hozirgi paytda mamlakatimizdagi kapital qurilishda
yig‘ma va monolit (yaxlit) temirbeton, shuningdek, metall konstruksiyalar muhim
ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Respublika iqtisodiyotining jadal sur’atlar bilan
rivojlanishi sharoitida qurilish muddatlarini qisqartirish, kapital mablag‘larni, moddiy
va mehnat resurslarini to‘plash yo‘li bilan korxonalarni va ob’yektlarni kengaytirish
hamda qayta qurish, qurilish ishlab chiqarishni sifat darajasini oshirish juda muhim
hisoblanadi. Zavodlarda tayyorlanadigan yiriklashtirilgan va yengillashtirilgan
qurilish konstruksiyalarini ishlab chiqarishni rivojlashtirish zarur, bu qurilish ishlab
chiqarishni industrlashtirish darajasini oshiradi va ma’lum darajada qurilish
muddatlarining qisqarishini ta’minlaydi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning barcha
turlarining, shu jumladan yig‘ma va monolit temirbeton konstruksiyalarning sifatini
yaxshilash masalalariga alohida diqqat-e’tibor qaratilmoqda. Temirbetonning fizik-
mexanik xossalarini yaxshilash, uning mustahkamlik tavsilotlarini oshirish bino va
inshootlar konstruksilyari hamda shakllarining takomillashuviga imkon beradi.
Beton va temirbetonning rivojlanish va takomillashish yo‘nalishlaridan biri
konstruksiyalarning mustahkamligi, ishonchliligi va tejamliligini ta’minlovchi, yangi
avlod betonlarini ishlab chiqish va qo‘llanish hisoblanadi. Bu yo‘nalishni
muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun sement va betonlarning strukturasi
shakllanishining xususiyatlarini tadqiq etish hamda ularning fizik-mexanik
xossalarini yaxshilash yo‘llarinish aniqlash muhimdir. Bu muammolarni hal etish
materiallar strukturasi shakllanishini mikrodarajada tadqiq etishning, shuningdek
ularning fizik-mexanik xossalarini sinash bo‘yicha apparatura va jihozlardan
foydalanishning zamonaviy usularini qo‘llanmasdan mumkin emas. Yangi samarali
materiallarni yaratish qurilayotgan binolar va inshootlarning ishonchliligi va
tejamliligini ta’minlashning muhim, lekin hali yetarli bo‘lmagan shartidir. Bunday
bino va inshootlarni qurish va foydalanish jarayonida jiddiy nuqsonlar paydo
bo‘lishining oldini olish maqsadida ularning hisob-kitoblari real hisob-kitob
sxemalariga asoslanishi kerak.
4
Taqribiy hisoblash usullari konstruksiyaning real ishlashini aks ettirmaydi,
buning natijasida ayrim elementlar ortiqcha mustahkamlikka ega bo‘lsa,
konstruksiyaning ba’zi qismlarida nuqsonlar paydo bo‘ladi. Shu munosabat bilan
ayrim konstruksiyalarni hisoblashning, shuningdek umuman bino va inshootlarni
hisoblshning eng ilg‘or yo‘nalishi real konstruksiyani buzmasdan qabul qilinadigan
hisob-kitob sxemalariga asoslangan. EHM dan foydalanish ilmiy tadqiqotlarni yanada
chuqurroq o‘tkazishga imkon beradi: materiallarning fizik xosslarini, ayrim
elementlar va ularning ish xarakterini hisobga olish. Ravshanki, murakkab
muhandislik masalalarini yechishga bunday yondashish faqat nazariy yo‘l bilangina
cheklanib qola olmaydi, balki tekshirilgan eksperimental ma’lumotlarga asoslanishi
kerak. Odatda, tajriba elastik ish bosqichida ham, plastik deormatsiyalarning
rivojlanishida ham, konstruksiyalarning turli elementlarida deformatsiyalarning
haqiqiy taqsimlanishini aks ettirib, nazariyaning kamchiliklarini ochib beradi.
Konstruksiyaning aslida ishlashini tadqiq etish, hisoblashda, qabul qilingan dastlabki
shartlarni tekshirishning yakunlovchi bosqichi hisoblanib, qurilish konstruksiyalarini
va inshootlarini sinash - mustaqil tarmoqqa aylandi. Hozirgi paytda qurilish
konstruksiyalarini sinash va tadqiq etishlar laboratoriya ilmiy tajribasi doirasidan
tashqariga chiqdi va turli sohadagi muhandis-quruvchilarning amaliy faoliyatlarining
tarkibiy qismi bo‘lib qoldi.
Mamlakatimizdagi seysmik faollik yuqori bo‘lgan sharoitda bunyod
etilayotgan binolar va inshootlarning zilzilabardoshligini ta’minlash masalalari
alohida ahamiyatga ega. Shuning uchun sinov yuklanishining turiga bog‘liq holda
sinovlarning ikki asosiy turi farq qilinadi: statik (statik yuklanish bilan sinash) va
dinamik (dinamik yuklanish bilan sinash). Konstruksiyalar sinash buzmaydigan
usullar bilan ham, buzadigan usullar bilan ham amalga oshiriladi. Buzadigan usullar
bilan sinashda zavod ishlab chiqaradigan konstruksiyalar partiyasidan ajratib olingan
namunalar buzilguncha tanlov sinovlaridan o‘tkaziladi. Konstruksiyalarning
ishonchliligi va chidamliligi bilan bog‘liq aniq masalalarni hal qilish uchun
buzmaydigan nazorat qilish usullari va asboblari — ultratovushli, rentgen,
radiometrik asboblar va mexanik ta’sir ko‘rsatuvchi, shuningdek ayrim boshqa
asboblar yordamida qurilish mahsulotining sifatini nazorat qilish sistemasi muhim
ahamiyatga ega.
5
Konstruksiyalar va inshootlarning yangi turlarini tadqiq etish, qabul qilingan
hisob sxemasini tuzatish va kuchlangan-deformatsiyalangn holatni aniqlash odatda
laboratoriya sharoitida modellar ustda o‘tkaziladi. Hisob-kitob sxemasini, yoriq
paydo bo‘lishi xarakterini va buzilish turini aniqlashtirish uchun 1/20—1/10 haqiqiy
kattalikdagi temirbetonning kichik o‘lchamli modellari sinovdan o‘tkaziladi.
Konstruksiyaning kuchlangan deformatsiyalangan holatini aniqlash uchun shaffof
optik-faol materiallardan tayyorlangan modellar fotoelastiklik usuli bilan sinaladi.
Va, nihoyat, haqiqiy ishni va kuchlangan-deformatsiyalangan holatni aniqlash uchun
1/3—1/5 haqiqiy kattalikdagi yirik masshtabli modellar sinaladi.
Konstruksiyada uni statik va dinamik holatni sinashda yuz berdigan
deformatsiyalar (siljishlar) haqida ma’lumotlar olish uchun turli xil o‘lchov
asboblaridan foydalaniladi. Bu asboblarning vazifasi ko‘chishlarni, o‘zaro siljishlarni,
burilish burchaklarini, bosimni, tebranishlarni va h.k. o‘lchash.
Qurilish konstruksiyalari nazariyasi va amaliyotiga, ularni sinash usullarini
ishlab chiqishga K.S.Abdurashidov, N.N.Aistov, R.I.Aronov, B.A.Asqarov,
A.B.Ashrabov, K.I.Bezuxov, V.Z.Vlasov, A.A.Gvozdev, D.Y.Dolidze, K.S.Zavriyev,
Yu.M.Ivanov,
S.I.Ikromov,
A.A.Ishonxo‘jayev,
A.N.Krilov,
A.G.Komar,
I.L.Korchinskiy, N.N.Maksimov, R.K.Mamajonov, A.M.Muhitdinov, V.V.Mixaylov,
Yu.A.Nilender, M.A.Novgorodskiy, Y.O.Paton, T.R.Rashidov, V.A.Rjevskiy,
S.T.Uzlov, O‘.Fozilov, Sh.A.Hakimov, I.F.Sipenyuk va boshqalar katta hissa
qo‘shdilar. Konstruksiyalarni sinash, sinovlarni o‘tkazish usularini yaratish va
takomillashtirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar VNII jelezobeton, NIIJB,
SNIIOMTP, V.Kucherenko nomidagi SNIISK, TBILNIISM, SNIIEP turar-joy,
UzLITTI (sobiq ToshZNIIEP), FA Mexanika va inshootlar zilzilabardoshligi instituti,
TAQI, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti va boshqa shu kabi tashkilotlarda
bajarilib, ularning materiallaridagi mazkur darslik tuzishda foydalanildi.
|