Konversion marketing – bozorda mahsulot iste’molchilar tomonidan qabul qilinmaganda, xaridor
uni inkor qilganda qo‘llaniladi. Bu marketing turi iste’molchining tovarga bo‘lgan salbiy
munosabatini o‘zgartirishga va bu tovarga qiziqish orqali unga talabni uyg‘otishga harakat qiladi.
Masalan, ilk bor avtomat kir yuvish mashinasi “Vyatka” ishlab chiqarilib sotuvga chiqarilganda
unga talab bo‘lmagan, iste’molchilar esa qanday qilib avtomat ravishda kir yuvishiga ishonch hosil
qilmagani uchun uni xarid qilmaganlar. Bunday sharoitda marketologning vazifasi inkor etilgan
tovarga nisbatan talabni shakllantirishdan iborat. Toshkentning markaziy univermagida 70 - yillarda
bu mashinani ishlash jarayoni iste’molchilarga namoyish etilgan va bunday tag‘ribotdan so‘ng sotuv
hajmi ko‘paya borgan.
Rag‘batlantiruvchi marketing – talabning pasayib ketishida qo‘llaniladi. Sotuvda qo‘llaniladigan
rag‘batlar, narx chegirmalari, reklamaning keng berilishi natijasida talab ko‘tarilishi kutiladi.
Ma’naviy eskirgan tovarlar, mavsumiy tovarlarga shunday tadbirlar qo‘llanadi.
Rivojlanuvchi marketing – yashirin talab darajasida qo‘llanadi. Bunday marketingning vazifasi
yashirin talab darajasini aniqlash, potensial bozor hajmini baholash, samarali tovarlar ishlab chiqib,
yashirin talabni real talabga aylantirishdir. Iste’molchilarning mavjud tovarlardan qoniqmaganlik
darajasini yangi tovarlar va mukammal tovarlar ishlab chiqib real talabni shakllantiriladi.
Remarketing – talabning keskin pasayib ketishi davrida qo‘llanilib, bu marketing tadbirining asosiy
maqsadi pasaygan talabni tiklash. Buning uchun eslatuvchi reklama, mahsulotning yangi
xususiyatlarini ishlab chiqish bajariladi.
Sinxromarketing – mavsumiy tovar va xizmat turlariga talabning o‘zgarishi davrida qo‘llaniladi.
Egiluvchan narxlar, boshqa segment iste’molchilariga o‘tish, sotuvni rag‘batlantirish, mavsumiy
talab tebranishlarini silliqlashga yordam beradi.