11.4.2. Aholi bandligining indikatorlari
Bandlik turmush darajasi va sifatini tavsiflovchi muhim
makroiqtisodiy ko’rsatkichlar jumlasiga kiradi. Bandlik deganda katta
yoshdagi (16 yoshdan katta) mehnatga layoqatli, ish bilan band bo’lgan
aholining soni tushuniladi.
Aholi bandligi muammosi – bu insonlarni mehnat faoliyatiga jalb
etish muammosi va ularning mehnatga bo’lgan ehtiyojlarini ish o’rinlari
bilan qanoatlantirish darajasi. Lekin barcha mehnatga layoqatli aholi ham
ish bilan ta’minlanmagan, ishsizlar ham mavjud. Aholi bandligi
to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq o’zlariga bog’liq bo’lmagan
158
sabablarga ko’ra ish o’rni va ish haqi (mehnt daromadi) bilan
ta’minlanmagan, davlat bandlik xizmatlarida ish qidiruvchi sifatida
ro’yxatga olingan, mehnat qilishga qodir va tayyor bo’lgan va ularga
mazkur xizmat munosib ishni taklif qilmagan fuqarolar tan olinadi. Ya’ni
pensiya yoshiga etmagan, o’zlariga bog’liq bo’lmagan sabablarga ko’ra
ish haqidan mahrum bo’lgan va mehnatga layoqatli aholining faqat
bandlik xizmati ularni ish bilan ta’minlamagan qismi ishsizlar
hisoblanadi.
Ishsizlik ish bilan ta’minlanmagan va uni qidiruvchi katta yoshdagi
mehnatga layoqatli aholining soni sifatida tavsiflanadi. Bandlar va
ishsizlarning umumiy soni ishchi kuchini tashkil qiladi. Ishchi kuchi
mehnat qilishga qodir bo’lgan va mehnat qilayotgan, uy xo’jaligi bilan
shug’ullanuvchi, mustaqil ishni malga oshiruvchi, ish qidiruvchi barchani
o’z ichiga oladi. Bunga yoshi bo’yicha ishlab chiqarishga (yoki mehnat
faoliyatiga) kirishmagan (bolalar) yoki yoshi bo’yicha undan chiqqan
(pensionerlar) shaxslar, shuningdek ta’lim olayotgan yoshlar (o’quvchilar,
talabalar), nogironlar va harbiy xizmatchilar, bir so’z bilan aytganda,
ishlay olmaydigan va ishlashi shart bo’lmagan, shuningdek ish
qidirmagan shaxslar kirmaydi.
Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, barcha mehnatga layoqatli
aholining bandligini ta’minlashning iloji yo’q. Chunki ayrimlar ishchi
kuchiga qo’shiladi, boshqalari undan chiqadi, uchinchilari esa ishdan
bo’shatiladi yoki o’zlari bo’shaydi, to’rtinchilari ish qidirish jarayonida
bo’ladi, ishchi kuchining normal harakatlanishi yuz berib, bunda ularning
bir qismi qandaydir vaqtga ishsiz qoladi. Masalan, AQShda barcha ishchi
kuchining 1/5 qismi har yili ishini almashtiradi.
Bandlik stiklli ishsizlik mavjud bo’lmagan taqdirda to’liq bo’lib
qoladi: to’liq bandlikni ta’minlash uchun frikstion va tarkibiy ishsizlik
hisobga olinmaydi.
Demak, to’liq bandlik ishsizlikning mavjud emasligini anglatmaydi.
G’arb adabiyotida to’liq bandlik sharoitida ishsizlikning tabiiy darajasi
frikstion va tarkibiy ishsizlik yig’indisiga teng deb qabul qilinishi bejizga
emas.
Ishsizlikni
hisoblab
chiqish
uchun turli ko’rsatkichlardan
foydalaniladi, lekin ishsizlik me’yori umumiy qabul qilingan, shu
jumladan Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan ko’rsatkich
hisoblanadi. U ishsizlar umumiy sonining ishchi kuchiga foiz hisobida
ifodalangan nisbati sifatida belgilanadi. G’arb iqtisodchilari ishsizlikning
5-6 foiz chegarasidagi tabiiy darajasini normal va muqarrar holat deb
159
hisoblashadi. Agar ishchi kuchining bandligi 94—95 foizni tashkil qilsa,
bu hol mehnatga layoqatli aholining to’liq bandligiga erishilganlikni
anglatadi.
Bozor iqtisodiyotiga o’tishda bandlik muammosiga nisbatan
qarashlar tubdan o’zgaradi. Insonning ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok
etish majburiyati bilan mustahkamlanadigan barcha mehnatga layoqatli
aholining umumiy bandligi mafkurasi o’rniga bandlikning shakli va turini
erkin tanlash konsepsiyasi keladi, ya’ni har bir inson ish o’rni va mehnat
faoliyatining turini erkin tanlashga va unda ishtirok etish to’g’risida qaror
qabul qilishga haqli.
O’zbekiston Respublikasining bandlik to’g’risidagi qonun
hujjatlarida shu narsa nazarda tutilganki, mamlakatning har bir fuqarosi
ijtimoiy foydali faoliyatning qonun hujjatlariga zid bo’lmagan istalgan
turini ixtiyoriy ravishda tanlashga, ish o’rni va turini erkin tanlashga
haqli, ya’ni mehnat qilishning ixtiyoriyligi demokratik tamoyili amal
qilmoqda. Insonlarni mehnat qilishga ma’muriy majburlash taqiqlanadi.
Hozirgi vaqtda kasanachilik, uy xo’jaligi, bolalarni tarbiyalash, qariyalar
va nogironlarni parvarish qilish va hokazolar mehnat faoliyatining
qonunan ijtimoiy tan olingan shakllari sifatida namoyon etilgan.
Teng foydalanish imkoniyati tamoyillari asosida o’rindoshlik
bo’yicha ishlash, vaqtinchalik ish, bandlikning vaqtinchalik shakllari,
o’zgaruvchan grafik bo’yicha ishlash o’rin tutishi kerak.
Mehnatni tashkil qilish turli shakllarining ahamiyati shundan
iboratki, ularning erkinligi, moslashuvchanligi bozor iqtisodiyotining ruhi
va tamoyillariga mos keladi.
Aholining bandligi to’g’risidagi qonun hujjatlari mehnat qilish
huquqi kafolatlari majmuini va insonlarga, ularning kasbi, staji, yoshi va
yashash joyini hisobga olgan holda, mos ishni taklif etish chora-
tadbirlarini nazarda tutadi.
Bandlikni davlat yo’li bilan tartibga solish jahon tajribasiga to’xtalib
o’tamiz. Sanoati rivojlangan mamlakatlarda ishsizlarga ijtimoiy
yordamning turli xillaridan, shuningdek turli xildagi subsidiyalardan keng
foydalaniladi.
Bandlik sohasida indikativ rejalashtirish orqali davlat yo’li bilan
tartibga solishning ta’siri quyidagi asosiy yo’nalishlar bo’yicha amalga
oshirilmoqda:
1) bandlikning o’sishini rag’batlantirish va davlat sektorida ish
o’rinlari sonini oshirish dasturlari;
2) ishchi kuchini tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlari;
160
3) ishchi kuchini yollashga ko’maklashish dasturlari.
Davlat subsidiyalari bilan qisman bandlik yoki to’liqsiz ish haftasi
bilan ishlash kabilar rag’batlantiriladi.
Ishsizlik darajasini pasaytirish maqsadida “muddatdan oldin”
pensiyaga chiqish amaliyoti qo’llanilmoqda. Masalan, AQShda 1980-
yillarda pensiya oldi yoshidagi shaxslarni 23 foizi uchun mehnat faolligi
davri qisqartirildi. Angliyada muddatdan oldin pensiyaga chiqish
hisobidan 750 ming ish o’rni barpo etildi. Ijtimoiy yordam haqida
to’xtaladigan bo’lsak, u bir necha yo’llar bilan amalga oshiriladi: ishsizlik
bo’yicha nafaqa, moddiy yordam.
Bandlikni ro’yxatga olish bir necha darajada amalga oshiriladi:
- umumdavlat darajasi, bunda jamiyatning dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy
vazifalari hal etilib, qabul qilinadigan qarorlarning aksariyati u yoki bu
darajada bandlikda o’z aksini topadi;
- mahalliy hokimiyat vakolatlari va tegishli byudjetlar imkoniyatlari
doirasida bo’lgan mintaqaviy daraja, unda mehnatni tartibga solish, shu
jumladan, xodimlarning ommaviy bo’shatilishining oldini olish,
ishsizlarga ijtimoiy yordam berish masalalari bo’yicha qarorlar qabul
qilinadi;
- mahalliy daraja, bunda mehnat bozori subyektlari, muayyan
shaxsning ish beruvchi, Bandlik markazi, mahalliy ijroiya hokimiyat
organlari bilan o’zaro hamkorligi amalga oshiriladi.
Barcha darajalarda tartibga solish ijtimoiy yo’naltirilgan bozor
iqtisodiyotining umumiqtisodiy konsepsiyasi asosida amalga oshirilishi
kerak.
Mehnat bozorida vaziyatning yomonlashuvi mahalliy qonun
chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, bandlik xizmatlaridan
mehnat bozoridagi ekstremal sharoitda aholining bandiligini ta’minlash
yuzasidan qo’shimcha chora-tadbirlar qabul qilishni talab qiladi.
Quyidagilar shular jumlasidandir:
- ijtimoiy keskinlikka barham berish yuzasidan shoshilinch qisqa
mudatli tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish;
- xodimlarni ommaviy tarzda ishdan bo’shatayotgan korxonalar va
tashkilotlarning moliyaviy ahvolini ekspertiza qilish;
- xodimlarni ommaviy tarzda ishdan bo’shatish jarayonini to’xtatish
yoki uni bosqichma-bosqich amalga oshirish;
- ijtimoiy mehnatlar ko’lamini oshirish;
- qayta tashkil qilish va tugatish tadbirlari o’tkazilayotgan davrda
korxona xodimlarini o’qitish va qayta tayyorlashni tashkil qilish.
|