2-§. Sud-ballistik ekspertizasining vujudga kelish tarixi
O‘qotar qurollar, jangovar o‘q-dorilar va ularni ishlatish izlarining
sud ekspertizasi, ushbu ekspertizalarning maxsus obyektlari, ularni
tadqiq etish jarayonidagi tadqiqotlarda hal etiladigan kriminalistik
vazifalarning turlariga mos holda kriminalistika fanida shunday deb
atalgan. Ekspertizalarning ushbu turini an’anaviy ravishda
sud-ballistik
ekspertizasi
deb ham ataydilar. «Ballistika» atamasi grekcha
«ballo»
—
otaman, uloqtiraman so‘zlaridan olingan. Harbiy sohada «ballistika»
atamasi o‘qotar quroldan otilgan snaryad (o‘q)ning harakati haqidagi
fanni ifodalaydi. Bu atamani ana shu ma’noda fransuz olimi Maren
Mersenn 1644- yili birinchi bo‘lib qo‘llagan edi. Ammo, ballistika
tushunchasi nafaqat snaryadlarning harakat qonunlariga, balki, otiluvchi
vositalarga ham taalluqlidir. Eramizdan avvalgi 287 — 212-yillarda
yashab o‘tgan Arximed ixtiro qilgan qadimgi otiluvchi qurolini ham
«ballista»
deb atagan1. Zamonaviy otiluvchi vositalar va ularning o‘q-
dorilariga o‘qotar qurollar va jangovar o‘q-dorilar tegishlidir va shuning
uchun ushbu vositalarning kriminalistik tadqiqotini sud-ballistik
ekspertizasi deb nomlash mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.
Sud ballistikasi — kriminalistik texnikaning o‘qotar qurollar va
jangovar o‘q-dorilarning belgilari, ularni ishlatish izlarining hosil bo‘lish
qonuniyatlarini o‘rganuvchi, ushbu obyektlarni, o‘qotar qurollarni
ishlatish, ularni qonunga xilof ravishda saqlash, olib yurish, tayyorlash
va o‘zlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni ochish va tergov
qilishda daliliy ashyolar va namunalar sifatida olish, yig‘ish va tadqiqot
qilish uchun vosita va usullar ishlab chiquvchi, shuningdek, bu kabi
14
jinoyatlarning oldini olish borasida taqdimnomalar ishlab chiquvchi bir
bo‘limidir.
Obyektlarning o‘qotar qurollar, jangovar o‘q-dorilar va ularni
ishlatish izlarining o‘ziga xosligi sud ballistikasini kriminalistik
texnikaning bir sohasi yoki bo‘limi sifatida vujudga kelishini shart qilib
qo‘ydi. Ushbu sohaning o‘ziga xos yo‘nalishlari mavjud va ular
quyidagilardan iborat:
— o‘qotar qurollar, jangovar o‘q-dorilar va ularni ishlatish izlari
belgilarining vujudga kelishi va o‘zgarishi qonuniyatlarini o‘rganish;
— ushbu obyektlarni daliliy ashyo sifatida aniqlash, qayd etish, olish
va tadqiqot etishning qoida va usullarini ishlab chiqish;
— o‘qotar qurollar va jangovar o‘q-dorilar, ularga o‘xshash
buyumlar, ularning alohida qismlari va ishlatish izlarini jinoyatlarni
ochish va tergov qilish maqsadida kriminalistik tadqiq qilish vosita, usul
va metodikalarini ishlab chiqish;
— o‘qotar qurollarning ishlatilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning sodir
etilishiga yengillik yaratgan sharoitlarni aniqlash maqsadida ekspertiza
amaliyotini o‘rganish va umumlashtirish hamda ushbu sharoitlarni
bartaraf etish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Sud ballistikasining predmeti sifatida o‘qotar qurollar va jangovar
o‘q-dorilar hamda ularga o‘xshash buyumlar bilan birga tadqiqot qilishda
yana o‘qotar qurollar va jangovar o‘q-dorilarning alohida moddiy
qismlari va o‘q tegishidan hosil bo‘lgan jarohatlar ham tadqiq qilinadi.
Bu sud ballistikasining predmetini yanada to‘laroq aniqlashga imkon
beradi.
Sud ballistikasining vujudga kelishi ijtimoiy-tarixiy va ilmiy-texnik
sharoitlar bilan bog‘liq. Kishilik jamiyatining muayyan bir bosqichida
o‘qotar qurol deb ataluvchi texnik vosita yaratilgan va bu vosita nafaqat
harbiy harakatlar va ov qilishda, balki noqonuniy tarzda, ya’ni jinoyat
quroli yoki jinoyat sodir etish vositasi sifatida ham qo‘llanilgan.
Tabiiyki, buning oqibatida, o‘qotar qurol ishlatib sodir etilgan
jinoyatlarga qarshi kurashish zaruriyati kelib chiqqan. Bu kabi
jinoyatlarning miqdoriy miqyosi, shuningdek, ularning xavflilik
darajasining baholash bilan bog‘liq, turli davlatlarda turli vaqtlarda
ularning oldini olish, bartaraf etish maqsadida ularga nisbatan huquqiy
hamda texnik chora-tadbirlar ko‘zda tutila boshlangan.
Ballistika sohasidagi bilimlariga bo‘lgan talab o‘qotar qurollar ixtiro
qilingan vaqtlardayoq kelib chiqqan, chunki qurollar ixtiro qilinishi bilan
15
birga badanga ehtiyotsizlik natijasida va qasddan shikast yetkazish
hollari vujudga kela boshlagan.
1835-yilda Bou-strit-rannerlar (Bou-strit izquvarlari)dan biri Genri
Goddard qotilni aniqladi. Jabrlanuvchiga tekkan o‘qda Goddard turtib
chiqqan g‘alati bo‘rtiqni aniqladi, ana shu belgilangan o‘q bilan u
jinoyatchini qidirishga tushdi. Gumon qilinuvchilardan birining uyida
Goddard qo‘rg‘oshin o‘q tayyorlovchi qolipni topib oldi, bu qolipda
o‘qdagi bo‘rtiqqa mos keluvchi chuqurcha bor edi. Ushbu qolipning
hayratda qolgan egasi qotillikni sodir etganligini bo‘yniga oldi.
Bu o‘q bilan bo‘lgan tasodifiy hodisa Goddardga muvaffaqiyat
keltirdi. Goddardda bo‘lib o‘tgan voqea asosida qandaydir metod yoki
tizimni ishlab chiqish niyati yo‘q edi. Ammo uning qilgan ishi birinchi
bo‘lib o‘qdan shu o‘q otilgan qurolni izlab qotilni topishda birinchi
urinishni amalga oshirgan edi. Goddard o‘zi bilmagan holda XX asrning
birinchi yarmida bir necha avlodlar hayoti davomida o‘qotar qurol
ishlatib sodir etilgan jinoyatlarni ochish uchun turli ilmiy metodlar va
tizimlar ishlab chiqqan va yaratgan, ko‘plab politsiyachilar, qurolsozlar,
haqiqiy tadqiqotchilar va firibgarlarning o‘ziga xos ustoziga aylangan
edi. Ana shu bilimlar keyinchalik o‘qotar qurollar bo‘yicha fanga yoki
sud ballistikasi faniga aylangan.
Genri Goddardning omadi kelganidan so‘ng bir necha o‘n yillar
o‘tdi. U davrda ballistika sohasidagi barcha yutuqlar faqat tasodifiy
natijalardan iborat bo‘lgan. Ochilgan jinoyatlar aniq tadqiqotlar
natijasida emas, balki tasodif tufayligina edi. Lekin 1889-yilda bu soha
bilan Lion universitetining sud-tibbiyot bo‘yicha professori Lakassan
jiddiy shug‘ullana boshladi. Professor murdaning tanasidan o‘qni
chiqarib oldi va tekshirish davomida yetti dona bo‘ylama hoshiyalarni
aniqladi. Bu o‘q gumon qilinuvchilarning birini uyidan topilgan revolver
bilan bir xil kalibrda edi. Lakassan o‘q ushbu revolverdan otilgan
bo‘lishi mumkin degan fikrda o‘zi aniqlagan yetti dona bo‘ylama
hoshiyalarni yanada diqqat bilan tekshirishga tushdi.
XX asrda qurollar stvol kanalining tuzilishida o‘zgarishlar vujudga
kelgan edi. Deyarli barcha qurolsozlar agar qurol stvoli kanalida
bo‘ylama hoshiyalar yoki maxsus ariqchalar – narezlar o‘yib chiqilsa,
qurolning o‘qni uzoqqa otishini bilar edilar.
Har bir qurolsoz yoki qurol fabrikasining egasi o‘zining
konstruksiyasiga ega bo‘lgan. Ba’zi qurollarda beshta, ba’zilarida oltita
yoki to‘rtta narezlar bo‘lgan, narezlarning o‘lchamlarida, ularning
16
orasidagi masofalarda, kengligida ham farqlar xilma-xil va turlicha edi.
Lakassan o‘qlarni tekshirayotgan vaqtda bu farqlar haqida hech kim
hech narsa bilmas edi. Lakassan bu izlar qurol stvolidagi narezlardan
qolgan degan to‘g‘ri fikrga keldi. Keyinchalik unga gumon
qilinuvchilardan olingan qurollarni keltirishganda, u stvol kanalida
yettita narezi bo‘lgan revolverni aniqladi. Narezlar soni o‘zaro mos
kelgani uchun bu revolver egasi qotil deb topilgan. Lekin hali bu to‘g‘ri
xulosa degani emas edi, chunki yettita ariqchali revolverlar ko‘pchilikda
bo‘lishi mumkin edi.
Yana bir necha o‘n yillar ichida o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar
muammolari bilan turli mamlakatlarda turli olimlar shug‘ullana
boshladilar. Jumladan Berlinda Paul Yezerix, o‘qlardagi izlarni
fotosuratlar yordamida solishtirib tekshirdi, Amerikada Oliver Uendell
Xolms, o‘qlarni mikroskop ostida tekshirib ko‘rishga ruxsat bergan
yuristlardan birinchisi edi. Leypsigda Rixard Kokkel o‘qlardan quyma iz
olib tekshirishni taklif qilgan. Yana o‘n yil o‘tib fransuz tibbiyot
professori Baltazar o‘qotar qurolning izlari nafaqat o‘qlarda, balki
gilzalarda ham qolishini e’lon qildi. Shunday qilib, kriminalistikada
yangi bo‘lim paydo bo‘la boshladi.
Quyida ballistika tarixida o‘ziga xos rol o‘ynagan bir misolni
keltiramiz. 1915-yilning 22-martida Nyu-York shtatining Uest-Shelbi
qishlog‘ida ikki kishi o‘ldirildi, bulardan biri fermer Charlz Felps va
uning uy ishchisi Margaret Uolkot edi. Murdalarni shu ferma ishchisi
Charlz E.Stilou ko‘rib qoladi va qaynisi Nelson Grinni sherifga xabar
berish uchun yuboradi. Voqea joyiga yetib kelgan sherif Chester Bortler
va keyinchalik bu ishni olib borish topshirilgan detektiv Nyutonlar xato
ravishda Grin va Stiloularni qotillikda aybladilar, chunki ulardan arzon
revolver, vintovka va sochma o‘q otuvchi qurol topib olingan edi. Yana
bu qurollarning barchasi 22 kalibrli qurollar edi. Bir necha kunlik turli
qiynoqlar bilan davom etgan so‘roqdan keyin Grin va Stilou aybni tan
oladilar. Ishda yana bir dalil — murdalardan olingan o‘q ham bor edi.
Ana shu davrda jinoiy ishni olib borishga o‘sha davrning mohir eksperti
Albert Gamilton qo‘shiladi. Gamilton o‘sha vaqtda turli xil fanlar bilan
shug‘ullanar va ancha mashhur odam edi. U o‘qlarni tekshirib chiqib,
murdalardan olingan o‘qlar Charlz E.Stilouning revolveridan otilgan
degan xulosaga keldi va so‘zlarini isboti tariqasida fotojadval ilova qildi.
Shundan so‘ng sud gumon qilinuvchi Charlz E. Stilouni o‘lim jazosiga
hukm qildi va u Sing–Sing turmasiga jo‘natildi. Ammo turmada uni
17
omadi keldi. Turma boshlig‘ining muovini Spenser Miller u bilan qiziqib
qoldi va bu haqda o‘lim jazosini bekor qilish uchun kurashuvchi
tashkilotga xabar berdi. Bu tashkilot Stilouning ishi bilan shug‘ullanib
ajoyib xabar topib keldi, o‘g‘rilikda ayblanayotgan King i O‘Konel ismli
ikki daydi voqea sodir bo‘lgan kuni Uest–Shelbi qishlog‘ida
bo‘lganligini tan oldilar. Keyinchalik King o‘zi O‘Konel bilan birga
qotillikni qilganligini bo‘yniga oldi. Ayblovchi, sherif Bartlet va detektiv
Nyutonlar yana bir marta Kinni so‘roq qildilar va u o‘z aybini yana tan
oldi. Shundan so‘ng sud ishini qayta ko‘rib chiqish uchun maxsus
komissiya tuzildi va advokat Djordj Bond unga boshliq etib tayinlandi,
Bond esa o‘ziga yordamchi qilib yana bir mohir huquqshunos Charlz
Ueytni tanladi. Uayt jinoyat ishiga qo‘shilgan qurollar va o‘qlarni
tekshirib ko‘rish uchun Nyu–York politsiyasi xodimi kapitan Djonsdan
yordam so‘radi. Djons ko‘p yillar davomida o‘qotar qurollar bilan
ishlagan mutaxassis edi. Djonsdan dastavval Stilouning qurolidan
qachon oxirgi marta o‘q otilganligini aniqlashni so‘radilar. Djons qurolni
tekshirib undan 3–4 yildan beri umuman o‘q otilmaganligini aytdi. Keyin
qurollardan eksperimental o‘q otib ko‘rildi va murdalardan otilgan o‘qlar
bilan solishtirildi hamda ularda har xil farqlar (narezlar soni, o‘lchamlari,
ular orasidagi masofa va hokazolar) aniqlandi. So‘ng Bond va Uaytlar
Charlz E.Stilouni aybsiz deb e’lon qildilar.
Charlz Ueyt CH.E.Stilouning ishidan keyin ballistika sohasidagi
xatolarni ilmiy jihatdan bartaraf qilish ustida bosh qotira boshladi.
1920-yilning boshida Uayt Springfilddagi «Smit va Vesson»
qurolsozlik korxonasiga keldi va yasalayotgan qurollarning tuzilishidagi,
tayyorlanish vaqti, kalibri, har turdagi qurollarning soni, narezlarning
egrilik darajasi va ular orasidagi masofalar hamda o‘q-dorilar haqida
aniq ma’lumotlar so‘radi. Uayt Springfilddan bir quti hujjat bilan jo‘nab
ketdi. Shu tariqa Uayt Semyuel Koltning zavodidan ham hujjatlar olishga
erishdi. 1922-yilda Ueyt Amerikada ishlab chiqarilgan qurollar haqida
aniq hujjatlarga ega bo‘ldi. Endi Uayt qaysi o‘q qanday kalibrli va qaysi
tizimdagi quroldan otilganligini aytib bera olar edi. Ammo keyinchalik
Amerikada Yevropadan keltirilgan qurollar ham juda ko‘pchilikni tashkil
qilishi ma’lum bo‘lgandan keyin Uayt endi Yevropa mamlakatlarida
ishlab chiqarilgan qurollar haqida ma’lumotlar yig‘ish uchun Yevropa
bo‘ylab safarga otlandi. Avstriyada Uayt ajoyib bir yangilikka ega bo‘ldi,
avstriyalik qurolsoz-muhandis unga har bir qurol o‘zaro bir-biridan farq
qilishini, bu farqlarni mikroskop ostidagina ko‘rish mumkinligini aytadi.
18
Uayt ilgari mikroskop bilan ishlamagan edi. U endi mikroskopning
ahamiyatini tushunib yetadi va Rochesterga Maks Pozer ismli
mikroskoplar bilan shug‘ullanuvchi mutaxassisning oldiga keladi. Uayt
undan eng yaxshi mikroskopni olmoqchi edi. Lekin uning bir o‘ziga bu
ishlar qiyinlik qilganligi uchun Djon X. Fisher va Filipp O. Greyvell
ismli ikki yordamchi oladi. Ularning ikkovi ham hech bir ish haqi olmay
Uayt bilan ishlashga rozi bo‘ladilar. Natijada Nyu-Yorkda Sud-ballistika
byurosi — dunyoda birinchi bor shu turdagi muassasa vujudga keladi.
Aynan ana shu byuroda 1925-yilda Greyvell taqqoslash
mikroskopini yaratdi. Ueyt o‘ziga uchinchi yordamchi — Kalvin
Goddardni topganida ballistika ancha rivojlangan edi. Goddardga esa
Uayt boshlagan ishni Amerika kriminalistika fanida yetakchi o‘ringa olib
chiqish oldindan belgilangan edi. Uaytning o‘limidan keyin Goddard,
Djon Fisher va Filipp Greyvelllar ballistika uchligi degan nom bilan
tarixga kirdilar. Keyinchalik universitet qoshida jinoyatlarni tekshirish
ilmiy laboratoriyasi deb atalgan institut tashkil qilindi va Kalvin Goddard
uni direktori etib tayinlandi. Bu institut asosan ballistika metodlari bilan
o‘qotar qurol bilan sodir etilgan jinoyatlarni tekshirar edi.1934-yilda
Vashingtonda qotilliklarni tekshirish federal byurosi (FBI) qoshida Sud-
ballistika instituti ochildi.
Yevropada ballistikaning rivojlanishi Pyer Medinje (Lyuksemburg),
doktor G.de Reshte va podpolkovnik Maje (Belgiya)lar nomi bilan
bog‘liq. Bundan tashqari professor Baltazar, Lokar (Fransiya), Gulst Van
Ledden Gulzebosh (Gollandiya), Georgiadis (Gretsiya), Matveyev va
Zuskin (Rossiya), Sobolevskiy (Polsha), Avgust Bryuning, doktor Kraft,
Fridrix Petruski, Vaysenegger, Otto Metsger (Germaniya)lar ham
ballistika rivojiga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Yevropada ballistika
sohasining rivojiga katta hissa qo‘shgan yana bir mutaxassis bu Robert
Cherchill edi. U o‘zi qurolsoz bo‘lgani uchun katta tajribaga ega bo‘lgan.
Taqqoslash mikroskopining ahamiyatini yaxshi tushungan Cherchill
Amerikaga borib Goddard bilan shaxsan uchrashadi. O‘sha vaqtda
Cherchillning o‘z taqqoslash mikroskopi bor edi. Ammo Goddard bilan
uchrashganidan keyin mikroskop takomillashtirildi. So‘ng mikroskop
Londonga keltirildi, u yerdan esa butun Yevropa bo‘ylab tarqaldi.
Keyinchalik ba’zi mamlakatlarda ballistika sohasida alohida bo‘limlar
tashkil qilindi. Ana shu tariqa kriminalistika fanida alohida yangi bir
bo‘lim ochildi.
Dostları ilə paylaş: |