www.ziyouz.com kutubxonasi
114
«Sen ularning hammasini qo’y!.. Hozir shu soat bizning diniy bilimlarni o’rganish
soatimiz...», – deymiz.
Shunday dasturni yo’lga qo’yamiz, intizomli inson bo’lamiz!.. Bolalarimizni yaxshi voyaga
yetkazganimizda, Alloh taolo hazratlari daftarimizni qoraytirmaydi.
Hammamiz ham bir kun kelib bu dunyodan o’tamiz. O’tgan yil oramizda bo’lganlar bu yil
yo’q. Kelgusi ramazonga yo yetamiz, yo yetmaymiz. Alloh imon ila o’tishni nasib
aylasin... Orqamizdan daftarimizni naslimiz davom ettiradi. Bolalarimiz bo’lmasa, bizning
holimiz nima kechadi?.. Ular bizning orqamizdan duoi xayr qiladilar, Qur’on o’qitadilar,
xatm tushiradilar, sadaqa beradilar... O’zlari ham namoz o’qib, Qur’on tilovat qilib,
tasbeh o’girib, hajga boradilar!.. Ularni chiroyli tarbiyalab ulg’aytirsak, Alloh bizning
daftarimizga doimiy savob yozaveradi.
Bir narsa esimga keldi: hozir men ro’za bilan bog’liq hadisi shariflarni o’qigunga qadar,
ko’nglimda paydo bo’lgan narsa, taxmin qilamanki, sizning ham ichingizda paydo bo’ldi:
«Ey voh, Allohim!.. Yana shu ramazonni yaxshi o’tkazolmadik... Yana Rabbimizga loyiq
bir ibodat qilolmadik... Koshki yana bir oz g’ayrat qilsam, yana bir oz harakat qilsam edi.
Ro’zador bo’lishning savobi qanchalik qiymatli emish!..» – deydi inson... Bu narsalarni
o’qish-eshitish bilan shunday deydi. E’tikofga bog’liq narsani o’qishi bilan «Koshki men
ham e’tikofga kirgan bo’lsaydim! Toki haj va ikki umra savobi yozilsa edi. O’n kun
tishimni tishimga bosardim, o’sha savobga erishardim», – deydi. Ammo o’tib ketdi, endi
ramazon tugadi, bunga imkon qolmadi.
Umrni ham shunga qiyos qilsak bo’ladi.
– Ajabo, umrimning so’nggida holim nima kechadi?..
O’tgan umriga hamma pushaymon bo’ladi. Oxirgi nafasda yaxshilar ham, yomonlar ham
pushaymon bo’ladi... Namoz o’qigan, e’tikofga kirgan, ro’za tutgan, Qur’on o’qigan
musulmonlar «Oh, koshki biroz yana g’ayrat etsaydim!» – deya nadomat chekadilar.
«Ey, Alloh, koshki shu bo’sh, bekorchi narsalarga bog’lanmagan bo’lsaydim... Koshki edi
doim har onimni Alloh taolo hazratlarining rizosi yo’lida sarf qilgan bo’lsaydim», – bular
umrimiz oxirida tuyajak tuyg’umizdir.
Shu uchun, vaqtimizni unumli o’tkazishga harakat qilaylik. Bir lahzamiz ham bekor
o’tmasin... Yo zikr qilamiz; qalblarimizdan, ichimizdan «Alloh» deymiz, «La’ ila’ha
illalloh» deymiz, «La’ havla va la’ quvvata illa’ billa’h» deymiz, «Subhonalloh» deymiz,
«Alhamdulilloh» deymiz, «Allohu akbar» deymiz!.. Hadislarda ham bularga ishorat
etilgan. Yo ilm o’rganamiz, o’rgatamiz; yo bir xayrli ishni bajaramiz!.. Yo xasta
ziyoratiga boramiz, yo birovga yordam beramiz, xizmatiga bel bog’laymiz!.. Keksalarga
hurmat ko’rsatamiz, kichiklarimizni izzat qilamiz, ularni tarbiyalab, yetishtirishga g’ayrat
qilamiz!..
Xullas, vaqtimizni bekor o’tkazmaymiz, Chunki har bir o’tgan vaqt uchun bir hasrat,
nadomat bo’ladi!.. U hasratning qanday bo’lishini hozir totib ko’rdingiz. Ramazon
tugaganidagi kabi, umrimizning so’nggida ham u hasrat bo’ladi. Shu uchun bu omonat
umrni mumkin qadar Alloh rizosi yo’lida o’tkazishga intilaylik!..